“Manchester Siti” klubi yoshlar siyosatini davom ettirmoqda. Jamoa rahbariyati 20-yanvarda Abduqodir Husanovni olib kelishi bilan boshlangan avlodlar almashinuvi jarayonini yanada faollashtirmoqchi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Xosep Gvardiola so‘nggi mavsumlarda katta yutuqlarga erishgan, ammo yoshi katta bo‘lgan o‘yinchilar o‘rnini asta-sekin yangi avlod bilan to‘ldirishni maqsad qilgan. Ispaniyalik murabbiyning navbatdagi e’tiboriga tushgan nom – “Nottingem Forest” yarim himoyachisi Elliot Anderson bo‘ldi.
Transfer News Live va Daily Express manbalariga ko‘ra, “shaharliklar” rahbariyati 22 yoshli angliyalik iste’dod uchun taxminan 87 million yevro sarf etishga tayyor. Bu summa “Nottingem Forest” uchun katta taklif sanaladi, ammo ular hozircha o‘yinchini sotish masalasida shoshilmayapti.
Anderson bu yil sentyabr oyida Angliya terma jamoasi safida debyut qilgan bo‘lib, uni olish oson bo‘lmasligi aytilmoqda. “Manchester Siti” uning uchun transfer bozorida “Chelsi” va “Manchester Yunayted” kabi kuchli raqiblar bilan bellashishiga to‘g‘ri keladi.
Ma’lumot uchun, Elliot Anderson ilgari “Nyukasl Yunayted” akademiyasida tarbiyalangan va 2024-yil yozidan buyon “Nottingem Forest” sharafini himoya qilib kelmoqda.
Markaziy yarim himoyachi bilan klub o‘rtasidagi amaldagi shartnoma 2029-yilning yarmigacha mo‘ljallangan. Transfermarkt ekspertlari uning bozor qiymatini 32 million yevro deb baholamoqda, ammo Gvardiola unda katta potensial ko‘rmoqda.
“Siti”dagi islohotlar shundan dalolat beradiki, Gvardiola jamoani kelajak uchun qayta qurmoqda. Abduqodir Husanov bilan boshlangan bu yo‘nalish Elliot Anderson kabi yosh va faol futbolchilar bilan davom etishi kutilmoqda.
Shunday qilib, “Manchester Siti” yozgi transfer oynasida yana bir yosh iste’dod uchun kurashga kirishdi — bu kurash nafaqat moliyaviy, balki strategik jihatdan ham muhim ahamiyat kasb etadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!