15:40 / 26.04.2021
2 692

Keksalik noinsoflikka bahona bo‘la olmaydi


O‘zbek xalqi o‘z milliy odobi, go‘zal fazilatlari, o‘lmas diniy qadriyatlari ila ajrab turadi. Ushbu odobga har bir o‘zbek oilasida amal qilinib, yoshlarimiz o‘z ota-onasi, yaqin qarindoshlari, mahalla-ko‘y tomonidan ham, yurtimizda borki tarbiya maskanlarida ham milliy odob asosida tarbiya topishadi.

Yoshi ulug‘larni e’zozlab, hurmatini joyiga qo‘yish ham milliy odoblarimizdan biri, xalqimizda urf bo‘lgan azaliy odatdir. Hamisha hurmat va e’tiborga sazovor bo‘lmish keksalarimiz ham, o‘z navbatida, yoshlarni ko‘p izzat qilib, chiroyli duolarini ayashmaydi. Bu borada hayotdan olinadigan ko‘pdan-ko‘p misollar keltirib o‘tish mumkin. Shulardan birginasini keltirib o‘taman.

Kundalik hayotda shunday bir holat bo‘lib qoladi-ki, shahar transportida ketayotgan yo‘lovchining yonida chipta uchun to‘lashi kerak bo‘lgan yo‘l puli yetmay qoladi. Chiptachi ham yo‘lovchining hurmatini qilib, uzatilgan pulga qanoat qiladi yoki olmay, qaytarib beradi. To‘g‘ri, bunday holatlarda qo‘pol muomala qilib, yo‘lovchining ko‘ngliga ozor beradigan chiptachilar ham yo‘q emas, albatta. 

Kunlardan bir kun men o‘tirgan avtobusda ketayotgan bir otaxon ham mana shunday holatga tushib qolibdi.
- Singlim, nabiralarimga bir nimalar olib, pulimni ishlatib qo‘yibman, - dedi mendan ikki kursi narida o‘tirgan qariya, o‘zidan bo‘lsa besh-o‘n yoshga yoshroq chiptachi ayolga murojaat qilib. - Bori shu qolibdi, xafa bo‘lmaysan endi.
- Golovoy nado bilo dumat, kogda dengi tratil svoi, - kutilmaganda o‘shqirib berdi ayol. - Plati davay! 

O‘girilib qarasam, qo‘liga 500 so‘m ushlagan nuroniy chol mo‘ltillab, darg‘azab chiptachi ayolga qarab o‘tiribdi (yo‘l haqi o‘sha davrda 1200 so‘m, buvaga atigi 700 so‘m yetmayapti). To kissamdagi hamyonni olib, pul chiqargunimcha, ortimda turgan chiroyli juvon qariyaning qo‘liga besh ming so‘mlikni tutqazib qo‘yishga ulguribdi. Ayolning haqiga o‘qilgan duolarni eshitib, rosa havasim keldi.

Biroq, afsuslar bo‘lsinkim, bunday qo‘pollikning teskari holatlari ham uchrab turadi. Ayrim yoshi katta yo‘lovchilar yo‘l chiptasining o‘rniga pensiya daftarchasini ko‘rsatib qo‘yib, bezrayib o‘tiraveradi. Bunday daftarchaning o‘zi kamlik qilishi, unga qo‘shib oylik chiptani ham ko‘rsatish yoki yo‘l pulini to‘lash kerakligi haqidagi eslatmasi uchun bechora chiptachining boshiga malomat toshlari yog‘iladi.

- Hammaga o‘tgan daftarcham, endi san kelgindiga o‘tmay qoldimi?! Qo‘lingdagi pulni shopir ikkalang nima qilishingni yaxshi bilaman? - o‘shqirdi bir yo‘lovchi onaxon.
- Olsang, mana, shuni olasan, boshqa bermayman, - deydi ters ohangda yana bir qariya. - Bor, kimga arz qilsang qilaver!

Bunday noxush narsalarni yozmasam ham bo‘laverar edi, albatta. Ammo ertaga biz ham qariymiz. Keksayishimiz esa insofsiz bo‘lib qolishimizga bahona bo‘la olmaydi. Chiptachining qo‘liga ikki kishi uchun ming so‘m tutqazgancha, avtobusdan bazo‘r tushayotgan anavi bir juft mast kampir singari:
- Vam vsem sleduyet bit blagodarnim za to, chto mi voobshe platim vam! - deya bayonot qilishga hech kim huquq bermaydi.
Shokir Dolimov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Keksalik noinsoflikka bahona bo‘la olmaydi