15:30 / 08.10.2020
6 546

Davlat tili to‘g‘risidagi qonunchilik: muammo va yechimlar

Davlat tili to‘g‘risidagi qonunchilik: muammo va yechimlar
“Davlat tili haqida”gi qonunni qabul qilish biz uchun oson kechmaganini ham, mustaqillik yillarida o‘zbek tilini davlat tiliga aylantirish yo‘lida amalga oshirilgan qator chora-tadbirlarni ham xalqimiz juda yaxshi biladi. Ammo ushbu o‘tgan yillar ichida o‘zbek tili chindan ham davlat va xalq tili darajasiga erisha oldimi? Bu savol bugungi kunda ham dolzarb bo‘lib qolmoqda.

2019 yil 21 oktabr kuni Davlatimiz rahbari “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonni imzoladi. Unga muvofiq 21 oktabr sanasi yurtimizda “O‘zbek tili bayrami kuni” deb belgilandi.

Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi huzurida o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradigan, yangi so‘z va atamalarni rasmiy iste’molga kiritish bo‘yicha Atamalar komissiyasi tashkil etildi.

Bu muhim hujjatning qabul qilinishi davlat tilini rivojlantirishga qaratilgan ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi, bu sohada yana bir muhim qadam qo‘yildi. Chunki O‘zbekistonda shu vaqtgacha davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan monitoringni amalga oshiradigan yagona, mustaqil va markazlashgan tuzilma yo‘q edi.

Biroq oldimizda bir qancha o‘z yechimini kutayotgan muammolar mavjud. “Davlat tili haqida”gi Qonunning bir qator normalari deklarativ va umumiy xarakterga ega bo‘lganligi sababli ko‘zlangan maqsadga to‘la erishishning imkoni bo‘lmayapti.

Xususan, “Davlat tili haqida”gi Qonunning (keyingi o‘rinlarda Qonun) 8-moddasida “O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining boshqa hujjatlari davlat tilida qabul qilinadi va e’lon etiladi. Bu hujjatlarning tarjimalari boshqa tillarda ham e’lon qilinadi”, deb belgilangan bo‘lsada, ayrim sohalardagi davlat idoralarida hujjatlarni davlat tilida qabul qilish yetarlicha yo‘lga qo‘yilmagan. Bu esa ayrim hollarda jismoniy va yuridik shaxslarga noqulayliklar keltirib chiqarmoqda.

Shuningdek, Qonunning 10-moddasida korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va jamoat birlashmalarida ish yuritish, hisob-kitob, statistika va moliya hujjatlari davlat tilida yuritiladi, ishlovchilarining ko‘pchiligi o‘zbek tilini bilmaydigan jamoalarda davlat tili bilan bir qatorda boshqa tillarda ham amalga oshirilishi mumkinligi belgilanganligiga qaramasdan, ayrim sohalarda statistika va moliya hujjatlari, shartnomalar talab darajasida davlat tilida yo‘lga qo‘yilmagan. Xususan, ayrim xizmat ko‘rsatish sohalari (kommunal, internet xizmatlari va x.k.) tomonidan shartnoma, dalolatnoma, ogohlantirish xati kabi hujjatlar ko‘pincha davlat tilida rasmiylashtirilmayotganini ko‘rish mumkin.

Qonunning 20-moddasida lavhalar, e’lonlar, narxnomalar va boshqa ko‘rgazmali hamda og‘zaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtiriladi va e’lon qilinadi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkin deb belgilangan bo‘lsada, mazkur qoidaga har doim ham amal qilinmayapti. Xususan, ayrim savdo yoki xizmat ko‘rsatish sohlari tomonidan bevosita yoki internet tarmoqlari orqali berilgan lavhalar va e’lonlarda davlat tili talablariga rioya qilmaslik holatlarini kuzatish mumkin.

Masalan, savdo yoki xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat yurituvchi savdo do‘konlari, umumiy ovqatlanish joylarida va ularning internet saytlarida xorijiy tilda yozilgan “mi otkrilis”, “rasprodaja”, “skidka”, “dostavka”, “sale” kabi so‘zlarni ko‘p uchratish mumkin.
Vaholanki, o‘zbek tilida “chegirma”, “yetkazib berish”, “arzon narxda” kabi ushbu so‘zlarning muqobillari mavjud.

Shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining hujjatlarida o‘zbek tilida o‘rindoshi mavjud bo‘lgan so‘zlardan foydalanmasdan xorijiy atamalarni (termin, shtat, komissiya va boshqa shu kabi so‘zlarni) qo‘llash holatlarini ham uchratish mumkin.
Bu kabi holatlarning mavjudligi, o‘z navbatida, davlat tili to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish va shu orqali uning jamiyat hayotidagi o‘rni va ahamiyatini yanada oshirish hamda mustahkamlash lozimligini anglatadi.

Xorijiy tajriba
Fransiyada 1994 yilda qabul qilingan Tubon qonunida davlat tashkilotlari tomonidan ish yuritish istisnosiz fransuz tilida olib borilishi, atamalarning fransuzcha muqobili turganda, boshqa tildagisini ishlatish taqiqlanishi qat’iy belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari, kinosaroylarda filmlar namoyishi va reklamalarda fransuz tili qoidalariga to‘liq rioya qilishi belgilangan.

“Polyak tili to‘g‘risidagi” qonunga ko‘ra, mehnat munosabatlarida taraflardan biri Polsha hududida doimiy yashovchi shaxs bo‘lgan hollarda ish yuritish polyak tilida olib boriladi. Ya’ni, mamlakatda faoliyat yuritadigan xorijiy korxonalarda bittagina Polsha fuqarosi yoki Polshada doimiy yashovchi shaxs ishlasa, bu korxonada davlat tili to‘g‘risidagi qonun talablariga rioya qilinishi kerak.

2002 yil 30 sentabrda qabul qilingan “Ozarbayjon Respublikasida davlat tili to‘g‘risida”gi Qonunda Ozarbayjon Respublikasining har bir fuqarosi davlat tilini bilishga majburligi, ozarbayjon tili mamlakat siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, ilmiy va madaniy hayotining barcha jabhalarida davlat tili sifatida qo‘llanilishi nazarda tutilgan.

Xizmat ko‘rsatish sohasida, reklama va e’lonlar berishda davlat tili qo‘llaniladi. Xorijiy davlat fuqarolariga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq ishlarda esa davlat tili bilan bir qatorda boshqa tillar ham qo‘llanilishi mumkin. Bunda xorijiy tildagi reklama yoki e’lon egallagan maydon uning davlat tilida berilgan shaklidan katta bo‘lmasligi va bunday e’lonlar ularning ozarbayjon tilidagi shaklidan so‘ng joylashtirilishi lozimligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Shuningdek, ushbu qonunda Ozarbayjon Respublikasida ishlab chiqarilgan mahsulotlarning nomi va ulardagi yorliqlar, shuningdek boshqa yozuvlar tegishli xorijiy til bilan birga davlat tilida ham bo‘lishi kerakligi, mamlakat hududiga import qilinayotgan mahsulotlarning nomi va ulardagi yorliqlar, qo‘llash yo‘riqnomalarining ozarbayjon tilidagi tarjimasi bo‘lishi shartligi keltirib o‘tilgan.

Ozarbayjon tilining orfografiya va orfoepiya qoidalari tegishli ijro etuvchi hokimiyat organi tomonidan tasdiqlanishi, yuridik, jismoniy va mansabdor shaxslar mazkur qoidalarga qat’iy amal qilishlari lozimligi, har besh yilda bir marta mas’ul organ tomonidan yozma til qoidalarini o‘z ichiga oluvchi lug‘at (imlo lug‘ati) nashr etib borilishi belgilangan.

Gruziya hukumati tomonidan 2015 yil 22 iyulda qabul qilingan “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonunda ommaviy xizmatchilar (ya’ni, davlat xizmatchilari, deputatlar, jamoat va boshqa tashkilotlar rahbarlari singari) davlat tilini bilishi shartligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Qonunchilik tashabbusi bilan Gruziya Parlamentiga kiritilayotgan qonun loyihalari va takliflar gruzin tilida taqdim etiladi. Barcha fuqarolar davlat idoralari, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqa tashkilotlari bilan davlat tilida munosabat olib borishlari shart. Ya’ni, fuqarolarning murojaat va yozishmalari davlat tilida bo‘lishi talab qilinadi.

Shuningdek, Qonunda davlat tilini himoya qilish kafolatlariga qaratilgan alohida bob ajratilgan bo‘lib, unda davlat gruzin tilini himoya qilishi, barcha davlat organlari va mahalliy idoralari davlat tilining rivoji va sofligi uchun javobgar ekanligi belgilab qo‘yilgan.

Qozog‘iston Respublikasining davlat tili to‘g‘risidagi qonunchiligiga ko‘ra, davlat tili qozoq tili bo‘lib, davlat tili – davlat boshqaruvi, qonunlar, sud ishlarini yuritish, ish yuritish tili bo‘lib, butun davlat hududida ijtimoiy munosabatlarning barcha sohalarida amal qilishi, davlat tilini bilish har bir Qozog‘iston Respublikasi fuqarosining burchi va vazifasi ekanligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Xulosa va takliflar
Xorijiy davlatlar tajribasini inobatga olgan holda davlat tilini takomillashtirish yuzasidan quydagilar taklif qilinadi:
1. Davlat tilini bilish davlat xizmatchilari, deputatlar, ommaviy va boshqa bir qator kasb egalari uchun davlat tilini bilish majburiyligini qonun bilan mustahkamlash hamda davlat xizmatchilarining davlat tilini bilish darajasi bo‘yicha imtihon qilish amaliyotini joriy etish;
2. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda atamalarning o‘zbekcha muqobili turganda, boshqa tildagisini ishlatish ta’qiqlanishini qat’iy belgilab qo‘yish;
3. Davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va jamoat birlashmalarida ish yuritish, hisob-kitob, statistika va moliya hujjatlarini davlat tilida yuritishni shart qilib, zaruriyatga qarab boshqa tillarga tarjima qilinishini belgilash;
4. Xorijiy tilda berilgan reklama yoki e’lonlar ularning o‘zbek tilidagi shaklidan so‘ng joylashtirilishi lozimligini belgilash;
5. Davlat xizmatchilarining davlat tilini bilishi shartligini nazarda tutish,
Mazkur o‘zgarishlarning amalga oshirilishi davlat tilining hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini oshishiga, davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritish to‘liq davlat tilida amalga oshirilishiga olib keladi.

Ravshan Nurmatov,
Sardorbek Avezov
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti mas’ul xodimlari

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Davlat tili to‘g‘risidagi qonunchilik: muammo va yechimlar