11:04 / 15.03.2020
3 422

Hokim mahalla raisining rahbarimi?

Hokim mahalla raisining rahbarimi?
Muammo
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xunuk hodisa audiosi, ya’ni bir hokimning mahalla raislarini majlisda haqorat va so‘kishlarga ko‘mib tashlagani bir qator huquqiy savollarni yuzaga keltirdi.
Hokimning kimnidir bunday haqorat qilishi noqonuniyligi-ku aniq. Bunday harakatlar uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda Jinoyat kodeksida ma’muriy hamda jinoiy javobgarlik belgilangan.

Shu bilan birga, “Mahalla raislariga topshiriq berishga, ular faoliyatini nazorat qilishga, majlislarga chaqirishga hokimning vakolati bormi?” degan savolga qonunlardan javob topishga harakat qilamiz.

Hokimning mahalla bilan o‘zaro munosabati
Hokimlarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan o‘zaro munosabatlari asosan “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi hamda “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonunlar bilan tartibga solinadi.

Ushbu qonunlarga ko‘ra, viloyat, tuman, shahar hokimi viloyat, tuman va shaharning yuqori mansabdor shaxsi bo‘lib, ayni bir vaqtda tegishli hududdagi vakillik va ijroiya hokimiyatini boshqaradi.
Viloyat, tuman, shahar hokimlari tegishli hududda o‘zini o‘zi boshqarishni rivojlantirishga ko‘maklashadilar, o‘zini o‘zi boshqarish organlarining faoliyatini yo‘naltirib turadilar. Shuningdek, hokimlar Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hududiy kengashlariga jamoatchilik asosida raislik qiladilar.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari esa davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmaydi. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatiga davlat organlarining va ular mansabdor shaxslarining aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi. Shuningdek, ular jamoatchilik nazoratini amalga oshiruvchi tashkilot hisoblanadi.

Viloyat, tuman, shahar hokimi zarur bo‘lgan hollarda o‘z faoliyati to‘g‘risida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga hisobot taqdim etadi.
Yuqoridagi normalardan ko‘rinadiki, hokimlar mahallalarni emas, aksincha, mahallalar hokimlar ishini jamoatchilik nazorati tartibida nazorat qilishi mumkin.

Mahalla vazirligi..
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 18 fevraldagi PF–5938-son Farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi (keyingi o‘rinlarda — Vazirlik) va uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) bo‘linmalari tashkil etildi.

Mazkur vazirlikning asosiy vazifalaridan biri – bu jamiyatda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyilining to‘laqonli va samarali joriy etilishida har tomonlama ko‘maklashish, oilalarva mahallalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan yaqin hamkorligini o‘rnatishdir.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, yangi tashkil qilingan vazirlik mahallalar faoliyati bilan chambarchas bog‘liq davlat organi bo‘lsada, hokimliklar tugul shu vazirlikning o‘ziga ham mahalla raislari faoliyatini nazorat qilish vakolati berilmadi.

Aksincha, ushbu Farmon bilan vazirlikka mahalla fuqarolar yig‘inlari xodimlarini ularning vazifa va faoliyat yo‘nalishlari bilan bog‘liq bo‘lmagan yig‘ilish va boshqa tadbirlarga jalb qilish, ularning faoliyatiga asossiz aralashish, taalluqli bo‘lmagan vazifalarni yuklash taqiqlanganligi haqidagi talabga amalda so‘zsiz ijro etilishini ta’minlash vazifasi yuklatildi.

Shuningdek, vazirlikka mazkur talabni buzganligi uchun davlat organlari va tashkilotlari mas’ul va mansabdor shaxslarini egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan jazo choralarini qo‘llash bo‘yicha har choraklik asosda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga takliflar kiritib borish topshirildi.

Xulosa
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari esa davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmaydi. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatiga davlat organlarining va ular mansabdor shaxslarining aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi. Ya’ni, mahalla raislariga topshiriq berishga, ular faoliyatini nazorat qilishga hech qaysi davlat idorasi haqli emas.
Majlislar masalasida esa shuni aytish mumkinki, mahalla fuqarolar yig‘inlari xodimlarini faqat ularning vazifa va faoliyat yo‘nalishlari bilan bog‘liq bo‘lgan yig‘ilish va boshqa tadbirlargagina jalb qilish mumkin.

Taklif
Haqorat uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda Jinoyat kodeksida ma’muriy hamda jinoiy javobgarlik belgilangan bo‘lsada, davlat xizmatchilari, ayniqsa hokimlar tomonidan boshqa shaxslarni haqorat qilish holatlar tez-tez uchrab turibdi.

Buning sabablaridan biri shuki, haqorat uchun jinoiy javobgarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanilmaydi, ya’ni birinchi marta ma’muriy javobgarlik qo‘llaniladi va xuddi shunday harakat qayta sodir etilsagina aybdor shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish mumkin. Lekin, shu paytgacha birorta hokimni haqorat moddasi bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilgani haqida xabar uchragani yo‘q. Shu sababli, mavjud javobgarlik choralarini kuchaytirish, aniqrog‘i, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga quyidagi mazmundagi 1401-modda kiritish maqsadga muvofiq bo‘lar edi:

1401-modda. Davlat yoki jamoat arbobi yoxud hokimiyat vakilining boshqa shaxslarni haqorat qilishi
Davlat yoki jamoat arbobi yoxud hokimiyat vakilining davlat yoki jamoatchilik faoliyati bilan bog‘liq munosabatlarda boshqa shaxslarni haqorat qilishi —
bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

H.Safarova
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti
mas’ul xodimi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Hokim mahalla raisining rahbarimi?