20:30 / 05.09.2020
2 986

Biz korrupsiyadan qachon qutilamiz?

Biz korrupsiyadan qachon qutilamiz?
Yer yuzida korrupsiya paydo bo‘libdiki, unga qarama-qarshi kuchlar ham mavjud. Bugunga qadar hali biror bir mamlakat bu ofatni tag-tugi bilan yo‘q qilolgani yo‘q.
Bugun dunyoning qator davlatlarida korrupsiyaga qarshi kurashning umume’tirof etilgan, xalqaro tajribalarda sinalgan usullarini qo‘llashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ana shunday xalqaro usullardan biri ISO 37001: 2016 – poraxo‘rlikka qarshi boshqaruv tizimidir.

ISO – International Organization for Standardization jumlasining qisqartmasi bo‘lib, Xalqaro standartlashtirish tashkilotidir. Shtab-kvartirasi Jeneva shahri (Shveysariya)da joylashgan bu yirik xalqaro tuzilma 1946 yilda tashkil topgan. Ikkita yirik tashkilot – Milliy standartlashtirish uyushmalari xalqaro federatsiyasi va Xalqaro standartlarni muvofiqlashtirish qo‘mitasi negizida vujudga kelgan bu tuzilma 1947 yildan to‘laqonli ish boshlagan.

ISOning asosiy vazifalari butun dunyoda xalqaro tovar va xizmat ayirboshlashni ta’minlash maqsadida standartlashtirish, sertifikatlash va faoliyatning aralash turlarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik, shuningdek aqliy, ilmiy-texnikaviy va iqtisodiy sohalardagi aloqalarni rivojlantirishdan iborat. Ingliz, fransuz va rus tillari tashkilotning asosiy tillari sanaladi. Mazkur tashkilotga 164 davlat a’zo bo‘lgan. O‘zbekiston ham 1994 yildan beri uning a’zosi sanaladi.

Hozirga qadar ISO sertifikatlari mamlakatimizda qator ishlab chiqarish korxonalari tizimida joriy qilingan. Zotan, xalqaro standartlash tizimi mahsulotlar va xizmatlarning xalqaro maydondagi maqomi va obro‘sini oshiradi, keng ma’nodagi ishonch va talabni ta’minlaydi.

ISO 37001:2016 Korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimi mazkur xalqaro tashkilotning keng miqyosda korrupsiyaga qarshi kurashda hamkorlikni mustahkamlash maqsadida joriy qilgan loyihalaridan biridir. Bu mexanizm korrupsiya bilan bog‘liq xatarlarni bartaraf etishga qaratilgan. Ushbu standart tashkilotlarga poraxo‘rlikka qarshi tadbirlarni tashkil etish, amalga oshirish, qo‘llab-quvvatlash va kuchaytirishga yordam beradi.

Ushbu standart 2016 yilda Xalqaro standartlashtirish tashkiloti (ISO) tomonidan e’lon qilingan. Standart korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimini (ABMS) joriy etish, boshqarish, qo‘llab-quvvatlash va doimiy ravishda takomillashtirishga qaratilgan talablarni belgilaydi, tashkilot ushbu standart talablariga rioya qilish uchun tegishli harakatlar va yondashuvlarni amalga oshirish to‘g‘risida ko‘rsatma beradi.

Standart rivojlangan mamlakatlarning rasmiy idoralari, nufuzli xalqaro tashkilotlarning ko‘rsatmalariga asoslangan. ISO 37001 Korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimi korrupsiyaning oldini olish va aniqlash bo‘yicha bir qator chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi.

Korrupsiyaga qarshi siyosatni ishlab chiqish, korrupsiyaga qarshi faoliyat uchun mas’ul shaxslarni tayinlash, o‘qitish, loyihalar va biznes sheriklarini, shuningdek mavjud xavf-xatarni huquqiy baholash, moliyaviy nazorat, hisobot va tekshiruv tartiblarini yuritish shular jumlasidan.

ISO 37001 standarti davlat, xususiy va notijorat sohalarda, mansabdor shaxslar va tashkilotlarning noqonuniy manfaatlarini ko‘zlaydigan xatti-harakatlar, pora oldi-berdisi va unga vositachilik qilish singari salbiy holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Ushbu sertifikatni qo‘lga kiritish uchun korxona yoki tashkilotdan korrupsiyaga qarshi ichki nazorat o‘rnatish, rahbar va mutasaddilarning korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimidagi javobgarligini oshirish, tashkilotdagi har bir xodimning bu masaladagi mas’uliyatini tushuntirish, korrupsiya bilan bog‘liq qoidabuzarliklarga nisbatan tegishli choralarning mavjudligi singari xususiyatlar talab etiladi.

Bu tizim ayni paytga qadar dunyoning qator mamlakatlarida sinovdan o‘tkazilgan. ISO 37001 standarti, jumladan, Malayziyada Bosh vazir Mahathir Muhammad boshchiligidagi hukumat tomonidan joriy qilingan. Yangi tizim ham davlat, ham xususiy sektorda kutilgan natijalarni bergan.

Bugungi kunda Buyuk Britaniya, Italiya, BAA, Peru, Singapur, Xitoy singari mamlakatlarning yirik tashkilot va idoralari, ta’lim va tadqiqot markazlarida bu tizimdan muvaffaqiyatli foydalanilmoqda. Shuningdek, Microsoft va Walmart singari yirik kompaniyalar ham ISO 37001 sertifikatiga ega bo‘lish niyatida ekanligini ma’lum qilgan.

ISO 37001 standartining uni tatbiq etadigan tashkilotlar uchun ko‘pgina afzalliklari mavjud. Asosiy maqsad korrupsiya tufayli yuzaga keladigan xavf-xatarni kamaytirishdan iborat. Qisqasi, ISO 37001 Korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimi korrupsiya bilan bog‘liq xarajatlar, xatarlar va zararlarning oldini olish yoki kamaytirish, tashkilot obro‘sini, unga nisbatan ishonchni oshirishga yordam beradi. ISO 37001:2016 tizimini joriy qilishda hech qanday tanish-bilishchilik, ko‘zbo‘yamachilik ketmaydi. Faqat muayyan idorada ushbu tizimning qonun-qoidalari joriy etilgani xalqaro ekspertlar ishtirokida tasdiqlanganidan keyingina ISO sertifikati topshiriladi.

Bizda ham so‘nggi yillarda korrupsiyaning oldini olish va uning oqibatlarini bartaf etish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. 2017 yil 3 yanvar kuni “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida” Qonun, 2019 yil 27 mayda davlat rahbarining “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni e’lon qilindi. 2020 yil 26 iyun kuni Prezident qarori bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. Bularning barchasi mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va uning oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan keng qamrovli sa’y-harakatlar yo‘lga qo‘yilganidan darak.

Ammo, bizning davlat idoralarimiz hali-hanuz korrupsiya unsurlaridan xalos bo‘lolmayapti. Xalqaro miqyosdagi ko‘rsatkichlarimiz havas qilarli darajada emas. Transparency International tashkilotining 2020 yil 23 fevralda e’lon qilingan reytingida O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi kurashish ko‘rsatkichlari bo‘yicha 180 mamlakat orasida 153 o‘rinda qayd etilgan. Demak hamon bu borada dunyo reytingida oxirgi qatorlarda bormoqdamiz.

Joriy yil boshida mamlakatimiz rahbari Oliy Majlis palatalariga yo‘llagan Murojaatnomasida aynan korrupsiyani yo‘qotish uchun har bir inson “halollik vaksinasi” bilan emlanishi zarurligini ta’kidlagan edi. Ammo, afsuski, hali jamiyatning turli jabhalarida korrupsiya, tanish-bilishchilik, poraxo‘rlik, tama’girlik singari illatlarga duch kelyapmiz. Bir so‘z bilan aytganda yurtimizda bu illat odamzod dunyoga kelganidan boshlab to so‘nggi manzilga yo‘l olguniga qadar “hamrohlik” qiladi.

Bu gap shunchaki pafos emas. Tasavvur qiling, chaqaloqning dunyoga kelishi chog‘ida tug‘ruqxonadagi qo‘shimcha “xarajatlar”ni kim inkor eta oladi? Hatto ba’zida marhumni so‘nggi yo‘lga kuzatish ham korrupsiyasiz amalga oshmaydi. Yaqinda internetda o‘qidim. Poytaxtdagi o‘likxonalardan birining mas’ul xodimi koronavirus sababli vafot etgan marhumning jasadini yaqinlariga tezroq topshirish evaziga 200 dollar olayotib qo‘lga tushibdi. Ochig‘i, bunday holatlarni ko‘rib, eshitib dahshatga tushadi odam.

To‘g‘ri, davlat rahbari faoliyatining ilk davridan boshlab bu illatning tomirini qirqish bo‘yicha qator ko‘rsatmalar berib kelayotir. Qaror, farmon va qonunlar, davlat dasturlari, turli me’yoriy hujjatlar qabul qilinmoqda. Shu paytga qadar ko‘pgina idora va tashkilotlar rahbarlari “biz korrupsiyaga qarshi kurashda unday qilamiz, bunday qilamiz” deb bong urishmoqda. Biroq, xalqimiz “quruq qoshiq og‘iz yirtar” deb bekorga aytmaydi.

Bu borada qilinayotgan ishlar xalqaro tashkilotlar reytingida o‘z aksini topmas ekan, dunyoning turli mamlakatlari tajribasida sinalgan ISO 37001: 2016 singari boshqaruv tizimlari, andozalar joriy qilinmas ekan, bizda korrupsiyaning tanazzuli shirin orzuligicha qolib ketaveradi.

Xo‘sh, yurtimizda ushbu sertifikatni qo‘lga kiritishga loyiq biror vazirlik yoki tashkilot bormikin? Bor bo‘lsa, nega o‘rtaga chiqmayapti? Agar ular ko‘pchilik bo‘lsa, kim birinchi bo‘larkin? Mayli, yillar davomida mansab kursisiga o‘rganib, eski odatlar qon-qonigacha singib ketgan “rahbar”larning bu illatga qarshi kurashish uchun quvvati ham, xohishi ham yo‘qdir? Prezident ishonch bildirgan yosh rahbarlar-chi? Yoki ularga ham bunday maqom, e’tirofning keragi yo‘qmi?

Dilfuza Ergasheva,
jurnalist

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Biz korrupsiyadan qachon qutilamiz?