23:35 / 29.09.2020
6 712

O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunida qanday o‘zgarishlar bo‘ldi?

O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunida qanday o‘zgarishlar bo‘ldi?
Hozirgi kunda mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimini rivojlantirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, farzandlarimizning jahon andozalariga mos sharoitlarda zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashlari, jismoniy va ma’naviy jihatdan yetuk insonlar bo‘lib voyaga yetishlarini ta’minlash, ularning qobiliyat va iste’dodi, intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish, yoshlarimiz qalbida ona yurtga sadoqat va fidoyilik tuyg‘ularini kamol toptirish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi "O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida"gi farmonida ijtimoiy soha, xususan, ta’lim va ilm-fan sohalarini takomillashtirish borasida qator vazifalar belgilangan. Ushbu vazifalardan kelib chiqib, ta’lim tizimini takomilashtirish, o‘quv adabiyotlari bilan sifatli ta’minlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash shuningdek, amaldagi ta’lim tizimini isloh qilish va ilgg‘or xorijiy tajribaga mos ravishda ta’lim tizimini yaratish bo‘yicha bir qancha o‘zgarishlar bo‘ldi.

Jumladan, ta’lim sohasidagi munosabatlarni tartibga soladigan O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilinib, mazkur qonun 2020 yilning 23 sentabr kunidan kuchga kirdi. Ushbu qonunga ko‘ra ilk bor inklyuziv ta’lim joriy etildi. Inklyuziv ta’lim alohida ta’lim ehtiyojlari va individual imkoniyatlarning xilma-xilligini hisobga olgan holda barcha ta’lim oluvchilar uchun ta’lim tashkilotlarida ta’lim olishga bo‘lgan teng imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan ta’lim olish shakli hisoblanadi.

Qonunga muvofiq, ta’lim turlari quyidagilardan iborat bo‘ldi:
- maktabgacha ta’lim va tarbiya;
- umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim;
- professional ta’lim;
- oliy ta’lim;
- oliy ta’limdan keyingi ta’lim;
- kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
- maktabdan tashqari ta’lim.

Shuningdek, umumiy o‘rta ta’lim I–XI sinflarni o‘z ichiga olib, o‘rta maxsus ta’lim akademik litseylarda 9 yillik tayanch o‘rta ta’lim asosida 2 yil mobaynida amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi. Professional ta’lim boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim darajalariga ajratildi. Endilikda boshlang‘ich professional ta’lim kasb-hunar maktablarida IX sinf bitiruvchilari negizida kunduzgi ta’lim shaklida 2 yillik integratsiyalashgan dastur asosida bepul amalga oshirilishi hamda o‘rta professional ta’lim kollejlarda davlat buyurtmasi yoki to‘lov-shartnoma asosida davomiyligi 2 yilgacha bo‘lgan kunduzgi, kechki va sirtqi ta’lim shakllari bo‘yicha amalga oshirilishi belgilandi. O‘rta maxsus professional ta’lim texnikumlarda davlat buyurtmasi yoki to‘lov-shartnoma asosida davomiyligi kamida 2 yil bo‘lgan kunduzgi, kechki va sirtqi ta’lim shakllari bo‘yicha amalga oshiriladigan bo‘ldi.

Qonunga muvofiq, davlat oliy ta’lim, o‘rta maxsus, professional ta’lim muassasalari va ularning filiallari, shuningdek davlat ishtirokidagi oliy, o‘rta maxsus, professional ta’lim tashkilotlari va ularning filiallari Prezident yoki Hukumat qarorlari bilan tashkil etilishi hamda nodavlat ta’lim muassasalarini tashkil etish ularning ta’sischilari tomonidan amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi. Nodavlat ta’lim tashkilotlariga litsenziya esa Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan berish joriy etildi.

Bundan tashqari mazkur qonun bilan pedagog xodimlarning maqomi va ular faoliyatining kafolatlari belgilab qo‘yildi. Xususan, pedagog xodimlarning maqomi jamiyat va davlat tomonidan tan olinishi, pedagog xodimlar ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanashi, o‘z kasbiy faoliyatini amalga oshirishi, ularning ijtimoiy maqomi va obro‘sini oshirish uchun tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratilishi, shuningdek o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini amalga oshirish uchun kafolatlar berilishi nazarda tutilgan.

Ta’lim tashkilotlari pedagog xodimlarining huquqlari, sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘si davlat himoyasi ostida bo‘lishi va ularning kasbiy faoliyatiga aralashishga, ta’lim oluvchilarning bilimlarini to‘g‘ri va xolis baholashga ta’sir ko‘rsatishga, shuningdek ushbu pedagog xodimlarning xizmat majburiyatlarini bajarishiga to‘sqinlik qilishga yo‘l qo‘yilmasligini belgilanishi e’tirofga loyiq deb o‘ylayman.

Ta’lim sohasidagi xalqaro hamkorlik bo‘yicha ham bir qancha normalar belgilanib, bunda ta’lim sohasidagi vakolatli davlat boshqaruvi organlari xorijiy davlatlarning tegishli vakolatli organlari, ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilishi, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi fuqarolarni xorijiy davlatlarning ta’lim muassasalariga o‘qish uchun yuborishi, pedagog xodimlar va ta’lim oluvchilar almashinuvini amalga oshirishi, rahbar hamda pedagog xodimlarning xorijiy davlatlarda tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etishi, o‘z xodimlari hamda mutaxassislarini xalqaro konferensiyalarga va stajirovkalarga yuborish, ularning xalqaro loyihalar hamda ilmiy tadqiqotlarda ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlab borishlari belgilab qo‘yildi.

Xulosa qilib aytganda, ushbu qonun bilan joriy qilinayotgan yangiliklar ta’lim muassasalarida pedagog kadrlar salohiyati va ta’lim sifatining oshirilishida, oliy ta’lim muassasalariga eng iqtidorli yoshlarning qabul qilinishida, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli hamda tizimli o‘zgarishlarda ta’lim muassasalarining faol ishtirok etishini ta’minlashda qo‘l keladi.

Dilfuza Abdullayeva
Toshkent davlat yuridik universitetining
Ixtisoslashtirilgan filiali Xususiy-huquqiy fanlar
kafedrasi mudiri v.b.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunida qanday o‘zgarishlar bo‘ldi?