20:53 / 13.03.2021
2 892

Biz bilgan “oddiy” ajrashishlarning oddiy bo‘lmagan oqibatlari

Biz bilgan “oddiy” ajrashishlarning oddiy bo‘lmagan oqibatlari
O‘zbekiston Gender komissiyasi tomonidan BMT taraqqiyot dasturi hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining «Davlat boshqaruvida va ijtimoiy-siyosiy hayotda ayollar faolligini oshirish» qo‘shma loyihasi doirasida o‘tkazilgan kichik ilmiy tadqiqot natijalari e’lon qilindi. Ushbu tadqiqot mamlakatimizda oilaviy ajrimlarning salbiy oqibatlari yuzasidan o‘tkazilgan edi.

Tadqiqot 51 nafar ayol ishtirokida onlayn hamda yakkama-yakka holda tashkil etilib, ishtirokchilar bilan oilaviy ajrimlarning sabablari va oqibatlari muhokama qilindi. Respondentlarga ko‘ra, bitta sabab bilan ajrashib ketgan oilalar juda kam, aksariyat hollarda ajrimlarga bir nechta omillar sabab bo‘lgan. Masalan, farzandsizlik, giyohvandlik, algokolga ruju qo‘yish.

Bir guruh ayollar ajrimlarga sobiq turmush o‘rtog‘ining ro‘zg‘or boshqarishda mas’uliyatsizligi, mustaqil fikri yo‘qligi, oilaga boshqalarning aralashuvi (qaynona, qayinsingillar), erkakning yomon illatlarga ruju qo‘ygani, oilada ayolga qulday munosabatda bo‘lishlari, xiyonat kabi omillarni sabab qilib keltirgan.

Ajrashganlar orasida eri va uning qarindoshlari tomonidan kaltaklanganlar, 16-17 yoshda ota-onasi majburlab turmushga berib yuborganlar ham bor. Ma’lum bo‘lishicha, ikki yoki undan ortiq farzandlari bilan ajrashgan ayollarga nihoyatda qiyin, ular va farzandlari bundan juda ko‘p aziyat chekishadi. Tadqiqotga ko‘ra, bunday ayollarda quyidagi muammolar yuzaga keladi.

Birinchidan, turarjoy muammosi paydo bo‘ladi. Buncha bola bilan ota-onasinikida yashab bo‘lmaydi, ijarada yashashga to‘g‘ri keladi. Ijara narxi esa qimmat. To‘langan aliment bu pulning yarmini ham qoplamaydi.

Ikkinchidan, farzandlar ota mehriga zor bo‘lib o‘sadi. So‘rovnomada qatnashgan 51 nafar ayolning 44 nafarida jami 70 nafar bola bor va ulardan 99 foizi otasi bilan umuman ko‘rishmasligi ma’lum bo‘lgan. Birgina 2019 yilda 31 389 ta oila ajrashgani hisobga olinsa, bunday bolalar sonini taxmin qilish mumkin. Ma’lum bo‘lishicha, erkaklar nafaqat boladan xabar olmaydi, balki turli bahonalar bilan aliment to‘lamaslikka harakat qiladi.

Uchinchidan, ajrashgan ayollarga jamiyatda noto‘g‘ri ko‘z bilan qaraladi: intim munosabatlar taklif etiladi, ijaraga qo‘yishni xohlashmaydi, tirishqoqlik bilan hayotda o‘rnini topayotgan yolg‘iz ayolning albatta xushtori bor deb o‘ylashadi, ikkinchi xotin bo‘lish taklif qilinadi.

O‘zbekistonda ajrimlarni kamaytirish, jabrlangan ayollar va bolalar hayotini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish maqsadida tadqiqot yakunida bir nechta takliflar ham berildi. Ajrim bilan bog‘liq qonunchilik hujjatlarini birlashtirib, yagona qonun qabul qilish, har bir viloyatda mediatsiya markazlarini yo‘lga qo‘yish, ayollar va bolalar huquqlarini kafolatlash, erkaklarni oilaviy hayotga, farzandlar tarbiyasi uchun mas’ullikka tayyorlovchi majburiy kurslarni joriy etish kabi takliflar kiritilgan.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan so‘zlagan nutqida «Qani edi yurtimizda ajrim degan noxush holatning o‘zi bo‘lmasa, oilalar parokanda, bolalar tirik yetim bo‘lib, sarson-sargardon bo‘lmasa...», deb yoshlarni turmush masalasiga jiddiy qarashga chaqirgan edi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Biz bilgan “oddiy” ajrashishlarning oddiy bo‘lmagan oqibatlari