date

Putin strategik yadroviy kuchlar mashg‘ulotini shaxsan boshqardi

Putin strategik yadroviy kuchlar mashg‘ulotini shaxsan boshqardi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin strategik yadroviy kuchlarning rejali mashg‘ulotlarini videoaloqa orqali o‘tkazdi, deb xabar berdi Kreml matbuot xizmati. Bu mashg‘ulotlar mamlakat mudofaa tizimi tayyorgarligini sinovdan o‘tkazish va qit’alararo harbiy salohiyatni namoyon etish maqsadida amalga oshirildi.

Mashg‘ulot jarayonida Plesetsk kosmodromidan Kamchatkadagi “Kura” poligoniga “Yars” qit’alararo ballistik raketa uchirildi. Shu bilan birga, Barens dengizi akvatoriyasida joylashgan “Bryansk” atom suvosti kemasi bortidan “Sineva” turkumiga mansub ballistik raketa parvoz qildi.

Shuningdek, Tu-95MS uzoq masofali strategik bombardimonchi samolyotlari havoda qanotli raketalarni yo‘lga chiqarib, mashg‘ulotda ishtirok etdi. Ushbu amaliy mashqlar orqali Rossiya harbiy boshqaruv organlarining tayyorgarlik darajasi va tezkor qo‘shinlarni boshqarish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalari sinovdan o‘tkazildi.

Kreml bayonotida ta’kidlanishicha, mashg‘ulotda belgilangan barcha vazifalar to‘liq bajarilgan va qo‘shinlar o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni muvaffaqiyatli amalga oshirgan. Maqsad – strategik kuchlarning har qanday sharoitda ishonchli harakat qilish qobiliyatini tekshirish bo‘lgan.

Shu turdagi mashg‘ulotlar Rossiyada har yili o‘tkazilib kelinadi. Avvalroq shunga o‘xshash strategik sinovlar 2023 va 2024-yillarda ham amalga oshirilgan edi. Bu amaliyotlar orqali Kreml yadroviy tartibdagi kuchlarning doimiy tayyorligini namoyon etish va harbiy-strategik barqarorlikni saqlab turishni maqsad qiladi.

Tahlilchilar ta’kidlashicha, bu turdagi mashg‘ulotlar nafaqat Rossiyaning mudofaa salohiyatini tekshirish, balki xalqaro maydonda geosiyosiy signal sifatida ham qabul qilinadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Putin strategik yadroviy kuchlar mashg‘ulotini shaxsan boshqardi