Avstraliyalik olimlar inson salomatligiga ta’sir etuvchi eng kuchli omillardan biri — yolg‘izlik haqida jiddiy ogohlantirishdi, deb xabar berdi The Guardian. Ularning so‘zlariga ko‘ra, inson o‘zini yolg‘iz his qilganda miya bu holatni jismoniy og‘riq yoki xavf kabi qabul qiladi va darhol himoya reaksiyasini ishga tushiradi.
Miyadagi stress mexanizmlari faollashganida, organizm kortizol va adrenalin kabi gormonlarni ko‘proq ishlab chiqara boshlaydi. Bu gormonlar qisqa vaqtda odamni sergak saqlasa-da, uzoq muddatli holatda yurak, asab tizimi va hatto immunitetga zarar yetkazishi mumkin.
Tadqiqotchilar ta’kidlashicha, inson tabiatan ijtimoiy mavjudotdir. Uning hayot kechirishi va ruhiy barqarorligi ko‘p jihatdan boshqalar bilan muloqotga bog‘liq. Boshqacha aytganda, insonning miyasi hamkorlik, suhbat va emotsional aloqalar uchun “sozlangan”. Shu sababdan, uzoq vaqt yolg‘izlikda yashash — miya uchun tabiiy bo‘lmagan holat hisoblanadi.
Olimlar bunday holatda miyada “yopilish mexanizmi” ishga tushishini ta’kidlashmoqda. Inson atrofida xavf yo‘q bo‘lsa-da, u o‘zini jismonan tahdid ostidagi kabi his etadi. Bu holat xronologik stressga olib keladi, natijada uyqu buziladi, diqqat susayadi va ruhiy holat yomonlashadi.
Shu bilan birga, ijtimoiy aloqalar va ruhiy qo‘llab-quvvatlash miyada aksincha jarayonni boshlaydi. Yaqinlar bilan muloqot qilish, hatto qisqa suhbat yoki tabassum — oksitotsin gormonining ishlab chiqilishiga turtki beradi. Bu modda odamda tinchlik, xavfsizlik va ishonch hissini kuchaytiradi.
Mutaxassislar fikricha, doimiy ijtimoiy muloqot nafaqat kayfiyatni ko‘taradi, balki yurak kasalliklari, depressiya va demensiya (hotira yo‘qolishi) xavfini ham pasaytiradi. Hatto qisqa suhbat, do‘stona muloqot yoki umumiy qiziqishga ega guruhda bo‘lish ham insonning ruhiy holatini sezilarli darajada yaxshilaydi.
Olimlar bu natijalarni turli yoshdagi 3 mingga yaqin ishtirokchi ustidan o‘tkazilgan tadqiqot orqali aniqlashgan. Ular yolg‘izlikda yashovchi odamlarda stress gormonlari darajasi ikki baravar yuqori bo‘lganini va bu holat yurak-qon tomir tizimi faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlashdi.
Psixologlar aytishicha, inson boshqa odamlar bilan muloqot qilganida miya faolligi muvozanatga keladi. Shu sababli, yolg‘iz odamlarga har kuni kim bilandir suhbat qilish, jamoat tadbirlarida ishtirok etish yoki qiziqishlariga mos to‘garaklarga borish tavsiya etiladi.
“Yolg‘izlik – jismoniy og‘riq kabi miya uchun stress manbai. Lekin hatto bir necha daqiqalik suhbat ham miyaga tinchlik hissini qaytara oladi”, – deydi tadqiqotchilar.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!