date

Ravshan Ermatov CAFA-2025 finalidagi bahsli vaziyatlarga oydinlik kiritdi

Ravshan Ermatov CAFA-2025 finalidagi bahsli vaziyatlarga oydinlik kiritdi

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti, FIFA sobiq hakami Ravshan Ermatov yaqinda foydalanishga topshirilgan milliy futbol markazida OAV va blogerlar uchun press-tur uyushtirdi. Unda u CAFA-2025 finali doirasidagi O‘zbekiston – Eron (1:0) bahsida qayd etilgan ayrim vaziyatlar yuzasidan o‘z izohlarini berdi.

Yusufiyning maydondan chetlatilishi haqida

Ermatov avval Abbosbek Fayzullayevga qarshi qo‘pol harakat uchun eronlik Oriyo Yusufiyning o‘yindan olib chiqilgani haqida to‘xtalib o‘tdi:
— Nega eronlik futbolchi to‘psiz holatda Abbosning oyog‘iga harakat qilmoqda? Agar to‘p shu oyoqda bo‘lganida, yana bir gap edi. Bu holatda esa orqa tomondan jarohat olish xavfi yuqori. Bu 1-daqiqada bo‘ladimi yoki 90-daqiqada – hech qanday farqi yo‘q. Albatta, ba’zan o‘yinning boshida yumshatish mumkin bo‘lgan holatlar uchraydi, lekin bu holat unga kirmaydi. Chunki bu holatda futbolchini sindirib qo‘yish mumkin. Agar hakam buni ko‘rmasdan o‘tsa, keyingi daqiqalarda yana shunday harakatlar ko‘payishi ehtimoldan xoli emas.

Eronga berilgan penalti bekor qilinishi haqida

O‘FA rasmiysi qirg‘izistonlik bosh hakamning Eron foydasiga belgilagan penaltisi VAR tomonidan nega qayta ko‘rib chiqilganini ham izohladi:
— To‘p darvozabon tomonga emas, boshqa tarafga uzatilgandi. Shu vaziyatda esa hujumchi oyog‘ini to‘g‘ridan to‘g‘ri darvozabon oyoqlari ostiga tashladi. Bu harakat penalti ishlash uchun qilingani ko‘rinib turibdi. Agar to‘p haqiqatan darvozabon tomonga yo‘naltirilganida, futbolchi ham shu yo‘nalishda harakat qilardi. Bu esa futboldagi eng salbiy holatlardan biri — simulyatsiya. Ya’ni, aldash va sun’iy ravishda penalti ishlab olish. Ko‘pchilik buni hakam O‘zbekistonga yon bosdi, deb o‘yladi. Lekin hushyorlik bilan VAR vaziyatni to‘g‘riladi. Agar VAR bo‘lmaganida, natija mutlaqo boshqacha bo‘lishi mumkin edi.

Alijonovning “qizil kartochka” vaziyati haqida

Shuningdek, Ermatov Hojiakbar Alijonovning Mehdi Toremiyga qarshi harakati avval “qizil kartochka” deb topilib, keyin VAR orqali bekor qilinganiga ham to‘xtalib o‘tdi:
— Bu kabi vaziyatlarni baholashda to‘rtta asosiy mezon bor. “Qizil kartochka” uchun to‘rtala mezonga ham mos kelish kerak. Ammo o‘sha holatda himoyachi Akmal Mozgovoy raqibga xalaqit berishi mumkin edi. Shuning uchun bosh hakamning to‘g‘ridan to‘g‘ri “qizil” ko‘rsatishi noto‘g‘ri qaror bo‘ldi. Tribunalarda o‘tirib ko‘rgan paytimdayoq bu vaziyat chetlatishga tortmasligini aytgandim. VAR orqali bitta qayta ko‘rishning o‘zi yetarli bo‘ldi.

Final haqida qo‘shimcha ma’lumot

Ma’lumot uchun, CAFA-2025 finalida qirg‘izistonlik hakam Nurzatbek Abduqodirov bosh hakam sifatida xizmat qildi. VAR hakami va uning yordamchilari sifatida esa tojikistonlik Sa’dullo Gulmurodi hamda Ismoil Nuraliyev ishladi.

Eslatib o‘tamiz, o‘yinning 105+4-daqiqasida Eldor Shomurodov penaltidan gol ura olmagandi. Biroq 119-daqiqada Hojiakbar Alijonovning goli O‘zbekiston terma jamoasiga 13 yillik tanaffusdan keyin Eron ustidan ilk g‘alabani taqdim etdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ravshan Ermatov CAFA-2025 finalidagi bahsli vaziyatlarga oydinlik kiritdi