18:00 / 30.09.2020
2 758

Xush omaded. Farg‘onaliklarning Tojikistondagi yuz yillik taqdiri

Xush omaded. Farg‘onaliklarning Tojikistondagi yuz yillik taqdiri
Farg‘onadanmisiz? — qo‘qqisdan so‘rab qoldi jurnalistlarning o‘rtasida turib intervyu berayotgan Ne’matxoji bobo. — Gapingizdan farg‘onalik ekaningiz ko‘rinib turibdi. Qayeridan? Oltiariq emasmi? Ota-bobolarimiz o‘sha joylardan kelishgan.

Biz — bir guruh jurnalistlar Tojikistonning Tursunzoda nohiyasidamiz. Qarshimizda turgan va bizga intervyu berayotgan Ne’matxoji Usmonov esa shu yerlarda yuzlab gektar yerga tok ekkan, atrof muzofotdagi barcha bog‘bonlarning ustozi hisoblanadi. U yetishtirgan uzum navlari juda mashhur, dong‘i Qozog‘istonu Rossiyaga qadar borgan. O‘zi esa asli Farg‘onadan, bog‘bonlik ota kasb. Ajdodlari yuz yil oldin shu yerlarga kelib qolgan edi. Shu bois ham farg‘onacha shevada gapirgan hamkasbimizni ko‘rib boshqacha hayajonlandi. Qon tortadi-da.

Yana yuz yildan keyin ham shu boboning avlodlaridan bo‘lgan kimdir Farg‘onadan kelgan mehmonni ko‘rib qolsa, xuddi shunaqa hayajonlansa kerak. Ota yurt, axir...

Xabar.uz'da Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida yashab kelayotgan «farg‘onachilar» haqida ma’lumot berilgan edi. Xoji bobo ham o‘shalardan. Faqat bitta farq — yuz yil oldin Farg‘onadan ko‘chgan katta bir xalqning yarmi Uzunda qolgan bo‘lsa, qolgani Tursunzodaga o‘tib ketgan. Oradagi masofa esa 15-20 kilometr xolos.

Tojikistonga safar haqida avval yozganlarimda «xuddi O‘zbekistondan ketmagandekmiz», degan edim. Tursunzoda tumaniga kelgach esa Farg‘onada yurgandek bo‘ldik. Ishonavering. Dovon oshib vodiyga borsangiz ham xuddi shunaqa tok ishkomlarini va xuddi shunday odamlarni ko‘rasiz. Xushfe’l, sertavoze va samimiy.

Bobolarimiz ham bog‘bonlik bilan shug‘ullangan, Farg‘onaning Oltiarig‘ida, Bozorboshi mahallasida shunaqa ishkomlari bo‘lgan. Mehnat qilgan odam hech qachon kam bo‘lmaydi. Ular ham o‘ziga to‘q edi, uy-joylari yaxshi bo‘lgan, — Xoji boboga bu gaplarni otasi aytgandi. Uning o‘zi esa shu yerda, Tursunzodada, 1946 yilda tug‘ildi. Butun umri Tojikistonda o‘tdi, ammo ko‘ngilning bir chetida baribir Farg‘ona yashayveradi.

Otamning aytishlaricha, bobomiz boy bo‘lgani bilan, bir umr mehnatda o‘tgan ekan. Ocharchilik yillarida xalqqa yordam bergan, odamlarga non tarqatgan, osh bergan. Ammo taqdir ekan, zamon o‘zgarib, hokimiyatga sho‘rolar kelgandan keyin o‘ziga to‘q odamlarga hujum boshlandi. Kollektivizatsiya deyishadi. O‘shanda birinchilardan bo‘lib katta bobomiz — Xolmat bobo ketib qolgan ekan.

Xolmat boboni sho‘rolar qamoqqa oladi. U Buxoroning G‘ijduvonida, qamoqda vafot etgan. Mol-mulki tortib olingan, bolalari esa quloq qilingan. Bu yog‘iga endi qamoqqa olish navbati farzandlarga kelayotgan edi. Shu bois ham yurtdan bosh olib ketishga qaror qilinadi. Xolmat boboning o‘g‘li Zaynob xoji boshchiligidagi oilalar shu tariqa Tursunzodaga kelib qoladi.

Bir kechada hamma narsani tashlab, quruq qo‘l bilan yo‘lga chiqishgan. Taqdir shu yerlarga, Tursunzodaga boshlagan. U vaqtlarda bu joylar qup-quruq yer bo‘lgan ekan. Otalarimiz kapa tikib, yer kavlab, dehqonchilikni boshlagan. Tursunzodaga bog‘dorchilikni farg‘onaliklar olib kelgan. Shundan buyon kasbimiz otadan bolaga o‘tib kelyapti, — deydi Xoji bobo.

O‘tgan asrning to‘qsoninchi yillari Tojikiston uchun og‘ir keldi. Qardosh o‘lkada fuqarolar urushi boshlandi. Bu yerda uni «jangi shahrvandi», deydilar. O‘sha vaqtlarda Xoji boboning bog‘i ham vayron bo‘ldi. Ota-bobolari Sho‘rodan aziyat chekkan bo‘lsa, uni va farzandlarini boshqacha sinov kutib turgan ekan.

Bu avlodning hech bir vakili urush ko‘rmay qolmadi.

Urush vaqtida bog‘larimiz vayron bo‘ldi, deyarli hech narsa qolmadi. Keyinchalik Emomali Rahmon boshchiligida mamlakatni tiklash boshlanganda biz ham qarab turmadik. Uzum navlari yo‘qolib ketgandi, ko‘chat yetishtirish barbod bo‘lgandi. Men ishni ko‘chatdan boshladim. Yuz gektar yer olib, o‘sha yerda ko‘chat yetishtirib, atrof muzofotga yetkazib berdik. Hozir bu ish shunchalik rivojlanganki, uzum o‘zimizdan ortib, chetga sotilyapti. Mana shu ko‘rib turganingiz ishkomlardan olingan hosil Qozog‘istonga ketadi, — deydi Xoji bobo.

Ne’matxoji Usmonov va uning farzandlarida hozir hamma narsa bor. Bari tinchlik tufayli. Bir kun janjal bo‘lgan joydan qirq kun baraka qochadi, deydilar. Bu yerlarga o‘sha baraka qirq yilga qolmay qaytdi. Buni odamlarning uy-joyi, bog‘-rog‘i va minib yurgan mashinasidan ham bilsa bo‘ladi.

Xoji boboning yana qanday orzusi bor?

Mening hamma orzularim ro‘yobga chiqib bo‘lgan. Bobolarim sho‘ro ta’qibiga uchraganda «shu yerlar ham mustaqil bo‘larmikan», deb orzu qilgan. Biz maktabda Turgenevu Lermontovni o‘qidik, ammo Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiyni hech kim o‘rgatmadi. Baxtimizga mustaqillik keldi. Bizni Alloh asradi, shu ketishda tilimizni yo‘qotishimiz ham hech gap emas edi. Bu kunlar uchun har qancha shukr aytsak ham kam.

Zafar QOSIMOV
Toshkent-Dushanbe-Tursunzoda

Manba: Xabar.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Xush omaded. Farg‘onaliklarning Tojikistondagi yuz yillik taqdiri