Sirdaryoda soliqchi pora bilan ushlandi, jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

Sirdaryo viloyatida korrupsiya bilan bogʻliq navbatdagi holat fosh etildi. Davlat xavfsizlik xizmati maʼlumotiga koʻra, soliq organining mansabdor xodimi pora olishda gumon qilinib, tezkor tadbir davomida qoʻlga olindi.
Maʼlumotlarga koʻra, Sirdaryo viloyati soliq boshqarmasining shoʼba boshligʻi zargarlik buyumlari savdosi bilan shugʻullanuvchi MCHJ faoliyatiga noqonuniy aralashgan. U tadbirkorlik subyekti goʻyoki 1 milliard soʻmdan ortiq savdo aylanmasini yashirib, majburiy toʻlovlardan qochgani haqida asossiz iddao bildirgan.
Shu orqali mansabdor shaxs ushbu MChJga nisbatan sunʼiy ravishda 145 million soʻm miqdorida jarima qoʻllanishi mumkinligini aytgan. Biroq u bu “masalani hal qilish” va kelgusida ham “qoʻllab-quvvatlash” evaziga korxona rahbaridan noqonuniy ravishda manfaat talab qilgan.
Maʼlum boʻlishicha, u oʻz xizmatidan foydalanib, 10 million soʻmlik tilla taqinchoqni pora sifatida olgan paytda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qoʻlga olingan. Tezkor tadbir doirasida barcha dalillar rasmiy tarzda qayd etilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan boʻlib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Mutasaddi idoralar ushbu ish boʻyicha barcha holatlarni atroflicha oʻrganmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmati fuqarolarga murojaat qilib, kundalik hayotda shunga oʻxshash qonunbuzilish holatlariga duch kelganda befarq boʻlmaslikka chaqirdi. Taʼkidlanishicha, bunday holatlar haqida 1520 qisqa raqami orqali tezkor xabar berish mumkin.
Qisqasi, korrupsiyaga qarshi kurash izchil davom etmoqda. Har qanday noqonuniy harakat jazosiz qolmasligi yana bir bor oʻz isbotini topmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!