06:00 / 14.11.2020
2 154

Kadastr ma’lumotnomasi masalalari bir kun ichida hal etilayotgani ma’lum qilindi

Kadastr ma’lumotnomasi masalalari bir kun ichida hal etilayotgani ma’lum qilindi
11 noyabr kuni Toshkent shahar Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasida «Raqamlashtirilayotgan kadastr sohasida integratsiya jarayonlari korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy omili» mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi. Anjumanni Davlat kadastrlari palatasining Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i Murod Fayzullayev ochib berdi.

«Hozirda ko‘chmas mulkka taalluqli bo‘lgan xatti-harakatlarda raqamlashtirish yuqori darajada ketmoqda. Bugungi kunda fuqarolar yoki tadbirkorlar kadastrning eshigi tagida «sarg‘ayib» turishiga hojat yo‘q. Kadastr sohasidagi xizmatlarning barcha turi Davlat xizmatlari markazida yo‘lga qo‘yilgan.

Bundan tashqari, kadastr axborot tizimi 9ta manfaatdor vazirlik va idoralar axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan. Buning natijasida avvallari fuqaro yoki tadbirkorlarda qarzdorlik mavjud bo‘lsa, MIB tomonidan bir varaqda taqiq va cheklov xatlari bizga kelib tushar edi. Toshkent shahrida bunday cheklovlar ko‘p bo‘lgani sababli xatlarni qayta ishlash, javob xati yozish kabi ishlar 10 kun vaqt talab qilardi. Agar fuqaro ushbu taqiqni olib tashlashni istasa, yana shuncha muddat kadastr va MIB tashkilotlari o‘rtasida sargardon bo‘lardi.

Endilikda bularning hammasi raqamli tarzda amalga oshirilmoqda. Fuqaro yoki tadbirkorga taqiq qo‘yish va uni olib tashlash jarayoni sezilarli darajada tezlashgan. Shuningdek, ko‘chmas mulk ob’ektlari bo‘yicha notarial idoralarga taqdim qilinadigan ma’lumotnoma berish muddati ilgari 15 kunni tashkil qilgan bo‘lsa, bugungi kunda ma’lumotnomalarning 70 foizi onlayn tarzda berilmoqda va bu masala asosan bir kun ichida hal etilmoqda.

Shuningdek, biz yaqin kelajakda banklar bilan kredit masalalari bo‘yicha ham integratsiya qilishni rejalashtirmoqdamiz
», – dedi Murod Fayzullayev.

Anjuman davomida Davlat xizmatlari agentligi mas’ul xodimi Sarvar Qodirov ham so‘z oldi.
«Agentlikning asosiy vazifasi – yuridik va jismoniy shaxslarning davlat organlari bilan bo‘ladigan munosabatlarida tartib, shaffoflik va qulaylikni ta’minlash, qolaversa korrupsiya holatlarini oldini olish hisoblanadi.

Bu tizimning ijrosini ta’minlash va nazorat olib borish agentlik tomonidan amalga oshiriladi. Shuningdek, davlat organlari xodimlari tomonidan ish bajarish muddatidan o‘tib ketadigan yoki asossiz ravishda rad etiladigan bo‘lsa, qonunchilikda belgilangan tartibda sub’ektga nisbatan tegishli tartib choralari qo‘llaniladi
», – dedi Sarvar Qodirov.

Eslatib o‘tamiz, 15 oktabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida «Davlat kadastrlarini yuritishning yangi tizimini samarali tashkil etish, hududlardagi mavjud rezervlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar» mavzusida kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgandi. Unda sohada korrupsiyaga qarshi kurashish va bu boradagi qonunchilik normalarini keng jamoatchilikka yetkazish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berilgandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Kadastr ma’lumotnomasi masalalari bir kun ichida hal etilayotgani ma’lum qilindi