17:35 / 24.04.2020
3 845

Saxovat va ko‘mak: jamg‘arma mablag‘lari qanday sarflanadi?

Saxovat va ko‘mak: jamg‘arma mablag‘lari qanday sarflanadi?
Pandemiya sharoitida butun dunyoda ishsizlar va yordamga muhtoj aholi sonining o‘sib borishi kuzatilmoqda. Bunday sharoitda xalqparvar davlat va jamiyatlar yordamga muhtoj aholisini o‘z holiga tashlab qo‘ymaydi, albatta.

O‘zbekistonda ham davlat koronavirus kasalligi tarqalmasligi uchun amalga oshirilayotgan karantin va davolash tadbirlari bilan bir qatorda moddiy yordamga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha barcha choralarni ko‘rmoqda. Xususan, aholiga manzilli yordam ko‘rsatish maqsadida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzurida Xayriyalarni muvofiqlashtirish markazi hamda 1197 qisqa raqamli koll-markaz tashkil etildi. Ushbu markazga har kuni minglab oilalar qo‘ng‘iroq qilishmoqda va yordam olishmoqda.
Shu bilan birga, bugungi vaziyat aholining yordamga muhtoj qismini ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rishni talab qiladi.

Vaqtincha ishlamayotgan va yordamga muhtoj oilalarni aniqlab, ularni manzilli asosda oziq-ovqat va dori-darmon bilan ta’minlash ko‘lamini yanada kengaytirish kerak. Chunki, karantin cheklovlari kiritilganiga qariyb bir oy bo‘ldi. Vaqt o‘tgan sari aholining mavjud zaxirasi kamayib boraveradi, muhtojlar soni ko‘payaveradi.
Eng yomoni, bu pandemiya va u sababli butun dunyoda yuzaga kelgan iqtisodiy qiyinchiliklar qancha davom etishi noma’lum.

Ezgu tashabbus
Joriy yilning 20 aprel kuni Prezidentimiz tomonidan, xalqimizning tarixiy va ma’naviy qadriyatlarini, mehr-saxovat, oqibat va himmat kabi yuksak fazilatlarini inobatga olgan holda, “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatini yo‘lga qo‘yish tashabbusi ilgari surildi.
Mavjud vaziyatni yaxshi tushungan xalqimiz, jamoatchiligimiz hozirgi og‘ir paytda aholining yordam va ko‘makka muhtoj qatlamlarini aniq, manzilli asosda qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatini yo‘lga qo‘yish haqidagi tashabbusni ko‘tarinki ruhda, qizg‘in kutib oldi.

Bu masala bo‘yicha OAVlarda, ijtimoiy tarmoqlarda samimiy munosabat bildirildi.
Ushbu tashabbusning amalga oshirish mexanizmlaridan biri sifatida Vazirlar Mahkamasining joriy yil 22 apreldagi farmoyishi bilan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) bo‘linmalari tashkil etildi, Jamg‘arma to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Ushbu Nizomga ko‘ra, Jamg‘arma va uning bo‘linmalari O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bo‘limlari, tuman va shahar bo‘linmalari huzurida ochiladi. Ular yuridik shaxs hisoblanmaydi.

Jamg‘arma mablag‘larining shakllanishi
“Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarining homiylik va xayriyalari, mahalliy budjetlar daromadining rejadan tashqari bajarilishidan tushgan mablag‘lar hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shakllantiriladi. Ya’ni, asosiy manba bu ixtiyoriy homiylik va xayriyalar, shuningdek mahalliy budjet mablag‘larining bir qismi.

Jamg‘armaga mablag‘larni ham milliy, ham chet el valyutasida o‘tkazish mumkin. Buning uchun tijorat banklarida Jamg‘armaning alohida so‘m va valyuta hisobvaraqlari ochiladi.
Demak, homiylik va xayriya qilishni istagan har qanday O‘zbekiston yoki xorijiy mamlakat rezidenti bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar,
shu jumladan tadbirkorlar ham ushbu Jamg‘armaga milliy va chet el valyutasida mablag‘ yo‘naltirishlari mumkin.

Shu o‘rinda, davlatimiz rahbari aytib o‘tganlaridek, davlat o‘z navbatida saxovatpesha tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi, ularga soliq, lizing, kredit to‘lovlari, zarur resurslar bilan ta’minlash bo‘yicha turli imtiyoz va preferensiyalar beradi.

Eng asosiysi kam ta’minlangan insonlar va oilalarga mehr va hurmat bilan yordam qo‘lini cho‘zish bu tadbirkorlar va fermerlar, xo‘jalik birlashmalari vakillari, vazirlik, idora va tashkilotlar ishchi-xodimlari va umuman har qanday inson uchun ham savobli ish, ham vatanparvarlik namunasi bo‘ladi.

Jamg‘arma mablag‘larining sarflanishi
“Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasiga kelib tushgan mablag‘lar koronavirus pandemiyasi va karantin davrida ijtimoiy himoyaga muhtoj, ko‘p farzandli oilalarga, nogironligi bo‘lgan shaxslarga va yolg‘iz qariyalarga, o‘z daromadini yo‘qotgan vaqtincha ishsiz bo‘lgan jismoniy shaxslarga yordam berishga yo‘naltiriladi.
Bunday yordam pul mablag‘lari, kundalik iste’mol tovarlari, dori vositalari va boshqa mahsulotlar ko‘rinishida bo‘lishi Jamg‘arma nizomida belgilab qo‘yildi.

Jamg‘arma mablag‘larini tasarruf etish:
- respublika miqyosida – O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Vasiylik kengashi;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar miqyosida – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari;
- tuman (shahar) miqyosida – xalq deputatlari tuman va shahar kengashlari tomonidan amalga oshiriladi.

Jamg‘arma nizomida belgilanishicha, tuman va shaharlarda har bir sektor rahbari tegishli mahallalar bilan birgalikda mahallalardagi har bir oilaning, fuqarolarning moddiy ahvolini o‘rgangan holda haftalik yordam ko‘rsatiladigan ehtiyojmand oilalar ro‘yxati va ularga berilishi kerak bo‘ladigan mablag‘lar, kundalik iste’mol tovarlari, dori vositalari va boshqa mahsulotlar hajmini shakllantiradi va yig‘ilgan ma’lumotlar xalq deputatlari mahalliy kengashlariga kiritiladi.

Agar Jamg‘armaning muayyan tuman (shahar) bo‘linmasida yig‘ilgan mablag‘ shu hudud ehtiyojlari uchun yetarli bo‘lmasa, unda tegishli yuqori turuvchi jamg‘armaga murojaat qilinadi.

Ya’ni, har bir tumanda (shaharda) Jamg‘arma mablag‘larining yetarli bo‘lishi va ratsional sarflanishi hududlardagi xalq deputatlari kengashlari tomonidan zarur hajmlarni tasdiqlash hamda mablag‘larni tasarruf etishni muvofiqlashtirish yo‘li bilan ta’minlanadi.

Mablag‘lar sarflanishi ustidan nazorat
“Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasiga mablag‘lari sarflanishi ustidan davlat va jamoatchilik nazorati o‘rnatiladi.
Bu masalada birinchi navbatda jamoatchilik nazoratini ta’kidlash lozim. O‘zbekiston Respublikasining “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq jamoatchilik nazorati sub’ektlari, ya’ni fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat-notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari ham ushbu Jamg‘arma mablag‘lari sarflanishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish huquqiga egalar.

Shuningdek, Jamg‘armani tashkil qilish haqidagi Vazirlar Mahkamasining 213-F-sonli farmoyishida ham jamoatchilik nazorati sub’ektlariga Jamg‘arma va uning hududiy bo‘linmalari mablag‘lari sarflanishi ustidan kunlik jamoatchilik nazoratini o‘rnatish tavsiya etildi.

Bundan tashqari, Jamg‘arma nizomida mablag‘larning kelib tushishi, ulardan foydalanilishi haqida ommaviy axborot vositalarida e’lon qilib borilishi belgilab qo‘yildi. Bunday shaffoflikni o‘zi ham xalq nazoratini ta’minlashga xizmat qiladi.

Va albatta Jamg‘arma mablag‘lari sarflanishi ustidan davlat nazorati ham ta’minlanadi.
Mablag‘larning maqsadli ishlatilishi ustidan Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati idoralari doimiy nazorat qilib turadi. Bundan tashqari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar ham o‘z vakolati doirasida nazoratni ta’minlashiga shubha yo‘q.

P.S. Ishonchimiz komilki, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi faoliyati xalqimizning insonparvarlik va saxovatpeshalikdagi yana bir namunasi bo‘lib tarixda qoladi.
Ikkinchi jahon urushi yillarida tili boshqa, dini boshqa 1 million nafardan ortiq qochqinlarga boshpana bergan, 200 ming yetim bolaning katta qismini oilasi bag‘riga olib, o‘z farzandidek tarbiyalagan xalq bugun o‘zining yordamga muhtoj yurtdoshlarini mushkul ahvolda tashlab qo‘ymasligi aniq.

A.Madaminov
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti direktori

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Saxovat va ko‘mak: jamg‘arma mablag‘lari qanday sarflanadi?