“Manchester Yunayted” bosh murabbiyi Ruben Amorim Angliya premer-ligasida “Liverpul” ustidan qo‘lga kiritilgan muhim g‘alabadan so‘ng jurnalistlar bilan bo‘lgan suhbatda jamoa o‘yini haqida o‘z fikrlarini bildirdi, deb xabar berdi BBC Sport.
Amorimning ta’kidlashicha, bu g‘alaba uning klubdagi faoliyatidagi eng katta va ahamiyatli natija bo‘lgan. Shu bilan birga, u futbolchilarni va muxlislarni ham tabrikladi.
«Menimcha, bu “Manchester Yunayted”dagi eng katta g‘alabam bo‘ldi. Bugungi natija biz uchun katta ahamiyatga ega, ammo ertaga u orqada qoladi. Bu uch ochko bizga ishonch va kuch bag‘ishlaydi. Har bir bahsda kurashyapmiz, faqat ikkinchi bo‘limlarda ba’zan o‘z o‘yinimizdan chiqib ketayapmiz. Lekin jamoada ruh va jon bor — bu eng muhimi», — dedi murabbiy.
Amorimning so‘zlariga ko‘ra, jamoa o‘yindan oldin raqibni chuqur tahlil qilgan va standart vaziyatlar orqali g‘alabaga erishishni rejalashtirgan:
«O‘yinni chuqur tahlil qildik va standartlar bugungi bahsda asosiy qurolimiz bo‘lishi kerakligini angladik. Tajribali o‘yinchilarni maydonga tushirdik. Pressingda faol harakat qilganimizda raqib to‘p yo‘qotishini sezdik. Bu orqali g‘alabaga erishdik».
Murabbiy shuningdek, jamoa yetakchisi Harri Maguayrning o‘yinini ham alohida ta’kidladi:
«Maguayr bugun jamoa uchun katta ish qildi. U nafaqat maydonda, balki kiyimxonaning o‘zida ham yetakchi bo‘lishi kerak. U o‘z tajribasi bilan yoshlarga namuna bo‘ladi», — dedi Amorim.
G‘alabadan keyingi kayfiyat haqida gapirar ekan, portugaliyalik mutaxassis kulimsirab shunday dedi:
«Futbolchilarimning xursand bo‘lganini ko‘rsam, men ham mamnun bo‘laman. Lekin ular kiyimxonada qo‘ygan musiqani eshitib, yuragim siqildi — mening musiqadagi ta’bim ularnikidan ancha yaxshi».
Amorim fikricha, “Liverpul” ustidan qo‘lga kiritilgan bu g‘alaba “Manchester Yunayted” uchun yangi bosqichni boshlab berishi mumkin. Murabbiy jamoa endi barcha diqqatni keyingi bahs — “Brayton”ga qarshi o‘yinga qaratganini ta’kidladi.
Shunday qilib, Ruben Amorimning so‘zlariga ko‘ra, “MYU”dagi bu g‘alaba nafaqat natija jihatidan, balki jamoaviy ruh va ishonch nuqtayi nazaridan ham muhim ahamiyat kasb etadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!