AQSH Kongressi a’zolari Sidni Kamlager-Dav va Bill Hyuizenga prezident Donald Trampga yo‘llagan rasmiy maktubida Vashingtonda C5+1 yetakchilari sammitini o‘tkazish tashabbusi bilan chiqishdi, deb xabar berdi Kamlager-Davning rasmiy sayti. Ushbu sammit forumning 10-yilligini nishonlash munosabati bilan o‘tkazilishi taklif etilgan.
C5+1 formati 2015-yilda AQSHning Markaziy Osiyodagi beshta davlat — Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston bilan hamkorlikni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan. Bu platforma xavfsizlik, iqtisodiy rivojlanish va ekologiya sohalaridagi muloqotni chuqurlashtirishga xizmat qilib kelmoqda.
Kongressmenlar maktubida ta’kidlanganidek, forumning yubiley sammiti AQSH uchun mintaqadagi strategik manfaatlarni — xavfsizlik, iqtisodiy hamkorlik, “yumshoq kuch” siyosati va boshqaruv sohasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlash uchun muhim imkoniyat bo‘lishi mumkin.
“Prezidentning C5+1 sammitidagi shaxsiy ishtiroki ushbu forumning 10-yilligini muhim diplomatik voqeaga aylantiradi. Bu AQSH va Markaziy Osiyo munosabatlarining keyingi o‘n yillikdagi yo‘nalishini belgilab berishi mumkin”, — deyiladi maktubda.
Qonun chiqaruvchilar ma’muriyatni sammit doirasida amaliy natijalarga erishish va mintaqada uzoq muddatli sheriklikni kafolatlaydigan yangi kelishuvlarni tayyorlashga chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, “Markaziy Osiyo — AQSH” (C5+1) formati ilk bor 2015-yil noyabr oyida Samarqanddagi tashqi ishlar vazirlari uchrashuvidan so‘ng yo‘lga qo‘yilgan. Keyingi yillarda forum muntazam ravishda tashqi ishlar vazirlari darajasida o‘tkazilib keldi. 2023-yil sentyabrda esa format tarixida ilk bor prezidentlar darajasidagi sammit bo‘lib o‘tdi.
Oxirgi marta C5+1 doirasidagi vazirlar uchrashuvi 2024-yil 28-fevral kuni Ostonada tashkil etilgan bo‘lib, unda AQSH va Markaziy Osiyo davlatlari savdo, investitsiya va iqtisodiy rivojlanishni chuqurlashtirish masalalarini muhokama qilgan edi.
Shunday qilib, Vashingtonda sammit o‘tkazish taklifi AQSHning mintaqadagi ishtirokini yanada faollashtirish, Markaziy Osiyo davlatlari bilan yangi bosqichdagi hamkorlikni boshlash yo‘lidagi muhim qadam sifatida qaralmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!