Eron milliy terma jamoasi ustozi Amir G‘alenoyi JCH-2026 saralash bosqichi oldidan o‘z lavozimidan chetlatilishi mumkin.
Oxirgi vaqtlarda matbuot anjumanlarida ham eronlik jurnalistlar G‘alenoyining iste’fosini talab qilib kelishayotgan edi. CAFA-2025 finalida O‘zbekistondan 1:0 hisobida mag‘lub bo‘lingach, bu norozilik yanada kuchaydi.
Petitsiya va muxlislar talabi
8 sentyabr kuni Eronda G‘alenoyini milliy jamoa bosh murabbiyligidan chetlatish talab qilingan petitsiya Karzar.net saytida e’lon qilindi. Unda so‘nggi salbiy natijalar, klublardan futbolchilarni chaqirishda shaffoflik yo‘qligi va umumiy o‘yin uslubi tanqid qilingan.
Petitsiya ikki kun ichida 38 mingdan ortiq muxlis tomonidan imzolandi. Mualliflar federatsiya va vazirlikdan G‘alenoyi bilan hamkorlikni to‘xtatib, xalqaro tajribaga ega murabbiy tayinlashni talab qilmoqda.
Futbolchilar reaksiyasi
Ma’lumki, finaldan keyin eronlik futbolchilar turli munosabat bildirishgan edi. Alirizo Jahonbaxsh O‘zbekistonni g‘alaba bilan tabriklagan bo‘lsa, himoyachi Muhammad Huseyn Ka’noni hakamlar faoliyatini keskin tanqid qildi. Mehdi Toremiy esa mag‘lubiyat uchun muxlislardan uzr so‘rashni lozim topdi.
O‘yin tahlili va o‘zaro tarixiy o‘rin
Eslatib o‘tamiz, finalda 105+4-daqiqada Eldor Shomurodov penaltidan gol urolmagan edi. Biroq 119-daqiqada Hojiakbar Alijonovning aniq zarbasi O‘zbekiston terma jamoasiga 13 yillik tanaffusdan keyin Eron ustidan ilk bor g‘alaba keltirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!