20:38 / 05.08.2020
4 477

O‘zbekistonda sud-huquq islohotlari yangi bosqichda

O‘zbekistonda sud-huquq islohotlari yangi bosqichda
Muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tomonidan so‘nggi yillarda sud-huquq sohasini yanada takomillashtirish, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralarini kuchaytirish, odil sudlovni ta’minlash bilan bog‘liq bir nechta Farmon va qarorlar qabul qilindi. Bundan qo‘zlangan asosiy maqsad jamiyatimizda sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, sud hokimiyatini chinakam mustaqilligini ta’minlash, shuningdek jamiyatda sudning nufuzini hamda odil sudlov samaradorligini oshirishdan iboratdir.

Jumladan, davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 24 iyul kunida qabul qilingan “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni sohada yana bir muhim islohotlarni amalga oshirilishini ta’minlaydi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.

Mazkur Farmon 15 banddan tashkil topgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida sud-huquq sohasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish, fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini yuksaltirish, ishlarni sudda qo‘rish sifatini oshirish hamda xolis, adolatli va qonuniy sud qarorlarini qabul qilish uchun taraflarning tengligi va tortishuvchanligini amalda ta’minlash mexanizmlarini kengaytirishga qaratilgandir.

Farmon bilan sud tizimida 2021 yil 1 yanvardan boshlab viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik ishlari bo‘yicha, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qat’iy ixtisoslashuvini saqlab qolgan va sud ishlarini yuritish turlari bo‘yicha alohida sudlov hay’atlarini tashkil etgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlarini tashkil etish belgilab olindi.

Shuningdek, Farmon bilan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga o‘tkazilishi belgilandi. Bu esa xorijiy tajriba va dunyo amaliyotiga mos keladi desak xato qilmaymiz, chunki ma’muriy huquqbuzarliklar mohiyatan jinoyat huquqi bilan o‘zaro bog‘likdir. Shu sababli ham ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolatini ma’muriy sudlardan jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga o‘tkazilmoqda.

Farmon bilan tuman (shahar) ma’muriy sudlari tugatilib, ma’muriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ko‘rishga ixtisoslashtirilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo ma’muriy sudlar tashkil etiladi. Bunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari saqlanib qoladi.

Farmonning yana bir e’tiborli jihatini alohida ta’qidlashimiz kerakki, Amudaryo, Nurobod, Boysun va Pastdarg‘om tumanlari iqtisodiy sudlarining tugatilishi, shuningdek fuqarolik ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l tumanlararo sudini, fuqarolik ishlari bo‘yicha Urgut, So‘x, Xatirchi, Paxtakor tumanlari sudlarini, Pastdarg‘om tumanlararo iqtisodiy sudini, jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘zatov, Taxiatosh, Bandixon, Tuproqqal’a tumanlari sudlarini tashkil etilishi jamiyatimizda jismoniy va yuridik shaxslar uchun qulaylik tug‘diradi.

Shuningdek Farmon bilan “bir sud - bir instansiya” tamoyiliga asoslanilib sud ishlarini nazorat tartibida ko‘rish institutini tugatilmoqda, shuningdek prokurorning sudda ishtirok etishi tartibi esa ilg‘or xorijiy tajriba va halqaro standartlarga moslashtirilmoqda.

Bundan tashqari, Farmonda Oliy sud tuzilmasida investitsiyaviy nizolarni hamda raqobatga oid ishlarni ko‘rish bo‘yicha sudlov tarkibini tuzish belgilandi. Mazkur sudlov tarkibiga investitsiya kiritilgan sanada yigirma million AQSH dollari ekvivalentidan kam bo‘lmagan miqdorda investitsiyani amalga oshirgan jismoniy yoki yuridik shaxslar va davlat organlari o‘rtasida yuzaga keladigan investitsiyaviy nizolar hamda raqobatga oid ishlarni ko‘rish vakolati berilmoqda.

Sud-huquq tizimini bosqichma-bosqich isloh qilish 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasida ham belgilab qo‘yilgan. Mazkur sud-huquq sohasidagi islohotlar esa - fuqarolarning buzilgan huquqlarini va qonuniy manfaatlarini sud yo‘li bilan himoya qilinishini ta’minlashga, sudlar faoliyatini takomillashtirishga hamda odil sudlovni samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

M.Ummatova, Rishton tumanlararo iqtisodiy sudining sudyasi
X.Xakimov, Rishton tuman ma’muriy sudining raisi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda sud-huquq islohotlari yangi bosqichda