Avstraliya dunyodagi eng kichik qit’a hisoblansa-da, uning maydoni juda katta — taxminan 7,7 million kvadrat kilometrni tashkil qiladi. Bu ko‘rsatkich Yevropaning umumiy hududi bilan deyarli taqqoslanadi, deb yozdi BBC Earth.
Yevropa qit’asi 10,2 million kvadrat kilometrga cho‘zilgan. Biroq bu hududning katta qismi — taxminan uchdan biri — Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi. Agar Rossiyani hisobdan chiqarsak, Yevropaning haqiqiy maydoni 6,6 million kvadrat kilometr atrofida bo‘ladi.
Taqqoslash uchun, Yevropa Ittifoqining umumiy maydoni 4,2 million kvadrat kilometr bo‘lib, u Avstraliyadan ancha kichik. Ammo aholi soni bo‘yicha vaziyat mutlaqo aksincha — Yevropa Ittifoqida 450 milliondan ortiq kishi yashaydi, butun Yevropada esa bu ko‘rsatkich 744 millionga yetgan.
Avstraliya aholisi esa jami 27 million kishi atrofida. Bu — Yevropa bilan solishtirganda juda kichik raqam. Bunga sabab, qit’aning ichki qismidagi katta hududlar quruq, kam suvli va yashash uchun noqulay bo‘lgani uchun aholi asosan sohil bo‘ylariga jamlangan.
2024-yil ma’lumotlariga ko‘ra, Avstraliya aholisining uchdan bir qismidan ko‘prog‘i faqat ikkita megapolis — Sidney (5,23 million kishi) va Melburnda (4,95 million kishi) istiqomat qiladi. Qolgan hududlar, ayniqsa mamlakat markazi, deyarli aholisiz bo‘lib qolmoqda.
Shunday qilib, geografik jihatdan Yevropadan kam bo‘lmagan Avstraliya, aholi jamlanishi va iqtisodiy faollik nuqtayi nazaridan butunlay boshqacha ko‘rinishga ega. Bu qit’a keng hududlarga ega bo‘lsa-da, uning asosiy hayot markazlari okean sohillari bilan cheklangan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!