19:30 / 13.09.2020
2 431

Bapaka incofda

Bapaka incofda
Yaqinda yuz bergan bir voqea yodga tushdi. «Chorsu» bozoridan ro‘zg‘or uchun ul-bul xarid qilib, bekat tomon yurdim. Uch-to‘rt qadam yurmasimdan bitta «Lasetti» shundoq yonginamda to‘xtadi. Biror tanishmikan desam, begona yigit.

Old oynani tushirib, «Qayoqqa?» deb so‘ragan edi, «Xalqlar do‘stligi» maydoniga, 5 ming» dedimu, «Yaxshi yetib oling!» degan javobni eshitdim. Chetdan qaraganda «Yaxshi yetib oling!» qo‘pol gap emas, ammo hamma gap uning qay ohangda aytilishida. Buning o‘rniga «Uzr, yo‘lim emas ekan» desa, asakasi ketmaydi-ku! Bolaligimizda ota-bobolarimizdan kamchilik ko‘pchilikka, turgan o‘tirganga, otliq piyodaga salom beradi deb ko‘p eshitganmiz. O‘sha paytdagi otni hozir avtomashina deb oladigan bo‘lsak, demak, haydovchi yo‘lovchiga salom berishi kerak bo‘ladi. Afsuski, bugungi kunda buning tamomila aksi bo‘lmoqda.

Yuqoridagi gaplar bilan hamma haydovchilarni ayblash fikridan yiroqman. Qolaversa, birovdan ijaraga mashina olib, kirakashlik orqali oilasini boqayotgan, shuning barobarida, yo‘lovchilar bilan muomalani ham joyiga qo‘yadigan yurtdoshlarimiz har qadamda uchraydi. Birgina misol, iyul oyi o‘rtalarida «Olmazor» metro bekati tomon yo‘lim tushdi. Jamoat transporti hali ishga tushmagani bois yo‘lovchi mashinaga qo‘l ko‘tardim. «Matiz» mashinasi to‘xtadi. Haydovchi o‘rta yoshlardagi kishi ekan, «5 ming so‘m beraqoling» dedi yo‘lkirani so‘rasam. Arzon aytganiga hayron bo‘lib o‘tirdim. Mashina biroz yurgach, haydovchining o‘zi gap boshladi:

– Shuncha yo‘lga arzimagan pulni aytdi deb hayron bo‘layotgandirsiz? To‘g‘ri, boshqalarga qaraganda ikki barobar arzon aytdim. Hayron bo‘lmang, insof sari baraka deyishadi-ku. Birinchidan, yo‘lim shu tomonda. Bundan tashqari, o‘tgan yili boshimdan o‘tgan bir voqea sabab yo‘lovchilarni aytgan puliga olib ketaveraman. To‘g‘ri, ko‘pincha benzin pulini ham oqlamaydi. Ammo nachora… Ochig‘i, birovga aytsang, ishonmaydi. O‘tgan yili shu mashinani bir odamdan ijaraga olgandim. Ozroq pul berdim, qolganini har oyda belgilangan kunda yetkazishim shart.

Aniqroq aytsam, bir yilga uch ming dollar berishim kerak edi. Xullas, erta bilan ko‘chaga chiqsam, bir qiz qo‘l ko‘tardi. Yaponmi, koreysmi, bilmadim, ammo xorijlik edi. O‘zining tiliga ruschani aralashtirib, «Bochka»ga chiqmoqchiligini tushuntirdi. Rozi bo‘ldim. Narxini so‘radi. Himmati ekanini aytdim. Yo‘l-yo‘lakay dugonasini ham oldik. «Bochka»ga soat o‘n birlarda yetib bordik. Bir chetga o‘tirib, mastava buyurishdi.

Meni ham esdan chiqarishmadi. Soat 15:00 dan o‘tganda ortga qayt­dik. Dugonasini tashlab, uni ham olgan joyiga olib borib qo‘ydim. Sumkasini kavlab, 100 dollar chiqardi. «Bu pulga qaytimim yo‘q» desam tushunmaydi. Bir nimalar deb qo‘limga tutqazadi. Oxiri qaytimi kerak emas deganini anglab yetdim. U mashinadan tushar ekan, qo‘lidagi soatni ko‘rsatib, bir nimalar dedi. Ertaga ham shu paytda, shu yerga kelishim kerakligini qiynalib bo‘lsa-da, tushunib oldim.

Shu kundan boshlab bir oy davomida har kuni dugonasi ikkovini «Bochka»ga olib chiqdim. Har kuni qaytgandan keyin 100 dollar beradi deng. Bir oy bo‘lganda rahmat deya xayrlashdi. To‘g‘ri uyga borib, pullarni oldim-da, mashina egasining yoniga g‘izilladim. U avvaliga bir yilda berishim kerak bo‘lgan pulni bir oyda berganimga hayron bo‘ldi. Voqeani eshitgach, «mashinani nomingizga o‘tkazib olishingiz uchun» deya ikkita 100 dollarlikni qo‘limga tutqazdi. Xudoga shukur, o‘sha qiz sabab mashinali ham bo‘ldim. Shu-shu, avvalo o‘zimga, keyin boshqalarga insof so‘rab, qora qozonni qaynatib yuribman…

«Insof sari baraka» deya rizqini terib yurgan bu yurtdoshimizning gap­laridan keyin anchadan beri g‘ashimga tegadigan yana bir holat yodimga tushdi. Bozorlar, bekatlar-ku mayli, ammo kasalxonalar oldida turib olib, qo‘lida mashinasi kalitini o‘ynatgancha «Taksi… Qayoqqa borasiz?» deya ichkaridan chiqayotganlarning yo‘lini to‘sayotgan kirakashlarning qilig‘i hech bir quyushqonga sig‘maydi. Yo‘lkira uchun ikki-uch barobar qimmat narxni aytadi. Kasalxonada yotgan yaqini og‘irlashib qolganda odamning ko‘ziga hech narsa ko‘rinmaydi. Shunday ekan, bundan nafsi yo‘lida foydalanish ham odamgarchilikka to‘g‘ri kelmaydi-da!

Insof haqida so‘z yuritdik. Insof nima o‘zi? «Muslim.uz» saytidagi bir maqolada insofga quyidagicha ta’rif berilgan:

«…Insof haddan oshmaslikdir. Ba’zan insof haqida gapiramizu, ammo asli insofning nima ekanligini ko‘pchiligimiz yaxshi bilmaymiz. Xalqimiz orasida “Dunyoni obod qiladigan ham, barbod qiladigan ham inson! Insonni odam qiladigan ham, ado qiladigan ham insof!” degan ajoyib hikmat bor.

…Birov bizni aldashini xohlamaymizmi? Demak, boshqalarga yolg‘on gapirmaylik. Birov bizga kibr qilib, yerga urishini istamaymizmi? Demak, biz ham o‘zgalarga takabburona muomala qilmaylik. Mana shu insofdir.

Afsuski, butun dunyoda hukm surgan pandemiya ham ayrim insofsizlarni ko‘rsatib berdi. Uzoqqa bormaylik, mart oyi­da yurtimizda karantin joriy etilgach, viloyatlardan poytaxtga tahsil olish va ishlash uchun kelgan hamyurtlarimiz uylariga qaytishda ancha qi­yinchiliklarga duch keldi. Shaharlararo qatnovchi taksi haydovchilari narxni ikki-uch barobar oshirib olishdi. Ijtimoiy tarmoqlarda noroziliklar aks etgan maqolalar paydo bo‘ldi. Aynan o‘sha paytda poytaxtdan viloyatlarga mashina karvonlari yo‘lga chiqdi. Viloyat hokimliklari va transport boshqarmalarining bunday xayrli tashabbusiga ko‘ngillilar ham qo‘shildi. Ikki-uch kunda asosiy qismi talabalardan iborat bo‘lgan yo‘lovchilar zahmatsiz uylariga yetib oldilar.

Aslini olganda har qanday ishni boshlashda qonun-qoidaga amal qilish, kerakli hujjatlarni rasmiylashtirib olish kerak. Yuqorida qayd etilgan «insofini yutgan» haydovchilarning litsenziyasi borligi ham shubhali. Qolaversa, ayrimlaridan yo‘lkira haqini nima uchun bunchalar ko‘tarib yuborganini so‘rasangiz, «Ha endi uyda karantin qilib o‘tirdik. Yeb-ichganimizning o‘rnini to‘ldirish kerak-ku!» deyishdan nariga o‘tmaydi. Vaholanki, ular yo‘lkira haqini ko‘tarish bilan o‘ziga o‘xshab karantinda o‘tirgan qorako‘zlarga jabr qilayotganini o‘ylab ham ko‘rmaydi.

Ayolim iyul oyida uyimiz yonidagi poliklinikaga chiqib, u yerda ishlaydigan hamshira ayolning yo‘l masalasida yozg‘irganini aytib bergan edi.

– Har kuni «Uzbum»dan ishga kelish uchun 40 ming so‘m, kechqurun uyga qaytish yana shuncha. Kuniga 80 ming so‘m. Maoshim esa bir million so‘mga ham yetmaydi, topganim yo‘ldan ortmayapti. Ilgari avtobusda kelib-ketardim, bilinmasdi. Shukur, «Mayli opa, ataganingizni berarsiz. Duo qiling» deydigan haydovchilar ham bor, baraka topishsin. Ishdan bo‘shay desam, pensiyaga ozgina qoldi. Ustiga-ustak, shunday og‘ir damlarda ketib qolish ham insofdan emas…

Toshkent shahar transport boshqarmasi taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining qaroriga asosan boshqarmaning avtomobil tashuvlari xavfsizligini ta’minlashni nazorat qilish bo‘limi inspektorlari tomonidan haydovchilar qonun doirasida (litsenziya va boshqa ruxsat beruvchi hujjatlar asosida) yo‘lovchi tashishi va yo‘l harakati qoidalariga rioya qilishi, yo‘l haqi sun’iy ravishda oshirilishining oldini olish bo‘yicha targ‘ibot ishlari amalga oshirilgan. Chunonchi, 30 nafar inspektor, yo‘l-patrul xizmati hamda milliy gvardiya xodimlaridan iborat guruhlar shaharning 11 ta tumanida yo‘nalishsiz taksi faoliyati yuzasidan qo‘shma reydlar o‘tkazgan.

Karantin joriy etilgan davrda «Toshshahartransxizmat» AJ tarkibiga kiruvchi 8 ta avtobus saroyida aholiga litsenziya asosida yo‘lovchi tashish xizmatini ko‘rsatuvchi transportlarni bepul dezinfeksiya qilish tashkillashtirilgan. Ularda har kuni 6 mingdan ziyod transport dezinfeksiya qilinmoqda. Talabga javob bermagan transportlar kamchiliklarni bartaraf etish uchun qaytarilayapti.

Inspektorlar tomonidan 2020 yil 15 martdan hozirgi kunga qadar aniqlangan huquqbuzarliklar yuzasidan 2259 ta ma’muriy bayonnoma va dalolatnomalar rasmiylashtirilgan.

Maqolani yozish jarayonida taksichilar faoliyati bilan qiziqib, suhbatlashib ko‘rdim. Har o‘n haydovchidan bittasida litsenziya bo‘lib, o‘sha 90 foizi javob berishni xohlamadi. Aynan litsenziyaga ega bo‘lgan haydovchi (ism-familiyasini sir tutishni iltimos qildi) qolganlari haqida o‘z fikrlarini bajonidil o‘rtoqlashdi.

– Boshqa haydovchilarni tushunmayman. Shaxsan o‘zim ertalab taksoparkka borib, 10 ming so‘mga yo‘l varaqasi olaman. Keyin SESga kirib, ko‘rikdan o‘taman va yo‘lga otlanaman. Ahamiyat bering, atigi 10 ming so‘m evaziga. Vaholanki, bir quti sigaret 10 ming so‘m atrofida, haydovchilarning 70-80 foizi esa chekadi. Bir quti sigaret pulining bahridan o‘tsa, unga qancha imtiyoz berilishini esa o‘ylab ham ko‘rmaydi.

Bir kunda 300 ming so‘mga yaqin topaman, nolimayman. Kamina so‘nggi bir haftada uch marta «To‘xtash taqiqlanadi» yo‘l belgisi qo‘yilgan joyda mijoz tufayli to‘xtadim. Inspektorlar hujjatlarimni tekshirib, oq yo‘l tilashdi. Agar litsenziyam bo‘lmaganda, eng kam oylik ish haqining uch barobari miqdorida jarima to‘lashim kerak bo‘lardi. Aytmoqchi, 370 ming so‘mga yo‘lovchilarning sug‘urtasi ham bor. Xudo ko‘rsatmasin, yo‘lda falokat bo‘lib qolsa, sug‘urta ish beradi. Litsenziyasi yo‘qlar nima qiladi?

Umuman olganda, har ishda insof-diyonatni unutmaslik kerak. Yaqinda tanish haydovchilar aytib qolishdi, bir odam har juma kuni xalqqa tekinga xizmat qilar ekan. Unga havasim keldi, nasib qilsa biz ham uning darajasiga yetib qolarmiz…

G‘ofurjon ALIMOV

Manba: Huquq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bapaka incofda