Oʻzbekistonliklar Fransiyada qonuniy ishga joylashish imkoniyati kengaymoqda

Oʻzbekiston delegatsiyasining Fransiyaga amaliy tashrifi mamlakat fuqarolarini xorijda qonuniy va tizimli ravishda ish bilan taʼminlash borasida muhim qadamga aylandi. Migratsiya agentligi, Tashqi ishlar vazirligi hamda Oʻzbekistonning Fransiyadagi diplomatik vakolatxonasi vakillaridan iborat guruh bir qator yirik kelishuvlarga erishdi.
Jumladan, Fransiyaning qishloq xoʻjaligi sohasidagi yirik tuzilmalaridan biri — FNSEA bilan hamkorlik memorandumi imzolandi. Unga koʻra, oʻzbekistonliklar Fransiyadagi uzumzorlarda mavsumiy ishlarga jalb etiladi. Bu esa mehnat migratsiyasini rasmiylashtirish va xavfsiz mexanizmlar orqali amalga oshirishga xizmat qiladi.
Maʼlum qilinishicha, 2026 yil yozidan boshlab pilot dastur doirasida 50 nafar nomzod ilk bor Fransiyaga ishga yuboriladi. Bu tajriba kelgusida loyihani yanada kengaytirish uchun asos boʻlib xizmat qilishi kutilmoqda.
Shuningdek, kadrlar tanlash va ish bilan taʼminlashga ixtisoslashgan Sélect Recruiting Service bilan ham hamkorlik kelishuvi imzolandi. Ushbu tashkilot nomzodlarni saralash, tayyorlash va ishga joylashtirish jarayonlarini amalga oshiradi.
Yana bir muhim yoʻnalish sifatida CFA AC Paris bilan “taʼlim va amaliyot” formatidagi dastur ishga tushirildi. Endi oʻzbekistonlik yoshlar Fransiyada restoran sohasida oʻqish bilan birga ishlash imkoniyatiga ega boʻladi.
Kelishuvlarni amalga oshirish va huquqiy-tashkiliy masalalarni muvofiqlashtirish maqsadida Fransiyaning qator nufuzli idoralari bilan ham muzokaralar oʻtkazildi. Ular qatorida France Travail, CCI Île-de-France hamda AP-HP kabi tuzilmalar bor.
Mutaxassislar fikricha, ushbu kelishuvlar nafaqat mehnat migratsiyasini tartibga solish, balki oʻzbekistonliklar uchun Yevropa mehnat bozorida yangi imkoniyatlar eshigini ochib beradi. Eng muhimi, barcha jarayonlar qonuniy va shaffof tarzda amalga oshirilishi orqali fuqarolar manfaatlari himoya qilinadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!