22:40 / 27.06.2020
2 182

Prezident tanishgan tajriba: Dastlabki bosqichda 395 ta, keyinchalik 6 mingdan ortiq kameralar ulanadi

Prezident tanishgan tajriba: Dastlabki bosqichda 395 ta, keyinchalik 6 mingdan ortiq kameralar ulanadi
Davlat rahbari tashrif doirasida Namangan shahridagi “Orzu” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘ldi va “Obod va xavfsiz mahalla” konsepsiyasi asosida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi.
· 2013 yilda tashkil topgan mazkur mahallada namunaviy loyihalar asosidagi 830 ta hamda yakka tartibdagi 1 ming 682 ta uy mavjud. Bu yerda 12 500 aholi yashaydi.

Namangan shahri Ichki ishlar boshqarmasi axborot-kommunikatsiya ta’minoti guruhi katta inspektori, katta leytenant Ikrom Ubaydullayev bizni “aqlli shahar” dasturi bilan tanishtirdi:
Mazkur dastur Namangan shahrining onlayn rejimda ishlaydigan bosh xaritasi hisoblanadi. U “aqlli shahar” va sun’iy ong modeli asosida yaratilgan. Namangan shahridagi jamiki yo‘nalishlar bo‘yicha qanday ma’lumot bo‘lsa, barchasi mazkur dasturga integratsiya qilingan.

Dasturga shahardagi 395ta kuzatuv kamerasi onlayn rejimda ulangan. Hozirda shahar bo‘yicha 6 mingta kamera o‘rnatilgan bo‘lib, ular ham bosqichma-bosqich dasturga ulanadi. Dastur dastlab shahar ichki ishlar boshqarmasi doirasida axborot tizimi sifatida foydalanilgan. Ammo hozirda uning qamrovi ancha kengaygan bo‘lib, barcha sohalar – qurilish, tibbiyot, iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, mehnat bozori, ta’lim, xizmat ko‘rsatish, barcha-barchasi ulangan.

Mazkur tizimda barcha ko‘rsatkichlar geoxarita orqali monitorda aks etadi. Jumladan, aholi soni, yolg‘iz keksalar, ta’lim muassasalari, mehnat bozori, investitsiyaviy loyihalar, kambag‘al oilalar, kriminogen muhit kabi ma’lumotlar uzluksiz kiritib boriladi.

Tajriba sifatida ishga tushirilgan bu tizim keyinchalik barcha sohalardagi elektron bazalarga ulanadi. Natijada shahardagi ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlarni onlayn kuzatish, vaziyatni xolis baholash, muammolarni nazoratga olish va kerakli chora-tadbirlar ko‘rish mumkin bo‘ladi. Bu esa aholining osoyishtaligi va xavfsizligini ta’minlashda muhim samara beradi
, – deya tushuntirish berdi I. Ubaydullayev.

Davlat rahbari bu mahalla tajribasi bilan tanishish chog‘ida:
- Viloyatdagi sektorlar rahbarlari endi jinoyatchilikka qarshi kurashda natija bo‘yicha javob beradi. Jinoyat qancha kamaydi, qaysi adashganni to‘g‘ri yo‘lga qaytardi degan savollarga javob topish uchun mana shu tizimga o‘tayapmiz. Ham iqtisodiyotni, ham jinoyatchilikni, ham tinchlikni, ham adolatni joyiga qo‘ysak, xalqimiz uchun munosib sharoit yaratgan bo‘lamiz, - dedi.

Tizimning afzalliklari:
Demografiya. Xaritaning eng asosiy yo‘nalishi demografik ko‘rsatkichlarni hisoblab borishdir. Shaharda tug‘ilganlar, vafot etganlar, yangi ro‘yxatdan o‘tgan oilalar, ajrim qayd etilgan oilalar – barchasi dasturda qayd etiladi;

Kambag‘allik ko‘rsatkichlari. Kambag‘allikdan chiqarish belgilangan oilalar ro‘yxati kiritilgan bo‘lib, ularning yoshi, nima bilan bandligi, daromad darajasi haqidagi ma’lumotlar jamlangan;

Ijtimoiy himoya. Dasturning e’tiborga molik jihatlaridan biri shuki, yakka-yolg‘iz yashaydigan, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlami alohida nazoratga olingan. Ularning qo‘llariga maxsus bilakuzuk berilgan bo‘lib, fuqaro og‘ir holatga tushib qolsa, bilakuzuk dasturda SOS-chaqirig‘ini beradi. Bu chaqiriq o‘sha fuqaro qaraydigan mahalla raisi, uchastka noziri, patronaj xizmati xodimiga zudlik bilan yetib boradi va fuqaroga kerakli yordam ko‘rsatiladi;

Transport harakati. Dasturda shaharga qancha tarnsport kirib-chiqayotgani, kunlik yo‘l qoidalarini buzish holatlari, yo‘l-transport hodisalari qayd etib boriladi;

Mehnat munosabatlari. Shaharda qaysi tarmoqda vakant o‘rni paydo bo‘lgani bilan birga, ishsiz aholi soni, har bir ish izlayotgan fuqaroning yoshi, malakasi bilan bog‘liq ma’lumotlar ham ko‘rsatiladi. Bu bilan bo‘sh ish o‘rinlarini ishchi kuchi bilan ta’minlash, ishsizlikni qisqartirishga erishiladi;

Ta’lim. Shahardagi barcha ta’lim muassasalariga o‘rnatilgan kuzatuv kameralari dasturga ulangan bo‘lib, ular dars jarayoni, o‘quvchilarning davomatini nazorat qiladi. Kameradagi face-control tizimi o‘quvchilarning isitmasi bor-yo‘qligini ham tekshirib, ma’lumotlarni qayd etib boradi;

Mahalliy budjet taqsimoti. Dastur mahalliy budjet kirim-chiqimlari haqida ham ma’lumot beradi. Budjetga kelayotgan kunli tushumlar, qilnayotgan xarjatlar va ulurning manbalari haqidagi kunlik axborot ko‘rinadi;

Iqtisodiyot. Namangan shahridagi yirik korxonadan tortib, yakka tartibdagi tadbirkorlargacha dastur ro‘yxatiga kiritilgan. Amalga oshirilayotgan mahalliy loyihalar, ularga sarflangan investitsiya mablag‘lari, qancha ish zo‘rni yaratilayotgani, eksport-import hisobini yuritish ham dasturning funksiyalaridan biridir.

Dastur mahalliy rahbarlarning ish taqsimotini ham yuritadi. Shahar hokimi, mahalliy organ rahbarlari, sektor rahbarlari, mahalla raislarning o‘z hududi va vazifalaridan kelib chiqqan holda bugun qaysi hudud bilan shug‘ullanishi kerakligi, qaysi muammolarni kun tartibiga kiritish kerakligini ko‘rsatib beradi. Muammo mavjud bo‘lgan hududlar qizil rangda xaritada namoyon bo‘ladi, muammo hal qilinmaguncha, rang o‘zgarmaydi.

Dasturning qulayligi shundaki, undagi ma’lumotlar bazasi onlayn vaqt rejimida yangilanib turadi.
Mazkur dastur hozirda Namangan shahrining “Orzu” mahallasi doirasida to‘liq ishga tushirilgan. Kelgusida uning qamrovi kengaytirib borilaveradi.

Abror Zohidov.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Prezident tanishgan tajriba: Dastlabki bosqichda 395 ta, keyinchalik 6 mingdan ortiq kameralar ulanadi