date

Abduqodir Husanov yana safdan tashqarida: qaytishi kechikmoqda

Abduqodir Husanov yana safdan tashqarida: qaytishi kechikmoqda

«Manchester Siti» Angliya Premer-ligasidagi so‘nggi beshta uchrashuvda to‘rt marta g‘alaba qozonib, peshqadam «Arsenal» bilan durang qayd etganidan so‘ng musobaqa jadvalida ikkinchi pog‘onaga ko‘tarildi.

Endilikda Xosep Gvardiola e’tiborini Yevropa Chempionlar ligasi doirasidagi navbatdagi muhim bahs — Ispaniyadagi «Vilyarreal»ga qarshi o‘yinga qaratgan.

«Shaharliklar» qit’aning eng nufuzli musobaqasida bir g‘alaba va bir durang bilan kuchli sakkizlik sari qadam tashlamoqda. Ammo klub ichidagi jarohatlar Gvardiolaning bosh og‘rig‘iga aylangan.

Rodri holati jiddiylashdi

Ispaniyalik yarim himoyachi Rodri «Brentford»ga qarshi o‘yinda jarohat olib, maydonni erta tark etgandi. Uning o‘zi “jiddiy xavf yo‘q” degan bo‘lsa-da, klub shifokorlari vaziyatni jiddiy deb baholamoqda.

«Tizzamda yengil og‘riq his qildim, lekin bu og‘ir jarohat emas deb o‘ylayman. Eng muhimi, xavfli emas», — dedi Rodri Sky Sports’ga.

Shunga qaramay, Gvardiola uni shoshilmay tiklantirish tarafdori. Chunki o‘tgan mavsum Rodri uzoq muddat safdan chiqqandi.

Taxminiy qaytish muddati — noyabr oyi.

Ayt-Nuri maydonga qaytish arafasida

Jazoirlik himoyachi Rayan Ayt-Nuri bir necha haftalardan beri jarohatini davolamoqda. Gvardiola so‘zlariga ko‘ra, u mashg‘ulotlarga qo‘shilgan, lekin hali o‘yinga tayyor emas.

«Everton»ga qarshi bahsda ishtirok etmagan futbolchi «Vilyarreal» bilan to‘qnashuvda ham maydonga chiqmasligi mumkin. Uning qaytishi 26 oktyabr, «Aston Villa»ga qarshi uchrashuvda kutilyapti.

Abduqodir Husanovning holati

O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov sentyabr oyidan beri maydonga tushmayapti. U «Arsenal»ga qarshi bahsda jarohat olib, shundan keyin jamoaga qo‘shila olmagan.

Dastlab uning tiklanishi tez kechishi kutilgan, ammo shifokorlar kutganidan sekinroq natija qayd etmoqda. Husanov FIFA kunlaridagi Kuvayt va Urugvayga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlarini ham o‘tkazib yubordi.

Sky Sports tarqatgan so‘nggi mashg‘ulot lavhalarida ham o‘zbek legioner ko‘rinmagan. Bu uning Yevropadagi «Vilyarreal»ga qarshi bahsni ham o‘tkazib yuborishi ehtimolini oshirdi.

Gvardiolani oldinda og‘ir oy kutib turibdi

«Manchester Siti» bir vaqtning o‘zida to‘rt frontda kurashmoqda — Premer-liga, Chempionlar ligasi, Liga kubogi va Angliya kubogi. Shunday sharoitda har bir o‘yinchi juda muhim ahamiyat kasb etadi.

Jarohatlar soni ko‘paygani bois Gvardiola tarkibdagi har bir ijrochidan maksimal foydalanish rejasini ishlab chiqmoqda.

21-oktyabrdan 22-oktyabrga o‘tar kechasi (Toshkent vaqti bilan soat 00:00) “Siti” Ispaniyada “Vilyarreal” mehmoni bo‘ladi. Bu bahs Gvardiola jamoasi uchun nafaqat ochkolar, balki jamoa ruhiyatini ham saqlab qolish sinoviga aylanadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Abduqodir Husanov yana safdan tashqarida: qaytishi kechikmoqda