10:30 / 07.12.2020
3 319

O‘zbekistonda nega «Otalar kuni» nishonlanmaydi?

O‘zbekistonda nega «Otalar kuni» nishonlanmaydi?
Talabalik davrimda «tili o‘rganilayotgan mamlakat madaniyati» nomli fandan saboqlar bo‘lardi. Jahonda ingliz tilida so‘zlashadigan davlatlarning an’ana va urf-odatlari, milliy bayramlari, qo‘yingchi, nimaiki o‘ziga xosliklari bo‘lsa to‘liq o‘rgatilar edi.

O‘shanda meni «Otalar kuni» iborasi e’tiborimni tortgan va bu haqda doimo ma’lumotlar izlashga kirishganman. Qarangki, bu bayram dunyoning 111 davlatida nishonlanar ekan.

Bizning yurtimizda bunday ajoyib kun mavjud emasligi biroz xomush torttiradi. Masalan, Sonora Smart Dodd (1882-1978) xonim AQShda Otalar kuniga asos solgan mashhur ayol hisoblanadi. Doddning onasi oltinchi farzandga ko‘zi yorayotgan vaqtda olamdan o‘tadi.

Olti farzandni oq yuvib-oq tarash, kamolga yetkazib ulg‘aytirish yolg‘iz otasi, fuqarolar urushi faxriysi Uilyam Jekson Smart zimmasiga tushadi. Yosh xonim jonkuyar otasining farzand tarbiyasiga bo‘lgan alohida e’tibori, bolalarga cheksiz muhabbatini, bu yo‘lda tortgan ne-ne azobu uqubatlarini, ro‘zg‘or tebratish borasidagi qiyinchiklarini shaxsan guvohi bo‘ladi. U yillar o‘tgani sayin bor kuchini otalarni ulug‘lash, ularni qadriga yetish va hurmatini joyiga qo‘yish bo‘yicha ulkan targ‘ibot ishlariga sarfladi.

Dodd 1972 yilda 90 yoshga kirganida prezident Richard Nikson ushbu kun haqidagi deklaratsiyani imzolab, «Otalar kuni»ni milliy bayram sifatida keng nishonlashga ruxsat bergunga qadar butun umrini shu ezgu maqsad yo‘liga baxshida etdi.

Barcha davlatlarda har xil sanalarda bo‘lgani kabi nishonlash usuli ham turlichadir. Masalan Tayvandda 8 avgustda, Nepalda avgust oyining oxirida yoki sentyabr oyining boshida, Germaniyada may oyining oxirida nishonlansa, Afg‘oniston, Malayziya, Hindiston, Turkiya va boshqa yurtlarda ham iyun oyining oxirida o‘tkaziladi.

Biroq qayerda bo‘lmasin, ushbu kunning ma’nosi va maqsadi umumiydir.

Ammo negadir bu kun O‘zbekistonda nishonlanmaydi. Otalarimiz biz farzandlari uchun boru jahonini beradi. Oson bo‘lmagan bu murakkab dunyomizda ro‘zg‘or tebratish uchun hatto inson oyog‘i yetmaydigan shimoldan tortib, Afrikadagi davlatlargacha rizq-ro‘zini terib kelishadi. Qishin-yozin dalalarda mehnat qilib, topgan yarimta nonini ham oilasiga tashiydi.

Ular bizning suyanchimiz, ishongan tog‘larimiz, oilamiz qo‘rg‘onlaridir. Bizni dunyoga kelishimizda asosiy sababchi bo‘lgan ulug‘ zotlar-ku.
To‘g‘ri, biz 14 yanvarda barcha erkaklarni tabriklaymiz, ammo u ko‘proq Vatan himoyachilari, harbiylarimiz bayramiga o‘xshaydi, qolaversa, barcha erkaklar o‘sha kunda ham ishlaydilar.

Mas’uliyatli, fidokor va mehribon otalarimiz uchun yilda bir marotaba dam olish kuni e’lon qilinib yoki dam olish bo‘lmasa ham, bayram kuni belgilansa maqsadga muvofiqdir.

Bu kunda barcha oila davrasida jamuljam bo‘lsa, shirin taomlardan bahramand bo‘lib, mehribon otalarimizga cheksiz ehtiromlarimizni namoyish etsak. Ular qalbini xushnud etib, umriga umr qo‘shsak, qancha yaxshi bo‘lar edi. Otalar haqida qo‘shiqlar bitilsa, ko‘rsatuvlar va eshittirishlar berilsa...

Albatta, inson qalbini baxtiyor etishning albatta usullari ham yo‘llari ham ko‘p. Bunga umummillat darajasiga qaralsak, yanada jozibaliroq kechadi.

Nargiza Rahmonova,
ingliz tili o‘qituvchisi

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda nega «Otalar kuni» nishonlanmaydi?