Yangi mavsumdan katta umid bilan kirib kelgan va qisqa fursatda Konferensiyalar ligasini tark etgan “Istanbul Bashakshehir” jamoasida jiddiy o‘zgarishlar boshlandi.
Istanbul klubi Turkiya Superligasida ham dastlabki uchta bahsda g‘alaba qozona olmadi. Shu bois, endilikda jamoani Yevropa futbolida yaxshi tanilgan Nuri Shaxin musobaqalarga tayyorlaydi.
Tarkibni kuchaytirish maqsadida rahbariyat Fransiya chempionatidan bir nechta nomdor futbolchilarni olib keldi. Jumladan, “Renn” darvozaboni Dog‘an Alemdar va hujumchi Bertug‘ Yildirim bilan to‘rt yillik shartnoma imzolandi. Shuningdek, “Marsel” yarimhimoyachisi Amin Xarit ijara asosida jamoaga qo‘shildi.
Eslatib o‘tamiz, yozgi transfer oynasidan “Roma”dan Eldor Shomurodov bir yilga ijaraga olingandi. Keyinchalik sotib olish imkoniyati ham mavjud. 30 yoshli legionerimiz qisqa vaqt ichida jamoaning yetakchi shaxsiyatiga aylandi. Eldor Konferensiyalar ligasida 6 ta, Superligada esa 3 ta o‘yinda maydonga tushib, o‘tgan turda “Beshiktosh” darvozasini ishg‘ol qildi.
Shuni ta’kidlash kerakki, yangi kelgan Bertug‘ Yildirim ham markaziy hujumchi hisoblanadi. U Shomurodovning to‘g‘ridan to‘g‘ri raqibi sifatida ko‘riladi. Biroq Eldorning universalligi shundaki, u hujum chizig‘ining istalgan nuqtasida samarali o‘ynay oladi.
“Bashakshehir” tarixidagi eng qimmat transfer Abbosbek Fayzullayev esa hali to‘liq moslashish jarayonini o‘tkazmoqda. Shu paytgacha u asosan zaxiradan maydonga tushirildi. Qizig‘i, Amin Xaritning pozitsiyasi ham Abbosbekniki bilan bir xil – markaziy yarimhimoyachi. Biroq har ikkisi qanotlardan ham hujum qilish imkoniga ega.
Istanbul klubi keyingi yillarda Yevrokuboklarda muntazam ishtirok etishni maqsad qilib kelmoqda. Bu mavsumda ham jamoa oldidagi vazifa o‘zgarmagan.
Biz uchun eng asosiy jihati – O‘zbekiston terma jamoasi ilk marotaba jahon chempionatida qatnashishi mumkin bo‘lgan mavsumda legionerlarimiz Eldor Shomurodov va Abbosbek Fayzullayev o‘z klublarida yetakchi o‘rinlarda bo‘lishlari zarur. Muxlislar ham ularning yangi sinovlardagi harakatini katta qiziqish bilan kuzatmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!