12:59 / 17.02.2020
4 278

Oltinsoy voqeasi: IIV Rossiyada yurgan fuqaroni ham aybladi, aholi esa tuman IIB boshlig‘i odamlarga qo‘l ko‘targanini ta’kidlamoqda

Oltinsoy voqeasi: IIV Rossiyada yurgan fuqaroni ham aybladi, aholi esa tuman IIB boshlig‘i odamlarga qo‘l ko‘targanini ta’kidlamoqda
15 fevral, shanba kuni, ijtimoiy tarmoqlarda IIB xodimlari va aholi o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘lgani haqidagi video tarqaldi. Videoda ta’kidlanishicha, aholi va IIB xodimlari o‘rtasidagi mojaro Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanidagi «Xalqobod» mahallasida sodir bo‘lgan. «Daryo» muxbiri voqea tafsilotlarini bilish maqsadida Oltinsoy tumanida bo‘ldi.

Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanidagi voqeada viloyat IIB ayni kunda Rossiyada yurgan fuqaro — A’zam Toshovni ham xodimlariga tajovuz qilishda ayblagan (avvalroq respublika IIV tomonidan e’lon qilingan bayonotda ham A.Toshev ismi qayd etib o‘tilgan edi). Bu haqda «Daryo» muxbiri bilan suhbatlashgan oltinsoyliklar ma’lum qilmoqda.

«Eng kulgilisi, viloyat IIB mazkur voqea yuzasidan fikr bildirganda xodimlariga tajovuz qilganlar orasida A’zam Toshov borligini ham yozgan. Holbuki, A’zam Toshov ayni kunlarda Rossiyada ishlab yuribdi», — deydi xalqobodliklar.

«Xalqobod» mahalla hududidagi sug‘oriladigan ekin maydonlaridan noqonuniy uy-joy qurib olgan aholining ma’lumot berishicha, uy-joy qurib olgan yerlari haqiqatan ham fermer xo‘jaligi yeri bo‘lgan.

«Bu yerlarni 2008 yil fermerdan olgandik, — deydi Sunbula Davlatova. — 2016 yil uy qurish uchun poydevorini qurdik. Ammo hokimiyat vakillari buzib tashlashdi. 2018 yilga kelib o‘sha yerdan yana uy qurdik. Ammo bizga kadastr qilib berishmadi».

Qishloq ahlining ta’kidlashicha, Prezident farmoniga ko‘ra 2019 yil 1 maygacha davom etgan aksiya davrida ham mazkur xonadon egalariga kadastr hujjati berilmagan.

Aholi noqonuniy turar joylar 2018 yil qurilganini aytsa, Oltinsoy tuman hokimligi axborot xizmati «Xalqoboddagi turar joylar aksiya muddati tugagandan keyin qurib olingan» deyapti.

«2018 yil qurilgan uyimizning kadastr hujjatini olish uchun ko‘p harakat qildik, ammo bizga kadastr qilib berishmadi-da», — deydi Sunbula Davlatova.

Fotima Mirzayeva (o‘ngda)
Foto: «Daryo»

Ma’lum qilinishicha, tuman rahbarlari 2020 yil 8 fevral kuni noqonuniy uy-joy qurib olgan xonadon vakillari yoniga kelib, uyni bir kunda bo‘shatishlari lozimligini ta’kidlagan. Va 9 fevral kuni uy-joylari buzilishini ma’lum qilgan. Ammo uyni buzish harakatlari 14 fevral kuni boshlangan.

«14 fevral kuni 5 ta xonadonni buzish uchun juda ko‘p IIB xodimi keldi, — deydi qishloq ahli «Daryo» muxbiri bilan suhbati davomida. — Xodimlarning barchasi ham formada emasdi. O‘sha kuni aholiga qo‘l ko‘targanlar orasida fuqaro kiyimidagilar ham bor edi. 3 nafar ayolning mazasi qochib qoldi. 1 kishini urib boshini yorishgani uchun Termiz shahridagi shifoxonada davolanyapti».

«Meni 10 metr joygacha sudrab borishdi, — deydi 53 yoshli Fotima Mirzayeva. — Rosa urishgach, hushimdan ketganman. Odamlar himoya qilishgan. Qo‘llarim va oyoqlarim ishlamayapti. Kelinimni ham sudrashdi. Axir o‘sha xodimlarning onasi tengi ayol bo‘lsam, menga shunday qilishgani insofdanmi?»
Fotima Mirzayevaning kelini Zargul Xolmurodova uni avtobusga majburlab chiqarishganini aytmoqda.

Zargul Xolmurodova (o‘rtada)
Foto: «Daryo»

«Erim va qaynonamni sudrashgach, ularni qutqarish uchun men ham ularning yoniga bordim, — deydi Zargul Xolmurodova. — Meni ham sudrab ketishdi. Homilador ekanligimni aytishimga qaramasdan, ko‘tarib avtobusga tiqishdi. Avtobusda yosh bolalar ham bor ekan. Avtobus yurgach, yig‘lab ahvolimni tushuntirishga harakat qildim. Shunda yarim yo‘lga yetganda tashlab ketishdi.

71 yoshli G‘affor bobo Mirzayevning ma’lumot berishicha, 14 fevral kuni aholi yashayotgan uyni buzishga kelganlar aholi noroziligi sabab avval ortga qaytgan. Bir soat o‘tar-o‘tmas yana ko‘pchilik bo‘lib buzishga kirishgan. Va aholining keskin qarshiligiga duch kelgan.

«Dastlab buzmang, deganimizdan so‘ng texnikalarni ortga qaytarishdi, — deydi G‘affor bobo Mirzayev. — Bir soat o‘tar-o‘tmas esa 5 ta mashina 15 ta mashinaga aylanib, uylarni buzishga kirishdi. Shunda hamma ularga qarshilik ko‘rsatdi va to‘s-to‘palon boshlandi. Aholi o‘zini himoya qildi. IIB xodimlari ham urdi, odamlar ham urdi. Faqat IIB xodimlarining o‘zi kelganda bu darajadagi to‘palon bo‘lmasdi, ularning orasida bo‘lgan fuqaro kiyimidagi shaxslar to‘palonning bu darajada kuchayib ketishiga sababchi bo‘ldi».

G‘affor bobo Mirzayev
Foto: «Daryo»

Voqea guvohlarining qo‘shimcha qilishicha, tuman IIB boshlig‘i ham aholiga qo‘l ko‘targan.
«Tuman IIB boshlig‘i Mirzayev urushning boshida turib, odamlarni urdirgani yetmagandek, o‘zi ham odamlarni urdi, — deydi G‘affor bobo Mirzayev. — Tuman IIB boshlig‘i xalq tomonida emas ekan. Xalqni o‘ylamadi».

Videoda sudrab ketilgan keksa yoshdagi fuqaro Zargul Xolmurodovaning otasi O‘rinboy Xolmurodov bo‘lib chiqdi.

«Qizim uyi buzilishga tushishini aytgandi. ‘Hokim kelarmish, prokuror kelarmish, keksalardansiz boring, deyishganiga borgandim, — deydi O‘rinboy Xolmurodov. — Men bunday razolatni faqat kinolarda ko‘rgandim. Ikki tomon ham bir-biriga kesak ota boshladi. Kuyovim odamlarning oyog‘i ostida qolib ketgan ekan. Meni ham kimdir urdimi yoki o‘zim yiqildimmi, o‘zimga kelsam yerda yotgan ekanman. Shunda IIB xodimlaridan biri mening ko‘kragimga urdi. Zo‘rg‘a oyoqqa turib, avtobus tomonga bordim. Borsam, ‘Qizingni avtobusga tiqib olib ketishdi’ deyishgach, tuman IIBga ketdim.

O‘rinboy Xolmurodovning aytishicha, u IIB binosiga borganda voyaga yetmagan 4 nafar bolaning oyoq kiyimi yechib olinib, betonda tik turg‘izib qo‘yilgan holatga ko‘zi tushgan.

«IIBga borganimda 4 nafar qishloq bolalarining oyoq kiyimi yechib olinib, betonda oyoqyalang turganini ko‘rdim, — deydi O‘rinboy Xolmurodov. — O‘sha kuni havo sovuq edi. Hali u bolalar yosh va voyaga yetmagan ularning nima aybi bor, qo‘yib yuboringlar, deb aytdim».

O‘rinboy Xolmurodov (o‘rtada)
Foto: «Daryo»

Qishloq ahlining ta’kidlashicha, o‘sha kungi to‘polon paytida tobi qochgan 3 nafar ayol Oltinsoy tuman tibbiyot birlashmasiga olib borilganda, shifokorlar ularni davolashni istamagan. Tong azon 3 ga qolmasdan ularni shifoxonadan chiqarib yuborgan. IIBga olib borilganlar esa tushuntirish xat yozib olingach, qo‘yib yuborilgan.

«Tuman shifoxonasidan ayollarni davolashmayotganini eshitganimizdan keyin boshi yorilgan Ilhom Muhammadiyevni Termiz shahridagi shifoxonaga olib bordik», — deydi suhbatdoshlar.

Ilhom Muhammadiyev
Foto: Telegram

«Daryo» muxbiri bilan telefon orqali muloqot qilgan Ilhom Muhammadiyevning ma’lumot berishicha, uning boshini IIB xodimlari yorgan.
«Boshimga tosh bilan urishdi, — deydi Ilhom Muhammadiyev. — Ikki kundan beri shifoxonadaman».

Surxonadaryo viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Zahriddin To‘rayevning «Daryo»ga ma’lum qilishicha, viloyat hokimi To‘ra Bobolov Oltinsoy tumaniga borib, xalqobodliklar bilan suhbatlashgan.

Foto: Oltinsoy tuman hokimligi
«Viloyat hokimi «Xalqobod» mahallasidagi 6 ta xonadon vakillari bilan gaplashib, tuman IIB, prokuratura va hokimlik mas’ullari uyni buzishda biroz shoshganini aytdi, — deydi Zahriddin To‘rayev. — Hokim 6 ta xonadon vakillariga boshqa joydan yer uchastka berilib, uy-joylarini qurib bitkazishgach, ekin maydonida qurilgan uylari buzilishini ma’lum qildi».

Foto: Oltinsoy tuman hokimligi
Eslatib o‘tamiz, mazkur voqeaga munosabat bildirgan Bosh prokuratura noqonuniy qurilgan uy-joylar «Oqoltin manzarasi» fermer xo‘jaligiga qarashli paxta va g‘allaga mo‘ljallangan ekin yer maydonining jami 0,39 gektarida ekanligini aytib, 6 nafar fuqaro yerni noqonuniy egallab, 235,35 kvadrat metr maydonida yashash imkoniyati mavjud bo‘lmagan uy-joy binolari qurib olinganini yozgandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Oltinsoy voqeasi: IIV Rossiyada yurgan fuqaroni ham aybladi, aholi esa tuman IIB boshlig‘i odamlarga qo‘l ko‘targanini ta’kidlamoqda