Janubiy Koreyada yashovchi 42 yoshli Gil Li Von ismli ayol go‘zallik ortidan ketgani uchun so‘nggi 15-yilda 400 ga yaqin plastik operatsiya va kosmetik muolajalarni amalga oshirgan. U buning uchun taxminan 300 million von — ya’ni 210 ming dollar sarflagan. Bu haqda tvN STORY telekanalidagi ko‘rsatuvda ma’lum qilindi.
Gil Li Von birinchi marta 2010-yilda plastik jarrohlikka murojaat qilgan. Uning aytishicha, o‘sha paytda universitetga tayyorgarlik ko‘rayotgan chog‘ida semirib ketgan va atrofdagilarning masxarasi, shuningdek, sevgilisining tanqidlari uni qattiq ranjitgan. “Odamlar tashqi ko‘rinishim haqida gapiraverganidan keyin o‘zimga ishonchim yo‘qoldi”, — degan u.
Shundan so‘ng Gil o‘zidagi norozilikni yo‘qotish uchun kosmetik operatsiyalarni boshlagan va orqaga qaytmagan. U peshonaga yog‘ ko‘chirish, burin va iyak plastikasi, ikki qovoq jarrohligi, yuz konturini tuzatish, liposaksiya va turli dermatologik muolajalarni amalga oshirgan.
“15-yil ichida 400 ga yaqin muolajadan o‘tganman. Ular vaqt o‘tishi bilan sekin-asta to‘plandi. Har biri menga yangi ishonch berdi”, — deydi Gil.
Ayolning so‘zlariga ko‘ra, u ayrim paytlarda tanasiga ortiqcha aralashuv qilishni o‘ylagan, lekin shifokorlar unga haddan ortiq operatsiyalar xavfli ekanini aytgan. Shu sabab u hozirgi qiyofasidan mamnun va uni saqlab turish uchun muntazam dermatolog ko‘rigidan o‘tib turadi.
“Men plastik jarrohlikdan afsuslanmayman. Bu menga yangi hayot, yangi ishonch va yangi o‘zligimni berdi”, — deb ta’kidlagan Gil Li Von.
Janubiy Koreya dunyoda plastik operatsiyalar soni bo‘yicha yetakchi mamlakatlardan biri hisoblanadi — statistikaga ko‘ra, har uchinchi ayol hayoti davomida kamida bir marta kosmetik amaliyot o‘tkazadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!