20:46 / 03.07.2020
2 549

Vaksina poygasi. Formula topilsa, unga kim va qachon erishadi?

Vaksina poygasi. Formula topilsa, unga kim va qachon erishadi?
Foto: Getty Images
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Yevropadagi ba’zi siyosatchilar ko‘magi bilan koronavirus vaksinasi dozalarini adolatli taqsimlashni qo‘llab-quvvatlayotgan bo‘lsa-da, bir necha davlatlar o‘z fuqarolari uchun istiqbolli ishlanmalarga bo‘lgan eksklyuziv huquqni sotib olishga urinib, milliardlab dollar sarflamoqda.

Premerasidan to‘qqiz yil o‘tgach ham yangi tomoshabinlarga ega bo‘lgan «Infeksiya» filmida vaksina aslida qahramonlardan biridir. U uchun olimlar garovga olinadi, shifokorlar sinovlar oxirigacha o‘zlariga ukol qilishadi, niqobli qaroqchilar esa dori topish ilinjida mansabdor shaxslarning qarindoshlari uylariga bostirib kirishadi. Rasmiy ravishda, Amerikaning CDC — Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazi lotereya tashkil qiladi: vaksinalar tug‘ilgan kuniga qarab tarqatiladi.

Bu aslida qanday sodir bo‘ladi va yangi koronavirus uchun vaksina ixtiro qilinganida (agar buning yo‘li topilsa) nima bo‘ladi?

Hamma o‘zi uchun
2009 yilda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining vaksinalarni tadqiq qilish tashabbusini o‘sha vaqtda boshqargan Mari-Pol Kinining ta’kidlashicha, ushbu jarayonning eng qiyin qismi bu preparatni tarqatish uchun adolatli shart-sharoitlarni yaratishdir – «Hukumatlar vaksinani baham ko‘rishga moyil bo‘lmasligi mumkin». U haq bo‘lib chiqdi.

2009 yilning o‘zida bir qator davlatlar cho‘chqa grippi deb nomlanuvchi H1N1 pandemik shtamm uchun vaksinalarni ishlab chiqqan. Ushbu davlatlar orasida Avstraliya ham bor edi, ammo vaksinalarni ishlab chiqaruvchi kompaniyalarga mamlakat ma’murlari birinchi navbatda ichki talabni qondirish, keyin esa vaksinalarni chet elga yetkazib berishni buyurgan.

Endi deyarli barcha mamlakatlarda bir savol bor: vaksina uchun navbatdan qanday joy olish mumkin? U qay yo‘sinda tarqatiladi? Buni kim hal qiladi? Bularning barchasi hozirda JSSTni ham tashvishlantirmoqda. Tashkilotning ta’kidlashicha, ustuvor masalalar unga a’zo davlatlar vakillari bilan muntazam uchrashuvlarda muhokamaga sabab bo‘lyapti. Vaksina birinchi navbatda shifokorlarga va aholining eng zaif qatlami – keksa odamlarga taqdim etilishi kerak degan takliflar mavjud. Shundan so‘ng, vaksinaning yangi dozalari paydo bo‘lishi bilan undan ko‘proq odamlar foydalanishi mumkin bo‘ladi. Ammo bu JSSTning rejasi xolos.

Ekspertlar vaksina paydo bo‘lganida, mamlakatlar «hamma o‘zi uchun» prinsipiga o‘tadi deb hisoblashmoqda Foto: AFP
«Katta ehtimol bilan, vaksinani birinchilardan bo‘lib ishlab chiqqan mamlakat, avvalambor, o‘z aholisining aksariyati emlanmaguncha uning eksportini taqiqlab qo‘yadi, – deydi AQSHning Jons Hopkins universiteti pandemiya va yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassisi Amesh Adalya. – Albatta, bu sodir bo‘lmasligi uchun harakat qilayotgan bir necha xalqaro tashkilotlar, masalan CEPI (Epidemiyaga tayyorgarlik sohasidagi innovatsiyalar koalitsiyasi - BBC) mavjud. Ammo aminmanki, vaksina muallifiga aylangan davlat uni avvalo ichki bozorda tarqatishi ehtimoli yuqori».

Ba’zi davlat rahbarlari yuqumli kasallik paytida «har kim o‘zi uchun» tamoyilini qo‘llash mumkin emasligini ta’kidlashdi. Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning so‘zlariga ko‘ra, vaksina imkoniyati «butun sayyorada bo‘lishi kerak». Uni Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo qo‘llab-quvvatlab, «biz o‘zimizga ham va dunyoning qolgan qismiga ham g‘amxo‘rlik qilishimiz kerak» deb aytdi.

CEPI vaksinologiya sohasidagi loyihalarni moliyalashtiradi va sohaning ishlab chiqarish manbalarini ko‘paytirishga yordam beradi (tashkilotning o‘zi bir nechta yirik fondlar, jumladan Bill va Melinda Geyts jamg‘armasi, shuningdek, Buyuk Britaniya, YEI, Yaponiya va boshqalarni o‘z ichiga olgan millatlar konsorsiumi tomonidan moliyalashtiriladi). Hozirda koalitsiya to‘qqiz turdagi vaksinalar ishlab chiqilishini qo‘llab-quvvatlamoqda va bunga parallel ravishda – ulardan hech qaysisi klinik sinovdan o‘tkazilmaganiga qaramay, JSST bilan hamkorlikda ta’minot tarmog‘ini yaratmoqda.

«JSST vaksinalar sinovini tezlashtirish va vaksina mavjud bo‘lgandan keyin barcha mamlakatlar kerakli dozalarni olishlari uchun uning ishlab chiqarilishini kengaytirish maqsadida homiy kompaniyalar, shuningdek CEPI bilan birgalikda ishlamoqda. Butun dunyo bo‘ylab istiqbolli vaksinalarni qo‘llab-quvvatlash uchun mablag‘lar ajratilmoqda: 2020 yil oxiriga borib yaroqli formula topilsa, hisob-kitoblarimizga ko‘ra, 2021 yil oxirigacha emlanishni istagan ustuvor populyatsiyalar buni amalga oshirishi uchun yetarlicha dozalarga ega bo‘ladi», deydi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotidagilar.

Nega shuncha uzoq?
Ba’zi davlatlar, asosan Yevropa mamlakatlari, vaksinani ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlik qilish va JSST homiysi bo‘lgan koronavirusga qarshi kurash uchun pul yig‘ish kampaniyasida qatnashish haqida gapirishsa-da, ba’zilar hali ham o‘z yo‘llarida qolishga qaror qilishmoqda. Masalan, AQSH va Rossiya yolg‘iz harakat qilyapti.

Rossiyaning «Vektor» davlat virusologiya va biotexnologiya ilmiy markazi SARS-CoV-2 (yangi koronavirus shunday ataladi) uchun o‘z vaksina yaratish ustida ishlamoqda - bu vezikulyar stomatit virusiga asoslangan vaksina. JSST ishlanmani rivojlanish istiqbolli nomzod vaksinalar ro‘yxatiga kiritgan. Rossiya vaksinasini ishlab chiquvchilar JSST tomonidan tashkil etilgan ma’lumotlar almashinuvida faol ishtirok etib, buni foydali tajriba deb atashmoqda.

«Vektor»ning bu boradagi sanoat hamkori bo‘lgan Sankt-Peterburgdagi Biocard kompaniyasi tijoratlashtirishning barcha jarayonini tashkillashtiradi: klinikadan oldin o‘tkazilgan sinovlardan tortib, kelajakda vaksinani ishlab chiqarish va tarqatishgacha. Biocard bosh direktori Dmitriy Morozovning so‘zlariga ko‘ra, mutaxassislar iyul oyining o‘rtalariga kelib SARS-CoV-2 vaksinasini klinikadan oldingi sinovlarini o‘tkazishi rejalashtirilgan, shundan so‘ng ishlab chiquvchilar klinik tadqiqotlar uchun ruxsat olishlari kerak, ular esa optimistik prognoz bilan avgust oyi oxiri - sentabrning boshida boshlanishi kerak. Shunday qilib, yil oxiriga kelib, ushbu emlashning samaradorligi aniqlashadi.

Vaksina ishlanmalarining ko‘pi bozorga chiqmaydi, ammo ko‘plab davlatlar baribir samarali dorilar uchun investitsiya qilmoqda
CORBIS VIA GETTY IMAGES

Hozirgi quvvat kompaniyaga oyiga taxminan 5-6 million dozada vaksina yetkazib berishga imkon beradi va dastlab bu vaksinalar Rossiya bozorida tarqatiladi.

«Emlash rejasi e’lon qilinadi – umid qilamizki, davlat ushbu vaksinatsiyani moliyalashtiradi – va ushbu rejaga binoan, biz vaksinani yetkazib beramiz. Vaksinani yetkazib berish bo‘yicha xalqaro hamkorlar tomonidan murojaatlar allaqachon kelib tushgan. Ishlab chiqarish hajmi oshishi va Rossiya bozorida talab kamaygani sayin, albatta, biz dozalarni chet elga yetkazib berishni boshlaymiz», dedi Morozov BBC'ga.

Agar maqsad pandemiyani to‘xtatish bo‘lsa, unda ommaviy emlash kerak: agar koronavirusdan immunitetga yetarlicha odam ega bo‘lsa, virus hozirgi kabi tez sur’atda yuqmaydi, kasallanish xavfi sezilarli darajada kamayadi va odamlar tez orada odatiy hayot tarziga qaytishadi.

Ammo hozir butun dunyoda sayyoraning barcha aholisini qoniqtiradigan bunday imkoniyat yo‘q. Economist jurnali ma’lumotlariga ko‘ra, har yili barcha mavjud vaksinalarning 5 milliard dozasi ishlab chiqariladi, ularning 1,5 milliardi mavsumiy grippga qarshi vaksinalardir. Agar koronavirus uchun bitta vaksinani ishlab chiqarish uchun barcha mavjud imkoniyatlarni qayta loyihalashtirilsa ham (bu o‘z-o‘zidan mumkin emas, chunki kompaniyalar mavsumiy gripp, qizamiq, qizilcha va boshqa kasalliklarga qarshi vaksinalarni ishlab chiqarishni davom ettirmoqda), sayyoramizdagi 7,8 milliard odamni emlash uchun bir yarim yildan ko‘proq vaqt kerak bo‘ladi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ijtimoiy immunitetni yaratish uchun aholining 80 foizini emlash kifoya. To‘g‘ri, odamlar bitta emas, balki, masalan, ikkita dozaga muhtoj bo‘lishlari mumkin. Shunda gap 12-15 milliard doza vaksina haqida ketadi.

Shu bilan birga, JSST va CEPI dunyodagi eng himoyasiz aholini emlash uchun 2 milliard dozani sotib olish rejasini taqdim etgan. 2021 yil oxiriga kelib tibbiyot xodimlari, 65 yoshdan oshgan odamlar va diabet kasalligi kabi Covid-19 kechishini og‘irlashtiradigan kasalliklardan aziyat chekuvchilar emlanishi mumkin.

JSST hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu ulkan rejani amalga oshirish uchun taxminan 18,1 milliard dollar talab qilinadi. Bu unchalik katta miqdordagi mablag‘ emas – og‘ir ahvolga tushib qolgan Lufthansa va Air France aviakompaniyalari Germaniya va Fransiya shuncha mablag‘ yordam oladi. Dunyoning faqatgina eng yirik davlatlari kelgusi ikki yil ichida pandemiya tufayli 12 trillion dollardan oshiq kamomad yuzaga keladigan global iqtisodiyotni tiklash uchun 10 trillion dollardan ko‘proq mablag‘ ajratishga va’da berishgan.

Quvvatni qayerdan olish kerak?
Rossiyaning Boicard kompaniyasi vaksinani ommaviy ishlab chiqarish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar kerakligini tan oladi – kompaniya ishlab chiqarishni kengaytirish va jarayonni tezlashtirish uchun boshqa kompaniyalar bilan hamkorlik qilishni o‘ylamoqda. Ammo hozircha gap faqat ichki bozor haqida bormoqda; bundan tashqari, boshqa davlatlar ham o‘z vaksinalari ertaroq tayyor bo‘lishidan umidvor.

CEPI yiliga to‘rt milliard dozani ishlab chiqarish uchun vositalar topilganini da’vo qilmoqda. «Ko‘pchilik yiliga to‘rt milliard dozada vaksina yaratish mumkinligiga ishonmaydi. Men ishonaman», deydi koalitsiya vakili Jeyms Robinson.

Ishlab chiqarish quvvatlari infratuzilmasi emlash turiga bog‘liq. Virusli vaksina (zararli neytrallashtirilgan virusni o‘z ichiga olgan), vektor turidagi (SARS-CoV-2 genomining bir qismi boshqa virusning konvertiga joylashtiriladi) muvaffaqiyatli bo‘lishi mumkin yoki bu DNK va RNK asosidagi vaksinalar, oqsilli va boshqalar bo‘lishi mumkin. Muvaffaqiyatli vaksinaning «retsepti» aniq bo‘lmasdan quvvatni yo‘naltirishning iloji yo‘q.

Dunyo koronavirusni aniqlash uchun testlarni ishlab chiqarishda allaqachon shunga o‘xshash muammoga duch keldi: reagentlar (sinov uchun zarur bo‘lgan kimyoviy moddalar) yetishmasligi tufayli ko‘plab davlatlar keng ko‘lamli sinovlarni tez vaqt ichida o‘tkaza olmadi. Vaksina bilan bog‘liq jarayon uchun standart bo‘lgan tarkibiy qismlar ham yetishmasligi mumkin – shisha pufakchalar, bioreaktorlar yoki yordamchi moddalar.

AQSH xususiy farmatsevtika kompaniyalariga klinik sinovlar, sertifikatlash va ishlab chiqarishni tezlashtirishda yordam berib, ularga ishonch bildirmoqda.

AQSH ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, vaksina ishlab chiqaruvchi 5ta kompaniya hukumat bilan foydali shartnomalar imzoladi. Ular asosan farmatsevtika sanoatida taniqli kompaniyalar: AstraZeneca, Johnson&Johnson, Merck va Sanofi. Beshinchisi, Allergiya va yuqumli kasalliklar milliy instituti bilan hamkorlik qiladigan kamroq taniqli Moderna. Rasmiylar vaksina ishlab chiquvchilarni qanday tanlaganliklarini aniq izohlashmagan, ammo Donald Tramp «yorug‘lik tezligidan ham chaqqon» harakat qilishni va’da qilmoqda (ingliz tilida bu reja Operation Warp Speed deb nomlanadi).

OAV Donald Trampni amerikaliklarga doriga eksklyuziv huquqni ta’minlash uchun vaksina ishlab chiqaruvchi nemis kompaniyasini sotib olishga urinishda ayblamoqda
Ba’zi mamlakatlar vaksinani turli ishlab chiqaruvchilardan to‘g‘ridan to‘g‘ri sotib olish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarni tuzishga allaqachon harakat qilishmoqda. Ba’zilar avvaldan pul to‘lab qo‘ygan. Masalan, Germaniya, Fransiya, Italiya va Niderlandiya birlashib, AstraZeneca britan-shved konserni bilan kamida 300 million doza vaksinasini yetkazib berish to‘g‘risida kelishuv imzolashgan.

Xuddi shu miqdordagi dozalar AQSH tomonidan band qilingan. AstraZeneca kompaniyasi o‘z navbatida yangi vaksinani ishlab chiqayotgan Oksford universiteti bilan hamkorlik qiladi. To‘g‘ri, Britaniya vaksinaga nisbatan o‘z huquqini allaqachon e’lon qilgan, bu preparatni birinchi bo‘lib aynan britaniyaliklar qabul qilishadi.

Muammo shundaki, hozirgi vaqtda qaysi ishlanma samarali va qaysi biri muvaffaqiyatsiz bo‘lishini oldindan aytish qiyin. Shu sababli, muvaffaqiyatsiz vaksinaga mablag‘ kiritgan mamlakat oxirida hech narsasiz qolishi mumkin.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Vaksina poygasi. Formula topilsa, unga kim va qachon erishadi?