09:54 / 14.04.2020
2 827

Taniqli shifokor: «Hukumatlar o‘zining asosiy vazifasi – fuqarolarni himoya qilishni uddalay olmadi»

Taniqli shifokor: «Hukumatlar o‘zining asosiy vazifasi – fuqarolarni himoya qilishni uddalay olmadi»
Foto: Lintao Zhang / Getty Images
Hozirgi koronavirus pandemiyasi - siyosatchilarning olimlar fikriga quloq solmasligi natijasi va asosiy vazifasini uddalay olmagan hukumatlarning muvaffaqiyatsizligi. Eng nufuzli tibbiy jurnal - Lancet bosh muharriri, shifokor Richard Hortonning Guardian sahifalarida tushuntirishicha, so‘nggi o‘ttiz yil davomida mutaxassislar yangi infeksiyalarga tayyorgarlik ko‘rish zarurligini bir necha bor ta’kidlashgan, ammo ularning maslahatlari e’tibordan chetda qolib keldi.

Masalan, 1994 yilda nashr etilgan Lori Garretning «Kelayotgan vabo» kitobida zamonaviy turmush tarzi xavfli viruslar va bakteriyalarning tarqalishi uchun ideal ekanligi haqida ogohlantirilgan. 10 yil o‘tgach, AQSH Tibbiyot instituti mutaxassislari 2003 yil Xitoyda SARS epidemiyasining tajribasi ko‘rsatganidek, dunyo atipik zotiljam tarqalishiga tayyor emasligi to‘g‘risida ma’lum qilishdi. «Agar SARS takrorlansa, dunyo bo‘ylab sog‘liqni saqlash tizimlari haddan tashqari katta bosim ostida qoladi», - deya 16 yil oldin ogohlantirgandi virusologlar.

Xavotirli signallar nafaqat olimlar, balki tabiatning o‘zidan kelgan. Bir necha o‘n yillar davomida insoniyat Nipah virusidan tortib atipik zotiljam va Yaqin Sharq nafas olish sindromiga qadar o‘ta xavfli yangi kasalliklarning qisqa muddatli tarqalishiga duch keldi. So‘nggi misol - Afrika qit’asida Ebola bezgagi epidemiyasi.

«Hukumatning birinchi galdagi vazifasi o‘z fuqarolarini himoya qilishdir. Pandemiya xavfini o‘lchash va miqdorini aniqlash mumkin. Yangi epidemiyaning xavf-xatarlari 1980-yillarda OIV paydo bo‘lganidan beri ma’lum bo‘lgan. O‘shandan beri 75 million kishi bu kasallikka chalindi va 32 million kishi vafot etdi. OIV butun dunyoni Sars-CoV-2 kabi sur’atlarda qamrab olmadi, ammo u hukumatlarga yangi virus tarqalishiga tayyorgarlik ko‘rish kerakligi to‘g‘risida ogohlantiruv bo‘lishi kerak edi», - deydi Richard Horton.

Nega insoniyat, shu jumladan, siyosatchilar pandemiya tahdidiga e’tibor bermaganini tushunish oson. Hozir yashayotgan odamlarning aksariyati hech qachon bunday narsalarni boshdan kechirmagan, ya’ni, xavflar to‘g‘ri baholay olinmagan. Natijada, G‘arb mamlakatlarida Xitoyda yangi koronavirus paydo bo‘lgani haqidagi xabar uzoq vaqt ahamiyatsiz deb topildi, SARC-CoV-2’ning o‘zi esa grippdan xavfli emas deb ko‘rildi.

Xavflarni noto‘g‘ri baholash sog‘liqni saqlash tizimlariga pandemiyaga tayyorlanishga imkon bermadi. Shuning uchun intensiv terapiya apparatlari va shifokorlar uchun shaxsiy himoya vositalarining yetishmasligi kuzatilmoqda.

Bundan tashqari, COVID-19 pandemiyasi inson tomonidan qurilgan jamiyatlar juda mo‘rt ekanligini, ularning tabiatga nisbatan kuchi ancha zaif ekanligini ko‘rsatdi. Hortonning umid qilishicha, bu atrof-muhit haqidagi qarashlarni o‘zgartiradi va kelgusi epidemiyaga tayyorlanishga imkon beradi.

Hozirda olimlar koronavirus ustidan g‘alaba qozonish uchun vaksina ishlab chiqilgunga qadar karantin choralari saqlanishi kerakligi haqida ogohlantirmoqda. Aks holda, koronavirus epidemiyasi asta-sekin pasayib borayotgan mamlakatlar kasallikning ikkinchi, yanada dahshatli tarqalishiga to‘qnash kelishi mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Taniqli shifokor: «Hukumatlar o‘zining asosiy vazifasi – fuqarolarni himoya qilishni uddalay olmadi»