14:16 / 14.09.2020
2 241

Islohot yoki chiqindi chelagi! Fransiya prezidenti murakkab tanlov qarshisida qoldi

Islohot yoki chiqindi chelagi! Fransiya prezidenti murakkab tanlov qarshisida qoldi
Fransiyada karantin davrida bir muddat to‘xtagan ommaviy norozilik namoyishlar yana avj oldi. Dam olish kunlari poytaxt Parij hamda muzofotlarda minglab kishi namoyishga chiqqan. Politsiya ko‘zdan yosh sizdiruvchi gazdan foydalangan, 300 ga yaqin kishi hibsga olingan.

Fransiyada «sariq nimchalilar» namoyishi 2018 yil noyabrdan buyon tanaffuslar bilan davom etib keladi. Dastlab aholi avtomobil yonilg‘isi oshishidan norozi bo‘lib ko‘chalarga chiqqan bo‘lsa, keyinroq hukumat oldiga qo‘yilayotgan talablar doirasi kengaydi. Endilikda prezident Emmanuel Makron ma’muriyatidan pensiya islohotlarini to‘xtatish talab etilmoqda. O‘ng‘ay vaziyatdan foydalangan muxolifat esa prezident iste’fo berishi lozim deya bong urmoqda.

Hukumat pensiya yoshini 62 dan 64 ga ko‘tarishni taklif etmoqda. Bundan o‘n yil avval Fransiyada erkaklar ham, ayollar ham 60 yoshdan nafaqaga chiqqan. Hukumat fikricha, o‘rtacha umr ko‘rish ko‘rsatkichi 82 yoshni tashkil etayotgan bir paytda pensiya yoshini oshirish maqsadga muvofiqdir. O‘tgan yilgi namoyishlar to‘lqini Makron ma’muriyatini bu borada yon berishga majbur qildi. Ammo hukumat fuqarolar to‘laqonli pensiya olishi uchun ball yig‘ish tartibini taklif etdi. Ayni choqda, o‘qituvchilar, shifokorlar, huquqshunoslar, transport, elektr va gaz sohasi xodimlari, jami 42 kasb-kor egalari muddatdan oldin pensiyaga chiqish huquqidan mahrum etilishi rejalashtirilmoqda. Ya’ni hukumat pensiya yoshi borasida yon bergan bo‘lsa-da, amalda bu boradagi imtiyozlarni bekor qilishni ko‘zlamoqda.

Prezident Makron ma’muriyatining xavotirini ham tushunish mumkin. Ayni paytda mamlakatda bir nafar pensionerga ikki nafar ishlovchi to‘g‘ri kelyapti. Ilgari esa bu ko‘rsatkich 1:4 ni tashkil etar edi. Keksalar armiyasi kengayib pensiya miqdori ko‘payib borar ekan, byudjet defitsiti ham keskin oshishi muqarrar. Ammo ko‘p yillar davomida ishlab, og‘zi oshga yetdim deganda, yana bir necha yil ishlashi talab etilayotgan mehnatkashlar bunday dalillarni qabul qilishi dushvor.

Joriy yil mart oyida prezident Makron pandemiya sabab tahlikali holat yuzaga kelgan paytda pensiya islohotlar to‘xtatib turilishini e’lon qildi. Ammo iyul oyida bu boradagi o‘zgarishlar qayta boshlanishini bildirdi.

«Pensiya islohotini chiqindi chelagiga tashlaymizmi? Yo‘q. Bu xato bo‘lur edi. Men hukumatdan ijtimoiy hamkorlarimiz bilan muzokaralarni boshlashni so‘rayman. Pensiya islohotidan voz kechmaymiz», – dedi E.Makron.

Muxolifat esa pensiya tizimidan avval sog‘liqni saqlash jabhasini isloh etish lozim degan fikrda. Xususan, «Olg‘a, Respublika!» partiyasining parlamentdagi fraksiyasi raisi Jil Le Jandr ham fransuz millatini tafriqaga soluvchi islohotdan voz kechish lozimligini talab qilmoqda.

E.Makron 2017 yilda Fransiyaga o‘tmish buyukligini qaytarish shiori bilan prezidentlikka saylangan. U pensiya ta’minoti uchun sarflanayotgan mablag‘larni qisqartirib, tejalgan mablag‘ni iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishga yo‘naltirmoqchi. Ammo kasaba uyushmalari, umuman, ishchilar harakati keng quloch yozgan Fransiya sharoitida bunga erishish oson bo‘lmasligi aniq.

Aslida Fransiyada pensiya islohoti haqidagi ilk tashabbuslar 1995 yilda yangragan. Ammo avvalgi prezidentlar Nikolya Sarkozi va Fransua Ollandlar ham ijtimoiy norozilik sabab pensiya islohotiga kirishishga jur’at qilmagan. Ayni paytda prezident Makron juda murakkab tanlov qarshisida qoldi: u yo norozilik to‘lqiniga parvo qilmay islohotni davom ettirishi, yoki undan butkul voz kechishi kerak. Islohotni davom ettirish elektorat orasida muxoliflarni ko‘paytirib, uning ikkinchi muddatga saylanish ehtimolini kamaytirishi mumkin. E’lon qilingan olamshumul rejadan voz kechish esa siyosatchining ojizligi deya talqin etilishi hech gap emas. Koronainqirozning ikkinchi to‘lqini ko‘lanka solib turgan bir paytda oqilona qaror qabul qilish mushkul, juda mushkul...

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Islohot yoki chiqindi chelagi! Fransiya prezidenti murakkab tanlov qarshisida qoldi