11:50 / 07.05.2020
2 329

Karantindan chiqish: xorijiy mamlakatlar tajribasi va takliflar

Karantindan chiqish: xorijiy mamlakatlar tajribasi va takliflar
Ko‘plab mamlakatlarda COVID-19 ni barataraf etishda ijtimoiy uzoqlashuv va karantin tadbirlari eng to‘g‘ri usul sifatida qo‘llanildi.
Bugunga kelib, koronavirus pandemiyasining cho‘qqiga chiqqan davrini o‘tkazgan Yevropa davlatlarida karantin choralari yumshatilmoqda.

Germaniyada hukumat bosqichma-bosqich quyidagi tadbirlar orqali cheklovlarni yumshatishini ma’lum qilgan:
•mamlakatda maydoni 800 kvadrat metrgacha bo‘lgan do‘konlarning, maydonidan qat’iy nazar kitob magazinlari, avtosalonlar va velosiped savdosi va ta’miri bilan shug‘ullanuvchi shahobchalar ishlashiga 20 apreldan ruxsat berildi, supermarket va savdo markazlari esa yopiqligicha qolmoqda;
•o‘quvchi va talabalarning bosqichma-bosqich ta’limga qaytishi belgilangan bo‘lib, gimnaziya va boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga 4 maydan o‘quv dargoxlariga qaytishiga ruxsat berildi;
•jamoat joylarida fuqarolarning 1,5 metr masofani saqlagan holda harakatlanishi belgilandi;
•kafe va restoranlar faoliyatiga ruxsat berilmadi;
•ma’daniy, diniy va sport tadbirlari, shuningdek musiqa festivallari, konsert va boshqa ommaviy tadbirlarning mamlakat bo‘ylab o‘tkazilishi 31 avgustgacha ta’qiqlandi.

Mamlakat hukumati yumshatilgan karantin choralarining qanday natijalarga olib kelishi kuzatilishini, agar natijalar yomon bo‘lsa, yanada uzoqroq davom etuvchi karantin choralariga tayyor turishi haqida aholini ogohlantirgan.

Daniyada ham karantin choralarini yumshatish tartibi belgilangan bo‘lib, maktabgacha ta’lim muassasalari va boshlang‘ich sinf maktablari 15 apreldan ish boshlagan bo‘lsa, yuqori sinf o‘quvchilarining maktabga qaytishi 10 maydan amalga oshirilishi belgilangan. Ko‘ngil ochar muassasalar, jamoat joylariga oid ta’qiqlar esa saqlanib qolgan.

Eng qat’iy karantin choralari o‘rnatilgan Ispaniyada ham 26 apreldan 14 yoshdan kichik bo‘lgan bolalarning ota-onasi hamrohligida ko‘chaga chiqishiga ruxsat berildi. Boshqa yumshatishlar may oyining ikkinchi yarmidan amalga oshirilishi mumkinligi ma’lum qilindi.

Polshada ham epidemiyaning ortga chekina boshlagani xabar qilingan va normal hayotga qaytish sekinlik bilan yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan. Aholining do‘konlarga va hiyobonlarga chiqishiga ruxsat berilgan.

Shveysariyada maktablarning ochilishi 11 mayga qadar rejalashtirilgan bo‘lsa, bar va restoranlar esa kamida 8 iyunga qadar faoliyat ko‘rsatmaydi.

Rossiyada vaziyat og‘irroq. Sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashkoning ma’lum qilishicha, bu mamlakatda karantin cheklovlarini bosqichma-bosqich bekor qilish rejalashtirilgan bo‘lib, bu jarayon koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqilgunga qadar davom etishi ham mumkin. Shuningdek, “Rospotrebnadzor” rahbari Anna Popova esa eng oxirgi bo‘lib ommaviy tadbirlarga o‘rnatilgan taqiq bekor qilinishini ma’lum qilgan.

O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev 5 may kungi yig‘ilishda Maxsus komissiyaga uch kun muddatda stikerlarni bekor qilib, barcha transport vositalari harakatlanishiga ruxsat berish bo‘yicha topshiriq berdi.

Bundan tashqari, epidemiologik vaziyat yaxshi bo‘lgan hududlarda nooziq-ovqat do‘konlari, tibbiy diagnostika, taksi xizmati, uy ta’mirlash, tikuvchilik, maishiy texnika va poyabzal tuzatish, sartaroshxonalar faoliyati bo‘yicha kuchaytirilgan sanitariya talablarini belgilagan holda, ish boshlashi uchun ham ruxsat beriladi.

Vaziyat yomonlashsa, karantin choralari qayta tiklanishi belgilangan.
Fikrimizcha, O‘zbekistonda ham xorijiy mamlakatlar tajribasini hisobga olgan holda karantin rejimidan bosqichma-bosqich chiqish to‘g‘ri bo‘ladi.

Jumladan, karantin choralari yumshatilgandan so‘ng kamida ikki oy quyidagi choralarni amalga oshirish maqsadga muvofiq:
•fuqarolarning jamoat joylarida faqat niqob taqqan holda harakatlanishini belgilash;
•ta’lim muassasalarida masofadan (onlayn) o‘qitish tizimini davom ettirish;
•jamoat transportida bir vaqtning o‘zida odamlar ko‘payib ketmasligi choralarini ishlab chiqish, xususan tana harorati yuqori bo‘lgan yo‘lovchilarni aniqlash tizimini joriy qilish;
•davlat xizmatlari ko‘rsatiladigan tashkilotlar (davlat xizmatlari markazlari, ichki ishlar boshqarmalarining vizalar va ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limlari hamda avtotransport vositalarini ro‘yxatga olish bo‘limlari, kommunal xizmat ko‘rsatish tashkilotlari va boshq.)da odamlar to‘planmasligini ta’minlash, jumladan bu sohalarda interaktiv xizmatlardan faol foydalanish;
•umumiy ovqatlanish joylari, kafe, bar, to‘yxona, restoran, choyxona, konsert zallari, stadionlar, tungi klublar faoliyatiga ruxsat bermaslik;
•xalqaro va mahalliy darajadagi konferensiyalar, forumlar, konsertlar va boshqa har qanday ommaviy tadbirlarni, shu jumladan davlat tashkilotlarida 10 kishidan ortiq odam bilan yig‘ilishlar o‘tkazilishini taqiqlash;
•O‘zbekiston hududiga chet eldan kirib kelgan har bir shaxsni 14 kunlik nazoratga olish (kuzatuv yoki karantin rejimida).
Bunday choralar koronavirus epidemiyasining ikkinchi to‘lqini sodir bo‘lishining oldini olishga xizmat qilgan bo‘lar edi.

F.Nurboboyeva
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti xodimi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Karantindan chiqish: xorijiy mamlakatlar tajribasi va takliflar