08:23 / 20.06.2020
2 005

Xodimi virus yuqtirgani uchun tadbirkorni jazolash to‘g‘rimi?

Xodimi virus yuqtirgani uchun tadbirkorni jazolash to‘g‘rimi?
Foto: Oqil G‘ulomov / O‘zA
Respublika maxsus komissiyasining tadbirkorlik sub’ektlarida sanitariya talablariga rioya etmaslik oqibatida koronavirus aniqlangan taqdirda, ushbu ob’ektlarni va shaxslarni karantinga olish bilan bog‘liq xarajatlar mazkur xo‘jalik sub’ektlar hisobidan qoplanishiga oid qarori jamoatchilikda e’tiroz uyg‘otmoqda. Komissiyaning bu haqdagi qarori 14 iyun kuni e’lon qilindi.

Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekovning izohlashicha, buning asosiy sababi – «yashil» va «sariq» hududlarda joylashgan qurilish, umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan tadbirkorlik sub’ektlari mas’uliyatni to‘liq his qilishi va karantin tadbirlariga rioya etishiga erishish bilan bog‘liq.

Nurmat Otabekov koronavirus aynan qaysidir tadbirkorlik sub’ektida yuqqanini qanday isbotlash mumkinligiga oid masalaga quyidagicha izoh berdi:

«Epidemiologik surishtiruvlar paytida barcha imkoniyatlar ishga solinadi. Avvalo, kasallik qayerda yuqqani gumon qilinadi. So‘ng bu gipoteza tasdiqlanishi kerak bo‘ladi. Tadbirkorlik sub’ektiga kasallik yuqtirgani aybini qo‘yish asosiy maqsad emas. Tadbirkorlik sub’ektlari kasallik yuqtirish uchun shart-sharoit yaratib bermaganini isbotlash imkoniga ega. Buni sanitariya holatini nazorat qilib turadigan mas’ullar ham ko‘rishi mumkin».

Uning qo‘shimcha qilishicha, har bir tadbirkorlik sub’ektiga bitta sanitariya vrachini nazorat qilish uchun biriktirishning imkoni yo‘q. Shuning uchun tadbirkorlik sub’ektlari egalari videokuzatuv kameralaridan foydalanishi maqsadga muvofiq.

«Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonunning 18-1-moddasiga ko‘ra, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish tartib-taomilining murakkablashtirilishi va tadbirkorlik faoliyati sub’ektlari zimmasiga yangi majburiyatlar yuklatilishini nazarda tutadigan, shuningdek ularning javobgarligiga oid yangi choralarni belgilaydigan qonun hujjatlari rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kamida uch oydan keyin kuchga kirishi belgilab qo‘yilgan.

Komissiya qarori qonun hujjati hisoblanmasa-da, jamiyat hayotini tartibga solayotgan muhim qarorlar qabul qilayotgani, ularning ba’zilari tadbirkorlar faoliyatiga ham bevosita daxldorligini inobatga olib, yuqoridagi qonun talabiga amal qilish lozim bo‘ladi.

Ya’ni, basharti, tadbirkorlik sub’ekti o‘zining aybsizligini isbotlashi uchun videokuzatuv kameralarini o‘rnatish talab qilinar ekan, ushbu ishni bajarishi uchun unga kamida uch oy vaqt berilishi kerak va ayni shu muddat o‘tgunicha videokuzatuv kameralari yo‘qligi vaji bilan tadbirkorlik sub’ektiga qo‘shimcha majburiyatlar yuklash qonuniy emas.

Tadbirkorlik sub’ektlari kasallik yuqtirish uchun shart-sharoit yaratib bermaganini isbotlash uchun videokuzatuv kameralaridan foydalanishi maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi. Aks holda, tadbirkorlik sub’ekti o‘zining aybsiz ekanini isbotlashi qiyin bo‘lishini tushunish qiyin emas.

Agar videokuzatuv o‘rnatilmasa, tadbirkorlik sub’ektiga kasallik yuqtirgani aybini qo‘yish oson kechadi.

Qiziq holat: tadbirkorlik sub’ekti kasallik yuqtirish uchun shart-sharoit yaratib bermaganini isbotlashga majburmi? Aybsizligini isbotlash uchun videokuzatuv o‘rnatish tavsiya qilinayotganidan shu ma’no kelib chiqmoqda.

Jinoyat-protsessual qonunchiligi bilan analogiya qilinadigan bo‘lsa, bu xuddi shaxsga jinoiy ayblov e’lon qilinib, aybsizligini isbotlashni ayblanuvchining o‘ziga yuklab qo‘yishga o‘xshaydi. Aybsizlik prezumpsiyasiga ko‘ra, ayblanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlab berishga majbur emas, balki organlar qonunda nazarda tutilgan tartibda uning aybdor ekanini isbotlashi kerak bo‘ladi.

Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: videokuzatuv kameralari havodagi yoki inson organizmidagi koronavirus infeksiyalarini ko‘ra oladimi?

Tadbirkor karantin qoidalariga albatta rioya qilish kerak. Buni hech kim inkor etolmaydi. Ammo tadbirkor o‘z hududida karantin qoidalariga yuz foiz amal qilgan taqdirda ham, unda faoliyat yurituvchi xodimlar yoki mijozlar orqali kasallik yuqishi mumkinligi ehtimoli past ko‘rsatkichlarda bo‘lsa-da, baribir saqlanib qolishini ham hech kim rad qilolmaydi.

Butun dunyoga xavf solib turgan bu virusning yuqish darajasi o‘ta yuqori ekani buni isbotlab turibdi. Bu o‘rinda qanchalik himoya vositalari bilan himoyalanmasin, kasallikka chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘layotgan tibbiyot xodimlarida ham tez-tez kasallik aniqlanayotganini eslab o‘tish lozim.

Shunday ekan, bugungi og‘ir sharoitda faoliyatini endi qayta tiklagan tadbirkor-ishbilarmonlarga mantiqsiz qaror orqali ortiqcha xarajatlarni yuklash qanchalik to‘g‘ri bo‘lishini yana bir bor o‘ylab ko‘rish zarar qilmaydi. Yo‘qsa, bu ham karantin qoidalarini buzgan haydovchilar-u, ularning jarima maydonlarida qolayotgan mashinalari kabi qonunsiz amaliyotga aylanib ketmasligiga kafolat yo‘q.

Abbos Salaydinov,
huquqshunos


Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Xodimi virus yuqtirgani uchun tadbirkorni jazolash to‘g‘rimi?