00:13 / 11.02.2021
1 224

“Qorilar mahallasi” – Prezidentning taklifi ahli ilmlarni to‘lqinlantirib yubordi

“Qorilar mahallasi” – Prezidentning taklifi ahli ilmlarni to‘lqinlantirib yubordi
O‘tgan hafta Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida qurilayotgan Islom sivilizatsiya markazini ko‘zdan kechirgan vaqtida bir qator masalalarga to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, davlatimiz rahbari mahallalar tashabbusiga ko‘proq yo‘l berish kerakligi haqida gapirib, mutasaddi rahbarlarga, jamoatchilikka bir qator takliflar berdi.

Tumandagi har bir mahalla o‘z tashabbusi bilan chiqsa, yaxshi bo‘lardi. Qaysidir mahalla adabiyotga ixtisoslashsin, boshqasi esa madaniy tadbirlar o‘tkazsin. Yana bitta mahallada Qur’on ilmi o‘rgatilsin. Beruniy, Ibn Sino, Xorazmiy, Motrudiy va Al-Buxoriylar merosini o‘rganadigan mahallalar kerak bizga.

Masalan, Beruniy merosini qancha o‘rgansangiz ham oxiriga yeta olmaysiz. Allomalarimiz faqat bitta yo‘nalishda ilm qilishmagan, ba’zida ular bilmagan soha bo‘lmaganmikan, deb o‘ylab qolaman. Hozir olimlarimiz faqat bitta fan bo‘yicha dissertatsiya yozib, doktorlik ishini yoqlashi mumkin. Ibn Sino esa farmatsevtika bilan cheklanib qolmagan, balki arxitekturada ham tadqiqotlar qilgan
, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Darhaqiqat, buyuk ajdodlarimizning hammalari fan olimi bo‘lishdan oldin din sohasida ulkan bilimga ega bo‘lgan allomalar bo‘lganlar. Ibn Sino hazratlari shayxulislom bo‘lgan bo‘lsalar, Navoiy nazmda hadislar va fiqhga oid kitoblar yozganlar.

Prezidentimizning muayyan bir mahallada Qur’on, boshqasida hadis va tavhid ilmlari o‘rgatilsin, degan takliflari juda kerakli, zamonga mos bo‘ldi, desak adashmaymiz. Chunki Qur’onni yodlagan, o‘qigan, tavhid va o‘tmishdagi ajdodlarimiz merosini o‘rganadigan odamdan yomonlik chiqmaydi.

Bu taklif haqida bir qator fan va din olimlarimiz, mahalla oqsoqollari va fuqarolardan fikrlarini so‘raganimizda, barcha Prezident taklifini qo‘llab-quvvatlaganiga guvoh bo‘ldik.

Ustoz Yahyo qori Turdiyev ham o‘z fikrlarini hayajon bilan bildirdilar: “Mahallaga nur kiryapti, biz juda xursand bo‘lib ketdik. Mahallaning katta huquqi bor. Mahallalarda o‘qitish uchun joylar tashkil qilish kerak. Mahalla oqsoqollari hokimiyatga taklif bilan chiqishi lozim. Ishlar boshlansa, homiylar ham chiqadi. Kamchiliklari chiqsa, isloh qilib ketilaveradi. Amaliy ishlar boshlansa, qolgan takliflarni, maslahatlarni beraveramiz”.

Yurtimizning mashhur murattab qorilaridan, ustoz Hasanxon qori Yahyo Abdulmajid taklifga munosabat bildirib, shunday dedilar:

“Prezidentimizning bu so‘zlari bizga nihoyatda dolzarb haqiqatni anglatadiki, bugungi kunda aynan Qur’on ta’limiga bo‘lgan xalqimizning talabi juda ham ortgan. Buning uchun odamlar uyini, bor-budini sarflayapti. Chet elga chiqib u yerda ta’lim olish uchun bir qancha iqtisodiy muammolar mavjud. Shuning uchun har bir tumanda, kerak bo‘lsa, har bir mahallada Qur’on markazi bo‘lsa, diniy idora va tegishli tartib-intizom bilan yo‘lga qo‘yilsa, odamlarimiz o‘z ehtiyojini yurtimizda qondira olsalar, ayni muddao bo‘ladi.

Bunda yosh chegarasiga e’tibor berish kerak, ya’ni Qur’on o‘rganish ham bir ilm. Ilm olish yoshi qancha erta boshlansa, shuncha yaxshi hisoblanadi. Ilm olish yoshini biz o‘tkazib yuborgandan keyin Qur’on ta’limiga majburlashimiz bu boshqa tomondan, ular hozirgi internet zamonida biz kutmagan, biz xohlamagan tomonlardan ilm olib fikr-tafakkurlarida burilishlar, adashishlar paydo bo‘lishiga sabab bo‘lib qolishi mumkin. Shuning uchun har bir tumanda loaqal bitta yoki ikkita Qur’on maktablari bo‘lsa yaxshi bo‘lardi. Ular maktabga xalaqit bermaydi. Masalan, kunning birinchi qismida maktabda o‘qisa, ikkinchi qismida Qur’on ta’lim olishi mumkin.

Maktab va Qur’on ilmlarini bir-biriga zid qo‘yish ajdodlarimizning tutumlariga munosib emas. Buyuk ajdodlarimizning barchasi, Prezidentimiz zikr qilgan Ibn Sinoni olamizmi, Mirzo Ulug‘bek yoki Beruniymi, ilmni bunday ajratmagan. Foydali ilm, u dinga tegishlimi, tibbiyotga oidmi – hammasi o‘rganaverilgan.Ularning birin-ketinligini e’tiqod nuqtai nazari yoki diniy nuqtai nazardan emas, balki qabul qilish yoshiga nisbatan tartiblangan, xolos.

Jumladan, Ibn Sino o‘zlarining “Siyosat” kitobidan aytgan: “Bolaga tili ravon chiqishi bilan Qur’on o‘rgatiladi. Keyin fikri, aqli rivojlanib tafakkuri o‘sganda til, adabiyot, hisob kabi fanlar o‘rgatiladi".

Shuning uchun Islom maktabida birinchi bo‘lib Qur’on o‘rgatib qo‘yiladiki, Qur’onni yodlash uchun aqliy tafakkur kerak emas. Balki yodlash qobiliyati asosiy, muhim ahamiyat kasb etadi. Qur’on ham muyassar bo‘lganicha yodlatiladi, hammasini yodlash shart emas. Keyin boshqa ilmlar, hadisni o‘rganishi mumkin. Imom Buxoriy 11 yoshida ustozi Doxiliy bilan hadisdan bahs qilgan. Ya’ni shu darajada chuqur bilgan. Hazrati Navoiy olti yoshida surai “Taborak”kacha yodlagan edim, deb yozgan. Mirzo Ulug‘bek yetti qiroatni jamlagan qori bo‘lgan. Uning qoriligi astronomiyani o‘rganishiga to‘sqinlik qilmagan.

Ko‘pchilik mamlakatlarda diniy ta’lim maktab ta’limi bilan birga olib boriladi. Masalan, AQSH, Germaniya , Filippin davlatlarida shunday ekan.

Ikkinchi uslub: maktabga yonma-yon ravishda Qur’on maktablari yoki diniy o‘quv yurtlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish mavjud. Qo‘shni Qozog‘iston va Qirg‘izistonda ham shu tariqa ishlab turadi.

Uchinchi uslub: masjidlar qoshida Qur’on kurslari ochish. Bu dunyoning ko‘p davlatlarida keng tarqalgan.

Qur’on yodlatishda ham o‘ziga yarasha yangicha zamonaviy uslublar, zamonaviy o‘quv qurollaridan foydalanib, ko‘p xayrli ishlarni amalga oshirsak bo‘ladi.

Mana shu haqiqatlarni Prezidentimiz hammamizga alohida eslatmoqdaki, buni yillar davomida orzu qilganimiz, kutganimiz tavsiya va qarorlardan edi. Biz bu yo‘lda qanaqa xizmat bo‘lsa tayyormiz”.

Uzoq yillar O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va boshqa o‘lkalarda ikki yuzdan ortiq Qur’on hofizlarini yetishtirgan, o‘n bir yil mobaynida Toshkentdagi “Ko‘kaldosh” madrasasida qiroat ustozi, 2014-2015 yillari Qozog‘iston poytaxti Ostonadagi markaziy Qur’on madrasasida bosh mudarris bo‘lgan, bir necha yil Janubiy Qozog‘iston viloyatining Kentov madrasasida Qur’on qiroatidan saboq bergan ustoz Zohidjon qori Azimboyev ham Prezidentimizning takliflariga nisbatan o‘z fikrlarini bildirdilar:

Qur’on o‘rgatishga ixtisoslashgan mahallalarda Allohning Kalomini o‘rgatish maxsus sinfxonalarda, parta va doskalar bilan jihozlanishi kerak. Shuningdek, o‘quvchilarni yoshiga va jinsiga qarab ajratilishi maqsadga muvofiq. Chunki yosh qiz va keksa kampirning bilimni qabul qilishi turlicha bo‘ladi. Qo‘shni Qozog‘istonda Qur’on ta’limi masjidlarda tashkil etilgan ekan. Ustozning mulohazalariga ko‘ra, ta’lim albatta, tekin bo‘lishi lozim”.

Alloh taolo aytadi: «U (ya’ni Qur’on) ilm ato etilgan zotlarning qalblarida (yod bo‘luvchi) aniq-ravshan oyatlardir. Bizning oyatlarimizni faqat zolimlargina inkor qiladi» (Ankabut, 49).

Prezidentimizning taklifi ko‘plab hamyurtlarimiz, Allohning Kalomini yod olmoqchi bo‘lganlar hamda barcha Qur’onga oshufta qalblarning ko‘nglidagi gaplar bo‘ldi. Inshaalloh, shu taklif tufayli yurtimizda Kalomi sharifni yodlagan, hech bo‘lmaganda uni o‘qiy oladigan kishilar ko‘payadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)