date

Messi finalda mag‘lub bo‘lgan yoshlarga ruhiy kuch bag‘ishladi

Messi finalda mag‘lub bo‘lgan yoshlarga ruhiy kuch bag‘ishladi

Argentina terma jamoasi sardori va dunyo futboli ramziga aylangan Lionel Messi U-20 Jahon chempionati finalida mag‘lubiyatga uchragan yosh vatandoshlarini ruhlantirdi.

Ma’lumki, Chili mezbonlik qilgan 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi mundial kecha tunda o‘z yakuniga yetdi. Finalda Marokash yoshlar terma jamoasi Argentinaga qarshi maydonga tushdi. Afrikaliklar kuchli raqibga qarshi irodaviy o‘yin namoyish qilib, 2:0 hisobida g‘alaba qozondi va 16-yillik tanaffusdan so‘ng kubokni “qora qit’a”ga olib ketdi.

Uchrashuv davomida argentinalik yoshlar ustunlikka ega bo‘lsalar ham, imkoniyatlarini golga aylantira olmadi. Hisobda orqada qolgan jamoa oxirgi daqiqalarda ham kurashni to‘xtatmadi, ammo Marokashning qat’iyatli himoyasi g‘alabani saqlab qoldi.

O‘yindan so‘ng Lionel Messi vatandoshlariga samimiy so‘zlar bilan murojaat qildi:

«Ruhiyatingizni tushirmang, yigitlar. Sizlar butun turnir davomida chiroyli va aqlli futbol namoyish etdingiz. G‘oliblik nasib qilmadi, ammo biz faxrlanyapmiz. Sizlar Argentina sharafini haqiqiy mardona himoya qildingiz», — dedi 39 yoshli afsona.

Ma’lumot uchun, Argentina yoshlar terma jamoasi finalgacha bo‘lgan barcha uchrashuvlarda g‘alaba qozongan edi. Lekin hal qiluvchi bahsda ularning g‘alaba seriyasi to‘xtadi.

Shu bilan birga, Messining bu ruhlantiruvchi so‘zlari nafaqat futbolchilar, balki butun mamlakat yosh avlodini ham ilhomlantirdi. Argentinalik muxlislar ijtimoiy tarmoqlarda Messining murojaatiga “Bunday rahbar bilan faxrlanamiz”, “Yoshlar kelajagi yorug‘” kabi izohlar qoldirishdi.

Finaldan keyingi bu so‘zlar yana bir bor Lionel Messining nafaqat dunyodagi eng yaxshi futbolchi, balki haqiqiy yetakchi ekanini namoyon etdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Messi finalda mag‘lub bo‘lgan yoshlarga ruhiy kuch bag‘ishladi