Ko‘chmas mulk va transport oldi-sotdisi qanday hisob-kitob qilinadi?

Adliya vazirligi «Ko‘chmas mulk va transport vositalarining oldi-sotdi shartnomalari bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun notariuslar va banklar o‘rtasida elektron ma’lumotlar almashish tartibi to‘g‘risida»gi nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
2026-yil 1-apreldan ko‘chmas mulk obyektlari, ishlab chiqarilganiga 10-yildan oshmagan M, N, O va G toifaga kiruvchi transport hamda maxsus avtotransport vositalarining oldi-sotdi shartnomalarini tasdiqlashda taraflar o‘rtasidagi hisob-kitoblarning amalga oshirilgani notarius va banklar o‘rtasidagi elektron ma’lumot almashish yo‘li bilan aniqlanadi.
Unga ko‘ra, notariuslar ko‘chmas mulk va transport vositalarining oldi-sotdi shartnomalarini notarial tartibda tasdiqlashni taraflar o‘rtasidagi hisob-kitoblar bo‘yicha banklar tomonidan taqdim etilgan elektron ma’lumotlar asosida amalga oshiradi.
Ko‘chmas mulk va transport vositalarining oldi-sotdi shartnomalari bo‘yicha hisob-kitoblar quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
- Xaridor yoki uning vakili bankka yozma yoki elektron shakldagi ariza bilan murojaat qiladi;
- Bank tomonidan taraflar o‘rtasida shartnoma bo‘yicha kelishilgan pul mablag‘lari naqd yoki naqdsiz shaklda eskrou hisobvarag‘iga kirim qilinadi;
- Shartnoma to‘lov majburiyatlarini kechiktirish sharti bilan amalga oshirilsa, tegishli eskrou hisobvarag‘iga taraflar o‘rtasida kelishilgan (boshlang‘ich) pul mablag‘lari kirim qilinadi;
- Shartnoma to‘liq yoki qisman kredit mablag‘lari asosida amalga oshirilganda, bu haqda kredit ajratayotgan bank tomonidan notariusga elektron ma’lumot yuboriladi;
- Xaridor yoki uning vakilining bankdagi (bank kartasi, talab qilib olinguncha, elektron hamyon) hisobvaraqlaridan eskrou hisobvaraq sifatida foydalanilishi mumkin;
- Taraflar oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirish uchun notariusga murojaat qiladi;
- Notarius eskrou hisobvarag‘ida mablag‘lar mavjudligini elektron shaklda tekshirib oladi hamda shartnomani tasdiqlaydi.
Shundan so‘ng, pul mablag‘lari sotuvchi yoki uning vakili hisobvarag‘iga o‘tkaziladi yoki hisobvarag‘iga o‘tkazilgan mablag‘lar ularning so‘roviga ko‘ra naqd shaklda taqdim etiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!