Arman Sarukyan Nina Drama bilan munosabati haqida ochiq gapirdi

MMA olamida soʻnggi paytlarda muhokamalar markaziga aylangan mavzulardan biri — Arman Sarukyan va Nina Drama oʻrtasidagi munosabatlar haqidagi gap-soʻzlar boʻldi. Ijtimoiy tarmoqlarda ularning birgalikdagi videolari va kontentlari tarqalganidan soʻng, koʻpchilik ular oʻrtasida yaqin aloqa bor, degan taxminlarni ilgari surgan edi.
Bu savollarga nihoyat oʻzi javob berdi. Tsarukyanning taʼkidlashicha, bu yerda hech qanday yashirin munosabat yoʻq.
"Nina va men — shunchaki yaqin doʻstlarmiz. Internetda koʻrayotganingiz — bu faqat kontent, xolos. Uning oʻz sevgilisi bor va u doim uning yonida boʻladi. Ular hatto birga ishlashadi", — dedi jangchi.
Bu bayonot koʻplab muxlislar uchun kutilgan “drama”ni bir zumda yopib qoʻydi. Ammo masala shu bilan tugamadi — Nina Dramaning oʻzi ham bu mavzuda aniq va keskin fikr bildirdi.
Uning soʻzlariga koʻra, odamlar baʼzan internetdagi kontentni notoʻgʻri tushunib, asossiz xulosalar chiqaradi:
"Rostdan ham odamlar men UFC jangchilari bilan yotishimga ishonishadimi? Hazilni tushunaman, lekin kim bunga jiddiy ishonayotganini bilgim keladi. Men — kontent yaratuvchiman. Men jangchilarni targʻib qilaman, ular bilan sketchlar suratga olaman, intervyular orqali ularning shaxsiyatini ochishga harakat qilaman. Bu — ish, va shu orqali hammamiz daromad topamiz", — dedi u.
Nina shuningdek, mashhur jangchilar — Shon Striklend, Merab Dvalishvili, Diyego Lopes, Aleks Pereyra va Arman Sarukyan bilan doʻstona munosabatda ekanini tasdiqladi. Biroq u bu aloqalar faqat professional va doʻstlik doirasida ekanini alohida taʼkidladi.
"Men ularni yolgʻiz uchrashish uchun chaqirmayman. Va yana bir muhim narsa — mening yigitim videograf emas, u mening ijodiy direktorim. Shuni eslab qoling", — deya qoʻshimcha qildi u.
Bu holat yana bir bor shuni koʻrsatdi: zamonaviy media va kontent dunyosida real hayot bilan ekrandagi obrazni ajratish har doim ham oson emas. Koʻrilgan video — bu har doim haqiqat emas, baʼzan u faqat yaxshi oʻylangan ssenariy boʻlishi mumkin.
Qisqacha aytganda, “drama” bor deb oʻylaganlar uchun bu safar hech qanday drama yoʻq — faqat professional hamkorlik va sof doʻstlik, xolos.