date

Namanganda kambag‘allik qisqa vaqtda 2,5 barobar kamaydi

Namanganda kambag‘allik qisqa vaqtda 2,5 barobar kamaydi

Namangan viloyatida kambag‘allik darajasi qisqa vaqt ichida 2,5 barobar kamayishi ta’kidlandi. Bu haqda bugun, 16-sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Namangan viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

“Har safar bu viloyatga tashrifimni amalga oshirganimda, aholining ko‘tarinki kayfiyati, katta-yu-kichik har bir insonning doimo harakatda bo‘lishi va izlanishda ekanini ko‘rib quvonaman. Bugun ham hududdagi ijobiy o‘zgarishlar, yangi ishga tushgan korxonalar bilan tanishib, islohotlarimiz to‘g‘ri yo‘ldan borayotganiga yana bir bor amin bo‘ldim”, dedi davlat rahbari yig‘ilish avvalida.

Ma’lum qilinishicha, so‘nggi yillarda Namanganda salmoqli va muhim ishlar amalga oshirilgan. Ertaga boshlanadigan kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha xalqaro forumga Namangan shahri mezbonlik qilayotgani ham bejiz emasligi alohida qayd etildi.

“Qisqa vaqt ichida Namanganda kambag‘allik 2,5 barobar kamaydi. Bu eng avvalo yaratilgan qulay shartlar va viloyat aholisining mehnatkashligi, samarali harakatlari bilan bog‘liq”, deyiladi xabarda.

Prezident matbuot xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi sakkiz yil ichida viloyatga 7 milliard dollarlik xorijiy investitsiya kiritilgan, 8 mingga yaqin yangi korxona faoliyatga tushgan. Eksport qilinayotgan mahsulot turlari ikki barobar ortib, mingdan oshgan. Aholining real o‘rtacha daromadi uch barobar ko‘tarilgan. Mehnatga layoqatli aholining 82 foizi aynan kichik biznes va tadbirkorlik orqali daromad topmoqda.

Shuningdek, davlat rahbari viloyatda barcha asosiy rivojlantiruvchi sohalarni yuksaltirish uchun resurs va qulay sharoitlar yetarli ekanini ta’kidladi.

Yig‘ilishda viloyat hokimi va uning o‘rinbosarlari, 14 ta tuman va shahar hokimlari oldida muhim vazifalar qo‘yildi: yil oxirigacha 4 milliard 200 million dollarlik investitsiya jalb qilish, eksport hajmini 1 milliard dollarga yetkazish, 323 ming aholini ish bilan ta’minlash, 26 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish.

Norin tumanidagi 5 mingdan ziyod aholi yashaydigan Sho‘rariq mahallasi misolida “og‘ir” mahallalar qiyofasi tubdan o‘zgartirilishi va shahar muhitini olib kirish choralari belgilangan. Bunday mahallalarda zamonaviy mahalla guzari quriladi, bolalar va sport maydonlari, servis obyektlari, kutubxona, kasb va til o‘rgatish markazi, bank shoxobchasi tashkil etiladi. Ko‘chalar asfalt qilinadi va yoritiladi, eskirgan bog‘lar to‘liq yangilanadi.

Kosonsoy va Norin tumanlariga 100 milliard so‘mdan, qolgan tumanlarning ikkitadan “og‘ir” mahallasiga esa 5 milliard so‘mdan ajratiladi, jami 320 milliard so‘m mablag‘lar eng yaxshi namunali hududlarni yaratish uchun yo‘naltiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida Norin tumanidagi sharoiti og‘ir Sho‘rariq mahallasiga kirgan edi. U yerda 5 mingdan ziyod aholi yashaydi, 62 ta kambag‘al oila, 118 nafar ishsiz, 157 odam esa migratsiyada bo‘lgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Namanganda kambag‘allik qisqa vaqtda 2,5 barobar kamaydi