Isroil armiyasi G‘azo shahridagi aholiga janubga ko‘chishni buyurdi. Unga ko‘ra, bu hudud Hamasning “so‘nggi asosiy tayanchi” hisoblanadi. Havo hujumlari natijasida ko‘plab bino vayron bo‘ldi. Shunga qaramay, millionlab odamlar shaharda qolishda davom etmoqda.
Mahalliy aholining aytishicha, zarbalar oldidan ularga atigi 15 daqiqa vaqt berilgan. Ko‘pchilik oilalar uy-joyi va oziq-ovqatidan ayrilgan. Ular janubga borish uchun na pul, na imkoniyat topa olayotganini ta’kidlashmoqda.
Isroil esa janubdagi gumanitar zonalarda yordam, oziq-ovqat va chodirlar borligini aytmoqda. Rafah yaqinida yangi yordam markazlari qurilayotgani bildirildi. Biroq xalqaro tashkilotlar bu hududlar allaqachon to‘lib-toshgani va odamlarni joylashtirish imkonsizligini ogohlantirmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, G‘azo shahrida evakuatsiya jarayoni juda qiyin bo‘ladi. Garovdagilar oilalari esa Isroil rejalarini tanqid qilib, ularni xavf ostiga qo‘yilayotganini ta’kidlashmoqda. Shunga qaramay, Isroil amaliyotni davom ettirishini ma’lum qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!