Yurgen Gyodyo Superkubokni Farg‘onaga olib kelish jarayoni haqida gapirdi...

Foto: "Neftchi" PFK
«Neftchi» O‘zbekiston Superkubogida «Paxtakor»ni 1:0 hisobida mag‘lub etib, bosh sovrinni qo‘lga kiritdi. Shundan so‘ng farg‘onaliklar matbuot xizmati jamoa murabbiyisi Yurgen Gyodyo bilan suhbatlashdi.
— Avvalambor Superkubok bahsidagi g‘alaba bilan tabriklaymiz. O‘zbekiston sizga begona emas, ilgari ham yurtimizda ishlashga muyassar bo‘lgansiz. Aytingchi, jamoaga moslashish jarayoni bu safar qanday kechdi?
— Tabrik uchun katta rahmat. Moslashish jarayoniga kelsak, afzallik tomoni shundaki, klubimizdagi barcha odamlar bizni bir oila a’zolari kabi qo‘llab-quvvatlab, yordam berib kelishmoqda.
— O‘zbekistondagi faoliyatingiz davomida Superkubokdagi g‘alaba birinchisi bo‘ldi. Hozirda qanday his-tuyg‘ularni boshdan kechirmoqdasiz?
— Hissiyotlarim beqiyos. Ayniqsa, jamoamiz kubokni Farg‘onaga olib kelish jarayoni ajoyib kechdi. Ko‘chalarga xursandchilik og‘ushida chiqqan muxlislarning ham ajoyib qo‘llab-quvvatlashlariga tasanno. Buning uchun ularga katta rahmat aytishim kerak.
— Bu sovrin faoliyatingizdagi eng muhimlaridan biri, desak bo‘ladimi?
— Albatta, chunki bu tarixiy chempionlik.
— Sizningcha, psixologik jihatdan jamoani final hushtagigacha tayyor holatda ushlab turish qanchalik qiyin bo‘ldi?
— Final uchrashuvida hamma narsa bo‘lishi mumkin. Lekin men jamoamga so‘nggi hushtak chalinguniga qadar ishonaman.
— Andijondagi bellashuvda qaysi futbolchini alohida ajratib ko‘rsatgan bo‘lardingiz?
— Bu bahsda futbolchilar bilan bir qatorda chempionlik uchun hamma birdek ishladi. Masalan, shifokorlar guruhi, jismoniy tayyorgarlik mutaxassislari, administratorlar va ma’muriyat jamoasini ham aytib o‘tish lozim.
— Stadiondagi muhit va muxlislik haqida fikringiz?
— Superkubok bahsiga Andijonga tashrif buyurgan va tribunalarni to‘ldirgan ko‘p sonli farg‘onalik muxlislar va stadiondagi muhit juda ajoyib bo‘ldi», - deya Gyodyoning so‘zlaridan keltiradi klub matbuot xizmati.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!