Ichki ishlar vazirligi hamda Milliy gvardiya tomonidan jamoat xavfsizligini taʼminlashning yangi tartibi joriy etildi. Yangi qoʻshma qarorga muvofiq, endilikda xiyobonlar, istirohat bogʻlari va bozorlarda giyohvandlik vositalari hamda psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasini oldini olish maqsadida xizmat itlari ishtirokida patrul naryadlari faoliyat boshladi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi maʼlum qildi.
Tajriba tariqasida dastlab Toshkent va Nukus shaharlarida, shuningdek, barcha viloyat markazlarida xizmat itlari bilan birgalikdagi naryadlar ish boshladi. Ular fuqarolar koʻp toʻplanadigan hududlarda jinoyatlarning oldini olishga yoʻnaltirilgan maxsus vazifalarni bajaradi.
Maʼlumotlarga koʻra, Toshkent shahar IIBB Kinemologiya boʻlimi xodimlari ayni paytda “Tashkent City Mall” savdo majmuasi, “City Park”, “Dream Park” va “Magic City” kabi joylarda xizmat olib bormoqda. Ular giyohvand moddalarni aniqlashdan tashqari, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, jinoyat sodir etgan shaxslarni topish va ushlashda ham faol ishtirok etadi.
Bundan tashqari, xizmat itlari zarur hollarda fuqarolar yoki huquq-tartibot xodimlariga qarshi hujum uyushtirish ehtimoli bor vaziyatlarda ham qoʻllaniladi. Shuningdek, qoʻlga olingan shaxslarning qochishga urinishi yoki atrofdagilarga zarar yetkazish holatlarini bartaraf etishda ham ularning yordami katta ahamiyat kasb etadi.
Qarorga muvofiq, xizmat itlari ish vaqti ob-havo haroratiga qarab belgilanadi: agar havo +30°C dan yuqori yoki +1°C dan past boʻlsa, ularning xizmat muddati 4 soatdan oshmasligi lozim.
Mutasaddilar taʼkidlashicha, ushbu tashabbus nafaqat jinoyatchilikka qarshi kurashish, balki aholining tinchligi va xavfsizligini taʼminlash yoʻlida muhim qadam hisoblanadi. Yangi tizim sinov natijalariga koʻra, kelgusida boshqa shahar va tumanlarga ham kengaytirilishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!