15:23 / 05.12.2020
2 717

Qonun hujjatlari loyihalari davlat tilida tayyorlanishi lozim

Qonun hujjatlari loyihalari davlat tilida tayyorlanishi lozim
Joriy yilning 4 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining “Qonun ustuvorligini ta’minlash
va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlari” ijrosiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Matbuot anjumanida ishtirok etgan Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti direktori A’zam Madaminov ma’lum qilishicha, Davlat dasturining 71 ta bandida Adliya vazirligiga vazifalar belgilangan bo‘lib, shundan 8 ta band bo‘yicha vazirlik asosiy ijrochidir. Dastur ijrosi yuzasidan vazirlik tomonidan 10 ta qonun hujjati loyihasi ishlab chiqilgan, shundan bugungi kun holatiga 4 tasi (3 ta Prezident Farmoni va 1 ta Vazirlar Mahkamasi qarori) qabul qilindi.

Xususan, joriy yilning 29 aprel kuni qabul qilingan PF-5987-sonli Prezident Farmoniga asosan Samarqand, Namangan va Termiz davlat universitetlarida yuridik fakultetlar tashkil etildi va joriy o‘quv yilidan o‘qishga qabul amalga oshirildi. Malakali huquqshunos kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida yuridik ta’lim muassasalarida nomutaxassislik fanlar soni qisqartirilib, o‘quv jarayoni kredit-modul tizimini qo‘llagan holda tashkil qilinmoqda.

Ma’ruzachi, shuningdek, mamlakatimizda Harakatlar strategiyasi doirasida o‘tgan to‘rt yil mobaynida qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan islohotlarning ayrim jihatlariga e’tibor qaratdi.

Avvalambor, qonunchilik sifati o‘zgargani ta’kidlandi. Bugungi kunda qonunlarni qabul qilishda fuqarolar va jamoatchilik fikri inobatga olinmoqda (Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali (regulation.gov.uz) ishlab turibdi), qonunlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan bo‘lishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Yana bir muhim jihat bu bugungi kunda qonun loyihalarining davlat tilida tayyorlanishi qatiy talab qilinayotganidir. Ilgari ayrim qonunlar loyihalari asli boshqa tilda tayyorlangan va keyin davlat tiliga tarjima qilingan. Oqibatda ayni bir qonunning ikkita tildagi nusxalari orasida tafovutlar yuzaga kelgan holatlar mavjud edi. Bunday holatlar ham aholiga,
ham davlat idoralariga qonunni qo‘llashda qiyinchiliklar tug‘diradi.

Aholining huquqiy ongini oshirish maqsadida ishga tushirilgan Advice.uz (Maslahat.uz) milliy huquqiy internet portali, “Huquqiy axborot” telegram kanali orqali huquqiy targ‘ibot ishlari faol olib borilmoqda. Natijada aholining huquqiy ongi va madaniyatini sezilarli darajada oshirishga erishildi, fuqarolarimiz o‘z haq-huquqlarini dadil talab qilishni o‘rganishdi.

Shu bilan birga davlat xizmatchilarning huquqiy bilimlarini oshirish ham kun tartibiga qo‘yilgan. Xususan, davlat xizmatchilari uchun Konstitutsiya va qonunlarni, o‘z faoliyat sohasini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni bilishning minimal talablarini belgilash, ularning huquqiy bilimlarini muntazam oshirib borishni nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi ishlab chiqilgan va hozirda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosi davom etmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qonun hujjatlari loyihalari davlat tilida tayyorlanishi lozim