16:04 / 26.03.2021
2 733

Otvyortka qachondan xavfli buyum bo‘lib qoldi?

Otvyortka qachondan xavfli buyum bo‘lib qoldi?
Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Zangiota tumani Tokzor mahallasi hududida harakatlangan Spark avtomobili to‘xtatilib, haydovchining yonidan otvyortka chiqqani uchun YPX xodimi tomonidan mazkur holat bo‘yicha dalolatnoma tuzilgani haqida xabarlar tarqaldi. IIV YHXBB holatga izoh bildirib, mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyat IIBB tomonidan surishtiruv olib borilayotganini ma’lum qildi.

Rasmiylashtirilgan dalolatnoma suratidan xolislar ishtirokida tintuv o‘tkazgan Zangiota tumani XPB TP profilaktika inspektori Abduhamid Almanov «avtomashinada tintuv o‘tkazilganda o‘tkir tig‘li, qora sopli otverka topildi» deya yozuv kiritganini bilib olish mumkin.

Ushbu voqea yuzasidan IIV YHXBB tomonidan berilgan ma’lumotda 2021 yilning 23 mart kuni soat 23:00larda, Toshkent viloyati, Zangiota tumani, «Tokzor» MFY hududida joylashgan blokpostda xizmat olib borgan YPX xodimi J.Iskandarov tomonidan «Spark» rusumli avtomobil to‘xtatilgani, xolislar ishtirokidagi tekshiruv davomida XPB TP profilaktika inspektori A.Almanov tomonidan avtomobilda mavjud bo‘lgan otvyortka o‘tkir tig‘li vosita deya e’tirof etilib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgani hamda mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyati IIBB tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilayotgani bildirildi.

Ushbu vaziyatda ichki ishlar xodimi tomonidan tintuv o‘tkazilishiga turtki bo‘lgan holatlar bizga qorong‘i. Ammo anig‘i shuki, u haydovchini avtomobilidan oddiy «otvyortka» chiqqani vaji bilan ma’muriy javobgarlikka tortish maqsadida dalolatnoma tuzgan.

Ma’lumki, bir necha oy oldin «Qurol to‘g‘risida»gi Qonunga qo‘shimchalar kiritilib:
  • fuqaroviy qurolni (bundan o‘zini o‘zi himoya qilish quroli mustasno), sovuq qurolni hamda sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni o‘zini o‘zi himoya qilish maqsadida olib yurish;
  • qurolni va sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni jamoat joylarida, shu jumladan, shahar transportida, shahar atrofiga qatnovchi, shaharlararo va xalqaro transportda ochiq (g‘ilofsiz) holda olib yurish;
  • sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ulardan kasbiy faoliyatda, sport faoliyatida yoki xo‘jalik-maishiy maqsadlarda foydalanish bilan bog‘liq bo‘lmagan hollarda, jamoat joylarida olib yurish taqiqlandi.

Ushbu taqiqlarni buzganlik uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga bu bo‘yicha javobgarlik belgilovchi 185-2 va 185-3-moddalar kiritildi.

Yuqoridagi vaziyatda haydovchini ushbu moddalardan biri bilan javobgarlikka tortish uchun otvyortkani sovuq qurol yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyo deb baholash mumkinmi?

Ushbu savolga javob olish uchun «Qurol to‘g‘risida»gi qonundan yuqoridagi ikki tushuncha nimalarni bildirishini aniqlab olish lozim bo‘ladi.

Ushbu qonunda sovuq qurolga — shikast yetkaziladigan ob’ekt bilan bevosita to‘qnashish chog‘ida odamning jismoniy kuchi yordamida nishonni urish uchun mo‘ljallangan qurol, deya ta’rif berilgan.

Sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolar sifatida — kasbiy, ishlab chiqarish yoki sport faoliyatida yoxud xo‘jalik-maishiy maqsadlarda foydalanish uchun mo‘ljallangan, sanoat usulida yoki qo‘lbola tarzda yasalgan tig‘li, kesuvchi ashyolar (pichoqlar, bigizlar va boshqa uchi o‘tkirlangan sanchiladigan, kesuvchi ashyolar), jismoniy kuch ishlatganda shikast yetkazishi mumkin bo‘lgan ashyolar (beysbol bitalari, softbol o‘yini uchun bitalar) sanalgan.

Yuqoridagi ta’riflarni ko‘ra turib, otvyortka sovuq qurol sifatida ishlatish mumkin bo‘lgan ashyolar toifasiga kiradiganday tuyulsa-da, ammo aslida unday emas. Chunki, sovuq qurol sifatida ishlatish mumkin bo‘lgan ashyolar kasbiy, ishlab chiqarish yoki sport faoliyatida yoxud xo‘jalik-maishiy maqsadlarda foydalanish uchun mo‘ljallangan, sanoat usulida yoki qo‘lbola tarzda yasalgan bo‘lishi bilan birga tig‘li, kesuvchi yoki uchi o‘tkirlangan (masalan, bigiz kabi) ashyo bo‘lishi kerak. Otvyortkada esa tig‘ ham, kesuvchi qism ham, o‘tkir uch ham yo‘q. Buning ustiga otvyortka avtomobilda havasga yoki o‘zini o‘zi himoya qilish uchun olib yurilmasligini hamma yaxshi biladi. Otvyortka turli texnik nosozliklar vujudga kelganda ularni bartaraf etish uchun ishlatiladigan muhim ish quroli hisoblanadi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda muomalasi taqiqlangan sovuq qurolning namunaviy klassifikatorida ham «otvyortka» ko‘rsatilmagan.

Xulosa o‘rnida aytish lozimki, profilaktika inspektorlariga va boshqa mas’ul xodimlarga qaysi buyum sovuq qurol, qaysi buyum sovuq qurol sifatida ishlatish mumkin bo‘lgan ashyo bo‘lishi mumkinligini yaxshilab tushuntirish lozim. Toki, ertaga yo‘lda ketayotgan har bir haydovchi behuda to‘xtatilib, asossiz so‘roqqa tutilavermasin. Zero, normal sharoitda har 10ta avtomobildan 9tasida otvyortka borligi (va texnika xavfsizligi nuqtayi nazaridan bo‘lishi shartligi)ni unutmaslik kerak.

Abbos Salaydinov, Huquqshunos.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Otvyortka qachondan xavfli buyum bo‘lib qoldi?