20:00 / 28.03.2020
1 984

Yangi qonun va advokatlar daxlsizligi: muhokama mavzusi boshqacharoq bo‘lishi kerak

Yangi qonun va advokatlar daxlsizligi: muhokama mavzusi boshqacharoq bo‘lishi kerak
Ba’zi ommaviy axborot vositalari tomonidan yangi qonun qabul qilingani va unga ko‘ra prokurorning roziligi bilan advokatning telefonlari va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali amalga oshiriladigan so‘zlashuvlari, uzatiladigan xabarlari va ma’lumotlarini nazorat qilish belgilangangiligi to‘g‘risidagi xabarlari ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Yuzlab foydalanuvchilar advokaturaga nisbatan qilingan bunday tajovuzni qoraladilar. O‘zbekiston Advokatlar palatasi o‘zining murojaatida o‘zgartirish u bilan kelishilmagan holda amalga oshirilganligini ma’lum qildi.
Shundan so‘ng, Bosh prokuratura va Adliya vazirligi qabul qilingan qonun advokatura manfaatlariga zid emasligi haqida o‘z murojaatini e’lon qildi.

Bu haqiqatga to‘g‘ri keladimi? Aslida nima bo‘ldi?
Mazkur savollarga javob berish uchun o‘zgartirish kiritilayotgan qonunning avvalgi va yangi tahrirlari bilan yaxshilab tanishib chiqishimiz kerak bo‘ladi.

Demak, “Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida”gi Qonunning 6-moddasi uchinchi qismida advokatga nisbatan tezkor-qidiruv va jinoiy-protsessual choralar qo‘llashga sanksiya berish vakolatiga ega mansabdor shaxslar doirasi belgilanganligini ko‘rishimiz mumkin. Bunday shaxslar qatoriga Bosh prokuror, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, viloyatlar prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlar kiritilgan. Boshqacha qilib aytganda, darajasi viloyat prokuroridan past bo‘lgan prokurorlar advokatlarga nisbatan tezkor-qidiruv va jinoiy-protsessual choralarni (tintuv, majburiy keltirish, ushlab turish va h.k.) qo‘llashga ruxsat bera olmaydi.

Yangi qonun nimani o‘zgartirdi? U advokatning qaysi qurilmalari va qanday ma’lumotlari “eshitilishi” mumkinligini aniqlashtirdi. Agar avval advokatning “telefoni va boshqa so‘zlashuv qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarini eshitib turish” mumkin bo‘lgan bo‘lsa, endilikda “telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarini, xabarlari va ma’lumotlari uzatilishini nazorat qilish” nazarda tutiladi.

Endi Bosh prokuror, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, viloyatlar prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlar sanksiyasini olmasdan advokatning nafaqat telefon so‘zlashuvlarini, balki ma’lumot uzatish uchun u ishlatadigan har qanday zamonaviy uskunani nazorat qilish taqiqlanadi.

Bir vaqtning o‘zida bunday aniqlashtirish Jinoyat-protsessual kodeksi va boshqa tegishli qonunlarga ham kiritilmoqda. Ushbu yangilik huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning texnik taraqqiyotdan orqada qolmasdan, lekin qonun doirasida ishlashini ta’minlash uchun ham kerak edi.
Yuqorida keltirilgan fikrlardan xulosa shuki, qonun hujjatlariga kiritilgan bunday o‘zgartirishlarning pirovard maqsadi – bu advokatlarni ularning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq ta’qiblardan, cheklashlar va tajovuzlardan himoya qilish tizimini takomillashtirishdir.

Shu bilan birga, bu yerda boshqa bir muhimroq masala bor. U ham bo‘lsa advokatga nisbatan tezkor-qidiruv va jinoiy-protsessual choralar qo‘llashga sanksiya berish vakolatini sudga o‘tkazmasdan, jinoyat ishi (ayrim hollarda boshqa toifa ishlar) doirasida tergov va sudda ishni ko‘rish jarayonida advokatning opponenti sifatida harakat qiladigan prokurorning vakolatida qoldirilishi masalasidir. Bunday vaziyat dastlabki tergovda va sud protsessida taraflarning teng huquqliligi va o‘zaro tortishuvi tamoyiliga zid emasmikin? Balki, ayrim xorijiy mamlakatlarning tajribasiga tayanib, mazkur huquqni sudga o‘tkazish maqsadga muvofiqdir? Mana shu masalani muhokama qilish, uning ustida bahslashish to‘g‘riroq bo‘ladi.
Nima bo‘lganda ham advokatlik faoliyatiga cheklov masalasida aholining bunday faol munosabat bildirgani odamni quvontiradi. Demak, hozirda fuqarolik jamiyati uyg‘oq va bu yaxshi!

J.Dadajonov,
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti mas’ul xodimi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yangi qonun va advokatlar daxlsizligi: muhokama mavzusi boshqacharoq bo‘lishi kerak