19:35 / 21.05.2020
4 111

Masofaviy tashkil etilgan o‘qitishning zamonaviy ta’lim jarayonidagi ahamiyati

Masofaviy tashkil etilgan o‘qitishning zamonaviy ta’lim jarayonidagi ahamiyati
Barchamizga ma’lumki, hozirgi kunda koronavirus pandemiyasi dunyo bo‘ylab iqtisodiy va ijtimoiy vaziyatni tubdan o‘zgartirib, barcha sohalarda mutlaqo yangicha yondashuvlarni qo‘llashga erishilmoqda. Pandemiya avj olgan davlatlarda infeksiyani cheklash bo‘yicha himoya choralari va aholini ijtimoiy himoya qilish hamda iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ko‘plab dasturlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi aniqlangan vaqtdan boshlab davlatimiz tomonidan ushbu vaziyatga tez va samarali ravishda birinchi ustuvor vazifalar belgilanib, mamlakatimizda karantin rejimi joriy etildi. Ushbu vazifalar natijasida oliy ta’lim tizimida ham bir qancha o‘zgarishlar bo‘lib, barcha talabalar uchun masofaviy (onlayn) ta’lim yo‘lga qo‘yildi. Bu jarayon ta’lim tizimidagi yangi bosqich bo‘lgani hamda karantin tartibining joriy etilgani ta’lim muassasalarinnig masofaviy ta’limga o‘tish ishlarini yanada jadallashtirdi. Buni esa oliy ta’limdagi yangicha qadam va innovatsion yondashuvlarga olib borgan yo‘l sifatida e’tirof etsak bo‘ladi.

Xususan, masofaviy o‘qitish tartibi joriy etilganligi munosabati bilan Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali professor-o‘qituvchilari ham masofaviy ish usuliga o‘tkazilib, zamoniy va ilg‘or axborot kommunikatsion texnologiyalaridan foydalangan holda talabalarga onlayn dars mashg‘ulotlarini o‘tib kelishmoqda.

Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali (keyingi o‘rinlarda Ixtisoslashtirilgan filial) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 fevraldagi “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–4166-son qarori bilan tashkil etilgan bo‘lib, mazkur qarorga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Milliy gvardiyasi va Ichki ishlar vazirligining Toshkent shahri va Toshkent viloyatining huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida yuridik kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.

Mazkur qaror bilan Ixtisoslashtirilgan filialning quyidagi bir qator vazifalari belgilangan bo‘lib, jumladan:
  • yurisprudensiya sohasida bazaviy va amaliy kasbiy tayyorgarlikni ta’minlashga qaratilgan o‘quv rejalari va dasturlari asosida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash;
  • nazariy tayyorgarlikning huquqni qo‘llash faoliyati bilan uzviy bog‘liqligini ta’minlashga qaratilgan zamonaviy shakl va usullar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan holda o‘quv jarayonini ta’lim berishning modul tizimi asosida tashkil etish;
  • ta’lim oluvchilarning psixologik tayyorgarligi, huquqiy, siyosiy madaniyati va huquqiy ongini oshirishning samarali tizimini yaratish;
  • ta’lim oluvchilarning aholi va ommaviy axborot vositalari bilan ishlash va o‘zaro hamkorlik qilish ko‘nikmalarini takomillashtirish;
  • huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha faoliyatini uslubiy va konsultativ ta’minlash;
  • yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni amalga oshiruvchi ta’lim va ilmiy-tadqiqot, shu jumladan xorijiy mamlakatlardagi muassasalar bilan o‘zaro samarali idoralararo hamkorlikni chuqurlashtirishdan iboratdir.

Ixtisoslashtirilgan filialda o‘qish muddati 3 yil bo‘lib, o‘qitish kunduzgi ta’lim shaklida hamda davlat grantlari amalga oshiriladi hamda bakalavriatga qabul kvotasi yiliga 255 kishini tashkil etadi. Shuningdek “Yurisprudensiya” (huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash) bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha yuridik kadrlar tayyorlanadi.

Qarorga ko‘ra, o‘qishga qabul qilingan shaxsga Ichki ishlar vazirligi yoki Milliy gvardiya tizimida Toshkent shahri yoki Toshkent viloyatida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida kamida 5 yil uzluksiz ishlab berish majburiyati yuklanadi hamda o‘qishni tamomlagan talabalarga Ixtisoslashtirilgan filial diplomining mavjudligi ichki ishlar organlariga Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida maxsus kasbiy tayyorgarlikni o‘tmasdan, “leytenant” maxsus unvoni berilgan holda xizmatga qabul qilish uchun asos bo‘lishi belgilangan.

Bundan tashqari, «huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash» mutaxassisligi bo‘yicha oliy noyuridik ma’lumotga ega bo‘lgan kadrlarni qayta tayyorlash kunduzgi ta’lim shaklida maxsus olti oylik dastur bo‘yicha belgilangan namunadagi diplom berilgan holda amalga oshiriladi hamda mazkur qayta tayyorlash dasturi esa har olti oyda 50 kishini o‘z ichiga qamrab oladi.

Bugungi kunda masofadan turib o‘qitishning yangi usullari tobora ommalashib borishi ushbu jarayonni qulay tashkil qilish imkonini beradigan xizmatlarning ko‘payishi bilan bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Xususan, video konferensiyalar, ishchi guruh tizimlari, korporativ portallar, ijtimoiy tarmoqlar, platforamalar va ma’lumotlar bazalarining bugungi kunda faol rivojlanayotganini hamda takomillashib borayotganini ko‘rishimiz mumkin.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan barcha oliy ta’lim muassasalarining talabalari uchun ta’lim platformasi, jumladan Ixtisoslashtirilgan filialning ham ta’lim platformasi (talim.sbtsul.uz) ishga tushirildi. Mazkur ta’lim platformasi orqali ta’lim olayotgan talabalarimiz har bir fan doirasida o‘zlariga kerakli bo‘lgan ma’lumotlardan uzluksiz foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Onlayn dars mashg‘ulotlari hamda ta’lim platformasi orqali berib borilayotgan topshiriqlar natijasida talabalarimiz tomonidan doimiy ravishda zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarni qo‘llagan holda har bir fanni innovatsion o‘zlashtirish usullarini o‘z qo‘llari bilan yaratayotgan materiallarida ham ko‘rishimiz mumkin.

Masalan, Ixtisoslashtirilgan filialning 1-kurs talabalari Xudoyqulov Sodiqjon, Zamidov Doniyorbek, Baratova Sabina va yana bir qancha talabalar masofaviy ta’lim natijasida axborot kommunikatsiya texnologiyalarini keng qo‘llagan holda Davlat va huquq nazariyasi modulidan berilgan topshiriqlarni infografika hamda maxsus programmalar orqali tez va oson o‘zlashtirish usullarini o‘rganishdi. Shuningdek, bir qancha pedagog xodimlarimiz va talabalarimiz onlayn konferensiya hamda vebinarlarda ishtirok etib, o‘z tajribalarini yanada oshirib kelmoqdalar.

Shuni qayd etish lozimki, talabalarning mustaqil o‘z ustida ishlash, tahliliy fikrlash, normativ-huquqiy hujjatlar bilan ishlash, ma’lum bir masala yechimi bo‘yicha mustaqil qaror qabul qilish ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida har bir fan mavzusi doirasida tayyorlangan mantiqiy savollar, muammoli masalalar (kazuslar) talabalar e’tiboriga yetkazilib, ularning yechimi bo‘yicha talabalar tomonidan tayyorlangan tahliliy javoblar muhokama qilib borilmoqda. Bunday tashqari talabalar reytingini hisobga olish elektron tizimi orqali barcha turdagi nazorat ishlarini onlayn topshirish ishlari yo‘lga qo‘yilgani barcha talabalar uchun alohida qulaylik yaratdi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, bunday noan’anaviy ta’lim berish shakli ko‘plab talabalarimizni yanada o‘z ustida ishlab, ta’limdagi yangi jarayonga yangicha qarashlar bilan kirib kelishini ta’minlamoqda.

Toshkent davlat yuridik universitetining
Ixtisoslashtirilgan filiali Davlat-huquqiy
fanlar kafedrasi o‘qituvchisi
Abdullayeva Dilfuza

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Masofaviy tashkil etilgan o‘qitishning zamonaviy ta’lim jarayonidagi ahamiyati