07:31 / 22.02.2020
3 080

Qozog‘istondan qoramol olib chiqishning taqiqlangani O‘zbekistondagi go‘sht narxiga hozircha ta’sir ko‘rsatmadi

Qozog‘istondan qoramol olib chiqishning taqiqlangani O‘zbekistondagi go‘sht narxiga hozircha ta’sir ko‘rsatmadi
Qozog‘iston mamlakat hududidan yirik shoxli qoramollarni olib chiqishni taqiqlagani va buning sabablaridan biri O‘zbekiston bo‘lgani haqida xabar berilgan edi. 2019 yilda Qozog‘istondan 156 ming bosh yirik shoxli qoramol olib chiqib ketilgan. Shundan 78 foizi O‘zbekiston ulushiga to‘g‘ri kelgan.

Shuningdek, Qozog‘istondan qariyb 264 ming bosh qo‘y eksport qilingan, ularning yarmidan ko‘pi naslli zotlar bo‘lgan. Eksport qilingan qo‘ylarning asosiy xaridori O‘zbekiston bo‘lib, qo‘shni mamlakatdan 200 ming boshdan ortiq qo‘y olib kelingan. Shu munosabat bilan Qozog‘istonda go‘sht narxlari tez sur’atlar bilan o‘sishni boshlagan.

Chorva mollarini olib chiqib ketishga qo‘yilgan taqiqlarga qaramay, Qozog‘istonda go‘sht narxi oshishda davom etmoqda. Yanvar oyida narxlar birdaniga 13 foizga ko‘tarilgan.

«Forbes.kz»ning yozishicha, 21 fevral, juma kuni, bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Qozog‘iston qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Aydarbek Saparov chorva mollarini olib chiqib ketishga taqiq qo‘yilganini tasdiqladi. Shuningdek, Saparov narxga boshqa ko‘plab omillar ta’sir ko‘rsatishini ham qo‘shimcha qilgan.

Spot’ning yozishicha, O‘zbekistonda yanvar oyida go‘sht narxi 2019 yil dekabriga nisbatan 0,4 foizga oshgan. Bir nechta kompaniya Qozog‘istondagi taqiq hozirgacha hech qanday yo‘qotishga olib kelmaganligini ma’lum qilgan, ammo bir oy xulosa qilish uchun juda qisqa ekanligini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil iyun oyida Qozog‘iston mamlakatdan yirik qoramol olib ketilishini taqiqlashga qaror qilgandi. Bunga ularning O‘zbekistonga katta miqdorda yetkazilgani sabab bo‘lgan. Avgust oyiga kelib Qozog‘iston O‘zbekistonga yirik shoxli chorva sotishni taqiqlash rejasidan qisman voz kechdi.

Oktabr oyiga kelib esa Qozog‘iston qishloq xo‘jaligi vaziri va moliya vazirining qo‘shma qaroriga ko‘ra, mamlakat hududidan sigirlarni olib chiqish taqiqlandi. Taqiq olti oyga joriy etildi hamda yirik shoxli qoramol, xususan, bir yoshgacha bo‘lgan urg‘ochi buzoqlar, bir yoshdan oshgan sigirlar, qo‘y, echki va echki bolalariga tegishli. Qozog‘iston mazkur taqiqni o‘rnatgach, O‘zbekiston chorva mollarini Ukrainadan olib kelishni boshladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qozog‘istondan qoramol olib chiqishning taqiqlangani O‘zbekistondagi go‘sht narxiga hozircha ta’sir ko‘rsatmadi