date

Toshkentda yuk mashinalari harakatini cheklash tizimi joriy etiladi

Toshkentda yuk mashinalari harakatini cheklash tizimi joriy etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyevga poytaxt va uni o‘rab turgan hududlarda yuk avtomobillari uchun maxsus avtovokzallar hamda to‘xtash maydonlari qurishga qaratilgan yangi loyiha taqdim etildi.

Loyihaga ko‘ra, yangi obyektlar yo‘l-patrul xizmatining “Erkin”, “Sharq”, “Bektemir”, “Uch qahramon” va “Turbanov” postlari yaqinida barpo etiladi. Bu yerlarda haydovchilar uchun dam olish hududlari, kempinglar va xizmat zonalari ham tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ayrim obyektlar uchun 7,7 gektar, 4,25 gektar va 8 gektarlik yer maydonlari ajratiladi. Ular orasida eng gavjum nuqta sifatida Sergeli tumanidagi “Erkin” posti ko‘rsatilmoqda — bu yer orqali kuniga 40–50 mingga yaqin transport vositasi kirib-chiqadi.

Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latov “O‘zbekiston 24” telekanalidagi “Menimcha” dasturi orqali poytaxtda yuk avtomobillari harakati muayyan vaqtlarda cheklanishini ma’lum qildi.

“Toshkentda tig‘iz soatlarda yuk mashinalarining harakatini vaqtinchalik cheklash rejasi bor. Ertalabki paytlarda cheklovlar joriy etamiz. Avtobuslardan tashqari, yuk mashinalari uchun ham dam olish maskanlari quriladi. Masalan, Samarqanddan kelayotgan yuk mashinasi soat 8:00 da Toshkentga yetib kelsa, u maxsus to‘xtash maydonida bir necha soat kutib, keyin shaharga kirishi mumkin bo‘ladi. Shunda tig‘iz vaqtda harakatni tartibga solish osonlashadi”, – dedi vazir.

Bundan avvalroq Toshkent shahri hokimi Shavkat Umurzoqov poytaxtga har kuni 400 mingdan ortiq avtomobil kirib kelishini ta’kidlab, bu holat harakat tizimida jiddiy muammolarni keltirib chiqarayotganini aytgandi.

Shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Haydarov esa kirish-chiqish postlarini ko‘chirish va yangi yo‘l yechimlari orqali tirbandlikni qisqartirish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgan.

Yangi loyihaga ko‘ra, shahar tashqarisida avtovokzallar, kempinglar hamda yengil va yuk mashinalari uchun alohida to‘xtash hududlari barpo etiladi. Mablag‘ ajratish masalasi hal etilgan, loyihalash ishlari 2025-yilda, qurilish esa kelasi yil boshida boshlanishi ko‘zda tutilgan.

Mutaxassislar fikricha, ushbu tizim Toshkentdagi yo‘llardagi tirbandlikni sezilarli darajada kamaytiradi va transport oqimini tartibga solishda muhim rol o‘ynaydi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Toshkentda yuk mashinalari harakatini cheklash tizimi joriy etiladi