09:48 / 04.07.2021
2 610

«Biz koronavirusni juda behurmat qilib yubordik». Toshkentning bosh shifokori yangi cheklovlar va kovid-markazlarning qayta ochilishi haqida


O‘zbekistonda 28 iyundan yangi karantin cheklovlari o‘rnatilishi ortidan Toshkent shahri «qizil» hudud deb belgilandi. Poytaxtda kasallanishlar soni avvalgi oylarga nisbatan kamayayotgan bo‘lsa ham Zangiotadagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida bo‘sh joylar qolmay, kovid-markazlar qayta ochilmoqda. Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i Anvar Alimov «Daryo» muxbiri Musulmonbek Ibrohimov bilan suhbatda poytaxtdagi umumiy epidemiologik vaziyat, kovid-markazlar ochish zarurati va yangi karantin cheklovlarining qanchalik o‘rinli ekani haqida so‘z yuritdi.

«Vahimaga o‘rin yo‘q»
Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i Anvar Alimovning so‘zlariga ko‘ra, COVID-19 mavsumiy ko‘tarilish xususiyatiga ega. Xususan, O‘zbekistonda 2020 yili koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari iyun oyi oxiri — iyul oyi boshida keskin ko‘tarilgan edi. 2021 yil yozida ham taxminan shunday manzara kuzatilmoqda.

«Bu yil iyun oyi boshida va so‘nggi kunlarda kasallanganlar soni ko‘tarilishi kuzatildi. So‘nggi 6 oydagi epidemiologik surishtiruvlarga ko‘ra, bemorlarning 82 foizi infeksiyani koronavirusga chalingan shaxslardan yuqtirib olgan. O‘tgan yili asosan 50 va undan katta yoshdagi kishilar kasallikka chalingan bo‘lsa, bu yil nafaqat o‘rta yosh, balki chaqaloqlarda ham kasallik qayd etilmoqda», — deydi Alimov (mutaxassisning qayd etishicha, «virusli kasalliklar ko‘tarilgan hozirgi payt»da, bir oy oldin, bolalar orasida kasallanish juda ko‘p bo‘lgan, «hozir ham isitmalovchilar juda ko‘p»).

Shunday bo‘lsa-da, Anvar Alimov aholini vahimaga berilmaslikka chaqirmoqda. «Hech qanday vahimaga o‘rin yo‘q — zaxira o‘rinlarimiz, vaqtinchalik saqlash markazlarimiz yetarli. Respublika muassasalari — Tibbiyot akademiyasi klinikalari, Respublika epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar instituti klinikasi, Virusologiya instituti klinikasi ham — zarurat tug‘ilgudek bo‘lsa — shay holda, kadrlari tayyor. Bu masalada hech qanday vahimaga o‘rin yo‘q», — deydi u.

«Ammo bir narsani yodda tutishimiz kerak — COVID-19 o‘ziga nisbatan hurmatsizlikni yoqtirmaydi. Biz uni juda behurmat qilib yubordik — jamoat joylarida ham, avtobuslarda ham, yemakxonalarda ham, ishxonalarda ham, korxonalarda ham. Bizga qo‘yilgan uchta asosiy talab (niqob taqish, ijtimoiy masofa saqlash, gigiyena qoidalariga rioya qilish)ni to‘liq bajarishni unutib qo‘ydik. Koronavirus bizdan ketdi deb o‘yladik, lekin u bizdan ketgani yo‘q, u atrofimizda yuribdi va bizni kuzatyapti», — dedi Alimov.

Toshkent shahar SSBB boshlig‘ining qayd etishicha, shu kunlarda kasallikka chalingan bemorlarning aksariyati suhbat vaqtida jamoat joylarida ijtimoiy masofa saqlamagani, niqob taqmaganini tan olgan. O‘z navbatida, Anvar Alimov koronavirus ustidan g‘alaba qozonishning eng samarali usuli vaksinatsiya ekanini alohida qayd etib o‘tdi.

«Virusli kasalliklarni yengishning eng samarali usuli — emlash. Hozirgi kunda O‘zbekistonda tibbiyot xodimlarining 80 foizi, maktabgacha ta’lim tizimi xodimlarining 67 foizi, o‘rta ta’lim tizimi xodimlarining 63 foizi emlab bo‘lingani natijasida ular orasida kasallanish holatlari kamaydi. Nafaqat ular orasida, balki ular bilan muloqotda bo‘ladiganlar orasida ham kasallanish darajasini samarali darajada kamaytirishga erishdik», — deya qayd etib o‘tdi bosh boshqarma boshlig‘i.

Ma’lumot o‘rnida: 25 iyun kuni «Vaksinauz» kanali O‘zbekistonda xavf guruhiga kiruvchi aholining vaksinatsiya bilan qamrab olinganlik darajasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qilgandi. O‘shanda tibbiyot xodimlarining 96 foizi, umumta’lim maktabi o‘qituvchilarining 61,5 foizi va maktabgacha ta’lim tashkilotlari xodimlarining 67 foizi koronavirusga qarshi emlangani xabar qilingandi.

Kovid-markazlar nega ikki oy avval emas, endi ochilyapti?
Poytaxt SSBB boshlig‘ining qayd etishicha, bir oy avval Zangiotadagi ikkita yuqumli kasalliklar shifoxonalariga yotqizilayotgan bemorlarning 49 foizi Toshkent shahridan, qolgan 51 foizi Toshkent viloyati va boshqa hududlardan edi. Bugungi kunga kelib, «Toshkent shahrida kasallanish ko‘rsatkichlari muayyan darajada ko‘tarilishi natijasida», Zangiotadagi bemorlar orasida poytaxtlik bemorlar ulushi 67 foizgacha o‘sgan.

Ayni vaqtda, SSV statistikasiga ko‘ra, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida koronavirus infeksiyasining tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat so‘nggi uch oy (aprel—iyun) oylarida barqarorlashgan. Jumladan, poytaxtda aprelda 5072 ta holatda koronavirus aniqlangan bo‘lsa, may oyida bundan 412 taga kam, iyun oyida esa 1104 taga kamroq holat qayd etilgan. Toshkentda ko‘rsatkichlar barqaror (yuqori) bo‘lgani bilan, boshqa hududlarda kasallanish ko‘rsatkichlari oshgan.

Shu munosabat bilan iyul oyidan boshlab Toshkentda maxsus taqsimot markazlari (vaqtinchalik kovid-markazlar) faoliyati qaytadan tashkil etila boshlandi — ularning asosiy qismi 2020 yil oxirida, koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat sokinlashgani sabab, konservatsiya qilingan edi. Anvar Alimovning qayd etishicha, uch oy avval Respublika maxsus komissiyasi ushbu markazlarning muayyan qismini qayta tayyorlash vazifasini qo‘ygan.

«Saralash va diagnostika markazlari COVID-19’ga qarshi kurashda juda samarali ekanini ko‘rsatgan edi. Uch oy avvalgi topshiriq asosida O‘zbekiston bo‘yicha 17 ming zaxira o‘rin shakllantirilgan. Iyun oyi boshida ushbu zaxira o‘rinlarining 20 foizidan foydalanib kelinayotgan edi», — dedi Alimov. Ayni vaqtda, SSBB boshlig‘i nima uchun poytaxtda bunday markazlar avvalroq, masalan, may oyida yoki iyun boshida ochilmaganiga izoh berdi.

«Zangiotadagi shifoxonalarimizning may—iyun oylaridagi yuklamasiga e’tibor bersak, 4 ming o‘rinli majmuada 1600—1800 nafar atrofida bemor yotgan. Tayyor shifoxona bo‘la turib, bu yerda vaqtinchalik kovid-markazni ochsak, 700—800 bemorga mo‘ljallangan markazda 50—60 kishi yotsa, yuklama 50 foizdan kam bo‘lsa, bunday muassasa faoliyati qoniqarsiz bo‘lib qoladi. Biz kovid-markazlarni ochishdan avval barcha epidemiologik holatlarni kuzatdik, shifoxonalarga yuklamalar osha boshlagach, markazlarni qaytadan ochishni boshladik», — dedi u.

Ma’lumot o‘rnida: Toshkent shahar SSBB boshlig‘i Anvar Alimovning «Daryo» muxbiri bilan suhbati 2 iyul kuni bo‘lib o‘tgan, unda mutaxassis «bugungi kunda Zangiotadagi shifoxonalarda 300 ta bo‘sh o‘rin bor»ligini ta’kidlagan edi. 3 iyul kuni Zangiotadagi shifoxonalarda bo‘sh o‘rinlar qolmagani ma’lum bo‘ldi.

Anvar Alimovning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda kovid-kasalxonalarda davolash ishlari o‘rtacha 13 kundan 10 kungacha qisqargan, sog‘aygan bemorlarni reabilitatsiyadan o‘tkazish uchun Toshkentdagi 100 o‘rinli 5 ta ko‘p tarmoqli klinikada maxsus bo‘limlar ochilgan. Bundan tashqari, poytaxt tez tibbiy yordam tizimida ekspress-test o‘tkazish tartibi yo‘lga qo‘yilgan.

«Ya’ni, chaqiruvga chaqirilgan tez yordam brigadasi, agar bemorda COVID-19’ga yaqin klinik simptomlar kuzatilayotgan bo‘lsa, uning burnidan surtma olib, ekspress ko‘rik o‘tkazadi — natijasi 5-6 daqiqada chiqadigan bunday testlar 87 foizdan 92 foizgacha to‘g‘ri, xatolik jihati juda kam. Bu ham kasallikni erta aniqlashning bir usuli», — deydi Anvar Alimov. Mutaxassisning tushuntirishicha, agar natija musbat bo‘lsa, tez tibbiy yordam brigadasi oilaviy poliklinikaga axborot beradi. Shundan so‘ng Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi markazi (SЕS)dan kelib, bemordan qo‘shimcha PZR-test oladi.

Alimovning qo‘shimcha qilishicha, Toshkentdagi 150 o‘rinli 3-sonli tug‘ruqxonada koronavirusga chalingan homilador ayollarni davolash uchun ixtisoslashgan klinika ochilgan — hozirda ushbu klinika 60 foiz yuklama bilan ishlamoqda. «Homilador ayollarda kasallik o‘ta og‘ir kechishi, ularga vaksina va virusga qarshi birorta dorini qo‘llab bo‘lmasligi sababli, ularning to‘liq shifokor nazoratida bo‘lishini ta’minlash maqsadida 3-sonli tug‘ruqxona majmuasini shunga yo‘naltirdik», — dedi poytaxtning bosh shifokori.

Toshkent shahar SSBB boshlig‘i bergan ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda Toshkent shahrining o‘zida 34 ta xususiy, 9 ta tumanlararo va 4 ta respublika muassasalarida PZR-testlarni topshirish uchun sharoitlar tashkil etilgan, poytaxtda kuniga «o‘rtacha 6—7 ming nafar kontaktda bo‘lgan odamlardan PZR-testlari olinyapti». Mutaxassisning qayd etishicha, «o‘tgan yili xuddi shu davrda PZR-testlarni o‘tkazish imkoniyatimiz bugungiga nisbatan 10 barobar kam edi».

Koronavirus 20:00 gacha yuqmaydimi?
O‘zbekistonda 28 iyundan karantin cheklovlari kuchaytirilishi e’lon qilindi. Joriy etilgan cheklovlardan biri restoran, umumiy ovqatlanish ob’ektlari va choyxonalar bilan bog‘liq bo‘lib, ularning faqat 08:00 dan 20:00 gacha ishlashiga ruxsat berildi (faqat Qashqadaryoda ular 22:00 gacha ishlashi mumkin). Ayni vaqtda, ruxsat etilgan vaqtda ushbu muassasalarning 50 foiz joyi bo‘sh turishi shart.

Amalda yangi karantin cheklovlarining faqat shu qismi ishladi — ijtimoiy tarmoqlarda Quvadagi kabobxona xodimi 20:00 dan keyin ham kabob pishirgani uchun muassasa egasiga 12 million so‘m jarima yozilayotgani aks etgan videoyozuvlar tarqaldi (shu bilan birga, shu kunlarda Toshkentda mehmon bo‘lgan Rossiyaning Comedy Club loyihasi artistlari Toshkentdagi yapon taomlari restoranlaridan birida, katta ehtimol bilan, 20:00 dan keyin tushgan suratlari ham tarqaldi — ushbu restoranga nisbatan biror chora ko‘rilgani haqida ma’lumot yo‘q).

Ushbu cheklov, tabiiyki, restoran va boshqa turdagi yemakxonalar egalarining haqli noroziliklariga sabab bo‘lmoqda. «Bu cheklovlar stollarni osongina masofa saqlagan holda joylashtirish mumkin bo‘lgan restoranlarga taalluqli, ammo hech qanday masofa saqlanmaydigan jamoat transporti, bozorlar va boshqalarga taalluqli emas. Ya’ni, virus mutatsiyaga uchrab, 23:00 dan keyin emas, aynan 20:00 dan keyin xavfli bo‘lib qolishini tushunib yetdik. Bu virus transportda xavfli emasligi va kechki soat 20:00 gacha muloyim uxlashi qayerdandir ma’lum bo‘libdi», — deydi restorator Sanjar Maqsudov.

Toshkent shahar SSBB boshlig‘i Anvar Alimov «Daryo» muxbiri Musulmonbek Ibrohimov bilan suhbatda bu qaror «odamlarning faol mehnat faoliyatini saqlagan holda, mehnatdan tashqari vaqtida kontaktini kamaytirish maqsadida» qabul qilingan va, uning fikricha, «epidemiologik jihatdan juda to‘g‘ri» qaror. Alimovning ta’kidlashicha, bu qaror bilan «odamlarning 20:00 dan keyin keraksiz kontaktda bo‘lishining oldi olinmoqda».

«Bir narsaga ahamiyat berish kerak. Bizda asosiy ish jarayoni soat 08:00 dan soat 17:00—18:00 gacha davom etadi — bu borada tegishli mexanizmlar joriy qilingan, kun davomida barcha (ish) joylarda karantin qoidalariga amal qilinishi kerak. Eng faol kontakt qachon bo‘ladi? Odamlar har xil tashkilot, har xil mahalla va xonadondan chiqib, kafe yoki parklarda yig‘iladi. Ish joyingiz yoki oilangizda kimningdir isitmasi chiqsa, bundan darrov xabar topasiz. Ammo restoran, parklarga kirayotganlarni hech kim nazorat qilmaydi», — deydi u.

Anvar Alimovning qayd etishicha, koronavirusni bemor kishidan yuqtirganlarning «eng ko‘p qismi kechqurun kafelardagi o‘tirishlar, diskotekalarda», kontaktda bo‘lish orqali yuqtirgani aniqlangan. «Biz buni o‘rgandik. Ular karantin talablariga amal qilmagan — masofa saqlamagan, niqob taqmagan va hokazo», — deya qo‘shimcha qildi Toshkent shahar SSBB boshlig‘i.

Shuningdek, Anvar Alimov so‘nggi haftalarda butun O‘zbekiston bo‘ylab, xususan, Toshkent shahrida o‘tkazilgan ko‘plab tanlovlar koronavirus infeksiyasining tarqalishiga salbiy ta’sir ko‘rsatganiga doir gap-so‘zlarga ham munosabat bildirdi. «Men epidemiologiyaning qonuniyatlarini shifokor sifatida bilaman, ammo epidemiolog emasman. O‘tkazilayotgan tadbirlarning muayyan qismida qatnashuvchilar oldindan tekshiruvdan o‘tyapti va tadbirlar o‘tkazilayotgan joylarga koronavirus bilan kasallanganlar kiritilmayapti», — dedi u.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Biz koronavirusni juda behurmat qilib yubordik». Toshkentning bosh shifokori yangi cheklovlar va kovid-markazlarning qayta ochilishi haqida