21:50 / 03.03.2020
6 643

Qashqadaryo prokurori hibsga olinib, yerto‘lada qiynoqqa solingan

Qashqadaryo prokurori hibsga olinib, yerto‘lada qiynoqqa solingan
“Shayna” jinoiy guruhi faoliyati 15 yillar davom etib kelgan. Zavodda maxsus yirik quvur o‘rnatilib, u orqali benzin kondensati qisqa vaqt ichida kerakli jihozlarga to‘ldirib olingan va O‘zbekistonning barcha hududlaridagi avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalariga yetkazilgan.

Shuningdek, “Shayna” jinoiy to‘dasi kondensatni qo‘shni Afg‘onistonga ham sotib kelgan. Bu ishda tabiiyki, Sho‘rtan gaz rahbariyati ham aloqador bo‘lgan.

Farhod Shaymanovning aytishicha, Sho‘rtan gaz zavodidagi bu qing‘irliklardan deyarli butun Qashqadaryo ahli xabardor bo‘lgan. O‘sha vaqtda Bosh vazir lavozimida bo‘lgan Shavkat Mirziyoyev yillar davomida mustahkam ildiz otgan jinoiy to‘daga barham berish bo‘yicha maxsus topshiriq beradi. Topshiriqni bajarish vazifasi Farhod Shaymanovga zimmasiga yuklatilgan edi.

“Shayna” to‘dasi prokurorning oilasiga va shaxsiy hayotiga ham tahdid qiladi, uni mashinada portlatib yuborish bilan qo‘rqitadi. Farhod Shaymanov shunga qaramasdan topshiriqni Milliy xavfsizlik xizmati vakillari bilan hamkorlikda muvaffaqiyatli bajaradi. Jinoiy to‘da shunchalar ildiz otib ketgandiki, ular hatto viloyat prokurorlariga ham ta’sir o‘tkaza olgan. Shu sababli ham, viloyat prokurori Shaymanovga ishni yopishni taklif qiladi. Biroq, u taklifga ko‘nmaydi. Avvaliga 7 kishi keyinchalik 67 nafar fuqaro “kondensat ishi” bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Shaymanov yirik jinoiy to‘dani yo‘q qilgach, uning hayoti xavf ostida qoladi. “Tazyiqlar ortida jinoiy to‘da vakillari va Respublika sobiq Bosh prokurori turgan”, deydi u. Shaymanovdan ortiq kondensat ishiga aralashmaslik so‘raladi. Shunga qaramay unga tazyiqlar tugamaydi. Farhod Shaymanov Surxondaryo viloyati prokurori o‘rinbosari lavozimiga o‘tkazilgach ham unga qarshi provokatsiya uyushtirishga urinadilar.

Sobiq Bosh prokuror Shaymanovdan nega ikki yil avvalgi “kondensat ishi”ga aralashganini so‘roq qilib, unga do‘q uradi. Bu do‘q urishlar Shaymanovning sog‘ligiga jiddiy tasir qiladi. U respublika Bosh prokuraturasi binosining o‘zida ish vaqtida insultga chalinadi hamda yetti oydan ortiq kasalxonada o‘lim bilan olishadi.

Shaymanov kasalxonadaligida qonunga xilof bo‘lsa-da, uni ishdan olishadi. Shaymanovni Toshkent viloyati Zangiota tumani prokurori lavozimiga o‘tkazadi. U yerda ham uzoq faoliyat yurita olmaydi. Zangi ota tumani prokuraturasida unga provokatsiya uyushtiriladi.

Shaymanovga tuman prokuraturasi darvozasi oldida muqaddam 3 marotaba sudlangan va prokuraturaning nopok xodimlari bilan tili bir fuqaro pora berishga urinadi. Ammo bu provakatsiya amalga oshmaydi. Shaymanov o‘ziga pora tiqishtirishga uringan shaxs bilan janjallashadi, oqibatda pullar uzoqqa otilib ketadi. Shundan so‘ng ular Shaymanovni kuch bilan mashinaga o‘tqazib, uning cho‘ntagiga pullarni zo‘rlik bilan solishga urinadi.

Shovqin-so‘ron ko‘tarilib, atrofda guvohlar ko‘paygach, Shaymanovni mashinada Toshkent viloyati prokuraturasiga olib boradi. U yerda prokuror Tohir Husanov tomonidan bo‘lgan voqealarning aksi qog‘ozga tushirilib, Shaymanovdan imzo qo‘yishni talab qilishadi.

Shaymanov imzo chekishdan bosh tortadi va voqealarni boricha yozib beradi. Shundan so‘ng u uchun davomli qiynoqlar boshlanadi, unga qamoqxonada dahshatli azob berishadi.

Mening tirnoqlarim orasiga igna tiqishdi, yerto‘laga olib kirib kaltaklashdi, mahbuslarga do‘pposlatishdi. Har uch kunlik qiynoqlardan so‘ng, tongda Tohir Husanov kelib, mendan iqror ko‘rgazmasini talab qilardi”, deydi Shaymanov.

Men o‘lim bilan olishdim. Har uch kunlik qiynoqlardan so‘ng hushimdan ketgan vaqtlarim bo‘ldi. Tunda qamoqxona yerto‘lasida oyoqlarim tagiga suv to‘ldirilgan baklajkalar bilan urgan. Menga berilgan shuncha azoblar boshida o‘zim attestatsiyadan o‘tkazgan shogirdim Tohir Husanov turgan edi. U menga “Seni 10 ta modda bilan qamatib, umringni qamoqxonada chiritaman”, deb o‘shqirar edi”, deydi Farhod Shaymanov.

U aybiga iqror bo‘lmaydi, aybdorlik qog‘oziga Shaymanovning imzosi qo‘yilmaydi. Shunga qaramasdan unga hukm o‘qiladi va ozodlikdan mahrum etiladi.

U Bekobodda hibsda bo‘lgan vaqtda “Shayna” jinoiy to‘dasi odamlari kelib, unga “jim yurishni” uqtirishadi. Shaymanov bir yil-u, ikki oy umrini qamoqxonada o‘tkazdi. Amnistiya bilan ozodlikka chiqadi.

2018 yil aprel oyida Shaymanov oqlandi. Biroq, hozirda u oqlanish haqidagi bir parcha qog‘ozdan boshqa hech narsaga ega emas. Unga keltirilgan ma’naviy va moddiy zararlar qoplanmagan. Shaymanov yo‘qotilgan 10 yillik faoliyatini tiklanishini so‘rab kelmoqda.

Shaymanov hozirgacha Xalq qabulxonalariga to‘rt yuzdan ortiq xatlar, murojaatlar jo‘natib, lavozimni tiklab berishlarini so‘rab kelmoqda. O‘z vaqtida xavfli yirik jinoiy guruhga barham berib, jasorat ko‘rsatgan prokuror nohaq jazolanib, hibs ortiga tashlandi. U yo‘qotilgan davrini qaytara oladimi? Davlatga, xalqiga xiyonat qilmagan bo‘lsa-da, jazolanib, azoblarga tortilgan prokurorga bugun hukumat nima bera oladi?..

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qashqadaryo prokurori hibsga olinib, yerto‘lada qiynoqqa solingan