Shavkat Mirziyoyev «Neftchi» akademiyasining imkoniyatlari bilan tanishdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fargʻona viloyatiga amalga oshirgan tashrifi doirasida hududda futbol infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan muhim obyektlarni koʻzdan kechirdi. Jumladan, u viloyat futbol assotsiatsiyasiga qarashli markaz hamda "Neftchi" bolalar futbol akademiyasida yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Maʼlumki, Fargʻona viloyati yurtimizdagi eng kuchli futbol maktablaridan biri sifatida eʼtirof etiladi. Bu zamin yillar davomida koʻplab iqtidorli futbolchilarni yetishtirib, milliy futbol rivojiga munosib hissa qoʻshib kelmoqda. Ayniqsa, 1962 yilda tashkil etilgan “Neftchi” klubi oʻz tarixida salmoqli yutuqlarga erishgan. Jamoa Oʻzbekiston Superligasida 6 karra chempionlikni qoʻlga kiritgan, mamlakat kubogini 2 marta va Superkubokni 1 bor yutib olgan.
Bundan tashqari, “Neftchi” 1994 yilda MDH kubogi finaligacha yetib borgan, 1994–1995 yilgi mavsumda esa Osiyo chempionlar ligasida bronza medallarini qoʻlga kiritib, xalqaro maydonda ham oʻz salohiyatini namoyon etgan.
Soʻnggi yillarda hududda futbolni yanada ommalashtirish, yosh isteʼdodlarni aniqlash va ularni professional darajada tayyorlashga katta eʼtibor qaratilmoqda. Ana shu maqsadda 2025 yilda “Neftchi” bolalar futbol akademiyasi tashkil etildi va qisqa vaqt ichida zamonaviy sport maskaniga aylandi.
Mazkur akademiya 4,5 gektardan ziyod hududni egallab, 150 nafardan ortiq yosh futbolchilarni qamrab olgan. Bu yerda 6 ta turli oʻlchamdagi futbol maydoni barpo etilgan boʻlib, mashgʻulotlar uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Shuningdek, zamonaviy tibbiy va reabilitatsiya uskunalari bilan jihozlangan fizioterapiya boʻlimi ham faoliyat koʻrsatmoqda.
Akademiya infratuzilmasida qiymati 1,1 million dollar boʻlgan sunʼiy qoplamali va havo gumbazi bilan yopilgan yopiq futbol maneji ham mavjud. Bu inshoot yosh sportchilarga yil davomida ob-havo sharoitidan qatʼi nazar muntazam mashgʻulot olib borish imkonini beradi.
Mashgʻulot jarayonlari xalqaro talablar asosida tashkil etilmoqda. Bu borada UEFA instruktorlari hamda xorijiy mutaxassislar jalb qilingani taʼkidlandi. Bu esa yosh futbolchilarning malakasini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Tashrif davomida davlat rahbari akademiyadagi sharoitlarni koʻzdan kechirib, yosh futbolchilar bilan samimiy muloqot qildi va ularning mashgʻulotlarini kuzatdi. U yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni yuqori baholab, bu kabi tashabbuslar kelajakda oʻz samarasini berishini taʼkidladi.
Qisqasi, Fargʻonada futbol infratuzilmasi izchil rivojlanmoqda. Yaratilayotgan shart-sharoitlar esa kelajakda yangi yulduzlarni kashf etishga xizmat qilishi shubhasiz.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!