15:26 / 17.06.2020
2 058

Buxoroda soliq xizmati xodimlari yangicha ish uslubi asosida faoliyat yuritishmoqda

Buxoroda soliq xizmati xodimlari yangicha ish uslubi asosida faoliyat yuritishmoqda
Barcha joylarda bo‘lgani kabi Buxoroda ham kambag‘allikni qisqartirish, odamlarni ish bilan ta’minlash hamda ularning daromadini oshirish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, viloyatning birgina 4-sektoriga qarashli hududida yil yakuniga qadar 4 mingdan ziyod oilani kambag‘allikdan chiqarish maqsad qilingan.

Bu borada barcha tuman va shaharlarda ishsiz qolgan hamda ehtiyojmand aholi qatlami nomma-nom aniqlanib, shakllantirilgan ro‘yxatlar asosida ularga manzilli ko‘maklar berilmoqda.

- Bugungi kunda davlat soliq xizmati organi xodimlari soliq to‘lovchiga ko‘makchi degan yangi ish prinsipi asosida ish boshladi, - deydi viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Ashurov. – Biz bu borada kam ta’minlangan oila a’zolarini tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish va ularni tadbirkorlik sub’ektlarida ishchi sifatida ish boshlab daromad manbaiga ega qilish maqsadida ko‘prik vazifasini bajarayapmiz.

Bu ishlarni bajarish uchun birinchi navbatda davlat soliq organida shtab tashkil qilindi. Shtabda viloyat davlat soliq xizmati organlarida ilgari bitta kotib o‘sha vazifani bajarib kelgan bo‘lsa, endilikda har bir davlat soliq inspeksiyasidan 1 nafardan 5 nafargacha jami 54 nafar xodim biriktirildi.

Hisob-kitob qilib ko‘rsak, biz sektorimiz hududidagi jami 6192 nafar ishsiz fuqarolarni ish bilan ta’minlashimiz kerak ekan. Qisqa davr ichida ushbu ishsiz fuqarolarning 1340 nafarini ishga joylashtirishga erishdik. Bundan 457 nafari doimiy ish bilan ta’minlangan bo‘lsa, 800 dan ortig‘i mavsumiy ishga joylashtirilib, ularning daromad topish manbai yaratildi. Oldimizga qo‘ygan vazifalarimizdan yana biri - kambag‘al oilalarning farzandlarini o‘qitishga, kasb-hunar egallashiga ham e’tiborni kuchaytirayapmiz.

Kogon tumanidagi “Hukumatobod” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 579 ta xonadonlarda 645 ta oila bor. Ushbu oilalarda 2845 nafar aholi istiqomat qiladi. Pandemiya davrida xonadonma-xonadon yurib olib borilgan inventarizatsiya ishlari natijasida bu yerdagi 58 ta xonadon a’zolari kambag‘allar ro‘yxatiga kiritilgan.

4-sektor ishchi guruhi ushbu oila vakillari, xususan kam ta’minlangan, kambag‘al, yosh oilalar, chet eldan qaytib kelgan mehnat migrantlari va ish bilan band bo‘lmagan fuqarolar bandligini ta’minlash hamda tomorqa xo‘jaliklaridan samarali foydalanish orqali ularning daromad manbalariga ega bo‘lishlariga yaqindan yordam bermoqda.

Mazkur qishloqda yashovchi Dilfuza G‘afforova taqdirning ko‘p qiyinchiliklarini yengib kelayotgan ayollardan. Uning 4 nafar farzandi bor. Taqdir taqozosi bilan ikki nafar o‘g‘li tug‘ma nogiron. Ikki nafar qizi esa hali yosh. Aksiga olib, farzandlaridan ortib, hech qayerda ishlay olmaydi. Baxtiga keksa onasi u bilan istiqomat qiladi. Shuning uchun shu paytgacha oila, ro‘zg‘or tashvishlari Zulfiya momo Haydarovaning pensiya puli bilan amallab tortib kelinayotgan edi.

Viloyat 4-sektor rahbari ushbu oilaning ahvolini o‘rgangach, savobtalab homiylar ko‘magi bilan ushbu xonadonga zudlik bilan ham moddiy ham ma’naviy ko‘mak berishga kirishdi. Buning uchun birinchi galda ro‘zg‘orga yordam sifatida sog‘in sigir va Dilfuza G‘afforovaga tikuv mashinasi olib berildi. Ayni paytda, Dilfuza opa va uning farzandlari bundan benihoya xursand.

- 4-sektor rahbarining o‘zi uyimizga kirib kelib holatimizni o‘rganganidan keyin hayotim tubdan o‘zgarib ketdi, - deydi Dilfuza G‘afforova. – Sog‘in sigir oilamizga baraka olib kirgan bo‘lsa, tikuv mashinasi bilan qo‘ni-qo‘shnilarim va qishlog‘imizdagi ayollar uchun ko‘ylaklar tikib berib, kuniga 45-50 ming so‘mgacha daromad topyapman.

Dilfuza G‘afforovaning to‘ng‘ich farzandi Yorqinjon Naimov joriy o‘quv yilida Buxoro davlat universitetining musiqiy ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 1-kursni tamomlayapti. Buni qarangki, ushbu yo‘nalishda uning yaxshigina iste’dodi ham bor ekan. Sektor rahbari ushbu oila bilan suhbatda ular doimiy e’tiborda ekanliklarini bildirib, Yorqinjon Naimovning talabiga ko‘ra unga kerakli musiqa asbobi va ko‘zi ojizlar uchun maxsus qo‘l telefon sovg‘a qildi.

Shu yerlik Xursand opa Saidova ham taqdir taqozosi bilan boquvchisini yo‘qotganidan keyin ancha qiynalib qolgan edi. Baxtiga o‘g‘li va kelini qo‘lidan kelgancha oilaga daromad keltirishga harakat qilib kelayotgan edi. Tayyor tomorqadan foydalanish uchun esa Xursand opada yetarli mablag‘ ham yo‘q. Shuning uchun zudlik bilan ushbu oilaga 1 sotixli issiqxona qurishda ko‘maklashildi. Ayni paytda oila a’zolari ushbu issiqxonada bodring mahsulotini yetishtirish ishlarini boshlab yuborishgan.

Xursand opa Saidovaning ikkinchi kelini Shaxzoda Shukurova ko‘p yillardan buyon shu hududdagi “Rasulov Ro‘ziqul” fermer xo‘jaligida norasmiy yollanma ishchi sifatida bor yo‘g‘i 300-400 ming so‘m haq evaziga ishlab kelayotgan edi. Sektor rahbarining aralashuvi bilan ushbu fuqaroning ham haq-huquqlari tiklandi. Endilikda Shaxzoda Shukurova ushbu fermer xo‘jaligining rasmiy ishchisiga aylandi va unga 1 million so‘mdan kam bo‘lmagan maosh tayinlandi. Quvonarlisi, fermer Ro‘ziqul Rasulov ushbu ishchisiga bir bosh sog‘in sigir ham hadya qildi. Bu bilan yana bir oilaning og‘iri yengil qilindi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ushbu qishloqda istiqomat qilib kelayotgan Dilfuza G‘ulomova boquvchisini yo‘qotganidan keyin 2 nafar farzandi bilan ukasining uyiga ko‘chib kelishga majbur bo‘lgan. Boz ustiga ukasi pandemiya sababli ishsiz bo‘lib qolganligi uchun ushbu oila daromad manbaidan uzilib qolgan. Sektor ishchi guruhining o‘rganishlari davomida ushbu oilaga yaqindan ko‘mak berilib, 1 sotixli issiqxona qurib berildi va oila a’zolarining 2 nafari doimiy ish bilan bandligi ta’minlandi. Jumladan Dilfuza G‘ulomovaning ukasi Murod G‘ulomov g‘isht ishlab chiqarish sexiga hamda uning qizi Azizabonu Jo‘rayeva non va non mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasiga doimiy ishga joylashtirildi.

Ta’kidlanganidek, 4-sektor rahbari tomonidan pandemiya davrida xonadonma xonadon yurib olib borilgan inventarizatsiya ishlari natijasida hozirda ushbu qishloqdagi 2 nafar oilaga homiylar yordamida hamda 2 nafar oilaga imtiyozli kredit mablag‘lari hisobiga chorva mollari olib berildi. 5 ta oilaga voyaga yetmagan farzandlari uchun moddiy yordam puli ajratildi. 6 ta xonadonga issiqxona qurib berilib, 6 ta oilaga bug‘doydan bo‘shagan yerlarga kungaboqar o‘simligini yetishtirib olish uchun yer ajratib berildi. 12 ta oila vakillari esa jamoatchilik ishlariga joylashtirildi.

Buxoro viloyati DSB
Matbuot xizmati.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Buxoroda soliq xizmati xodimlari yangicha ish uslubi asosida faoliyat yuritishmoqda